UYQUDAN UYG’ONGANDA AYTILADIGAN ZIKRLAR

UYQUDAN UYGʻONGANDA AYTILADIGAN ZIKRLAR

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “يَعْقِدُ الشَّيْطَانُ عَلَى قَافِيَةِ رَأْسِ أَحَدِكُمْ إِذَا هُوَ نَامَ ثَلاَثَ عُقَدٍ يَضْرِبُ كُلَّ عُقْدَةٍ عَلَيْكَ لَيْلٌ طَوِيلٌ، فَارْقُدْ فَإِنِ اسْتَيْقَظَ فَذَكَرَ اللَّهَ، انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ تَوَضَّأَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ صَلَّى انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَأَصْبَحَ نَشِيطًا طَيِّبَ النَّفْسِ وَإِلَّا أَصْبَحَ خَبِيثَ النَّفْسِ كَسْلاَنَ” رواه البخاري ومسلم.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uxlayotgan vaqtingizda shayton boʻyningiz orqasiga uchta tugun tugib qoʻyadi. Har tugunni harakatga keltirib, “kecha hali uzun, yotaver”, deydi. Agar kishi uygʻonib, Allohni zikr qilsa, tugunlarning biri yechiladi. Agar tahorat qilsa, ikkinchisi yechiladi. Namoz oʻqisa, tugunlarning hammasi yechiladi va kishi vaqti chogʻ, faol va gʻayratli boʻlib, tong orttiradi. Ammo uyquda yotaversa, dili xira, dangasa boʻlib uygʻonadi”. (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Zamondosh ulamolardan Abdulkarim Xuzayr hafizahulloh Muvattoning sharhida bu hadisni shunday sharhlaydi: “Shaytondan murod Iblis yoki uning qoʻshinlaridan biri boʻlish ehtimoli bor. Alloh barchamizni shayton va uning yomonliklaridan hamda vasvasalaridan asrasin. Bu yerda xitob sahobalar va barcha ulardan keyin kelganlarga qilinmoqda. Lekin bu umumdan baʼzilar istisno qilinadi. Jumladan, paygʻambarlar va ushbu oyat oʻz ichiga olgan kishilar bu umumdan chiqib ketadi. Alloh aytadi: “Aniqki, Mening bandalarim ustida sen uchun hech qanday saltanat — hukmronlik yoʻqdir… (Hijr, 42)”.

Shuningdek, oyatal kursini oʻqigan kishi ham bu umumdan chiqib ketadi, chunki oyatal kursini oʻqigan kishiga shayton yaqin kela olmaydi. Yaqin kela olmasa, qanday qilib uning boʻyniga tugun tugib qoʻya oladi?! Shayton har bir tugunni mustahkam boʻlishi hamda bogʻlanganiga ishonchi komil boʻlishi uchun qoʻli bilan urib-urib qoʻyadi. Kishi kechasi uygʻonsa, xususan, sovuq yoki issiq kechalarda yoki tun qisqa boʻlsa, tun uzun boʻlmasa ham “Kecha hali uzun, yotaver, degan gapni qulogʻi bilan eshitgandek boʻladi. Buni koʻpchilik his qilsa kerak, albatta. Goʻyo uyquning eng mazali jihati uning qolgan qismida boʻladi, degandek boʻladi. Agar kishi shunga xilof qilib uygʻonsa, uning bitta tuguni yechiladi. Agar tahorat qilsa, ikkinchisi yechiladi. Namoz oʻqisa, tugunlarning hammasi yechiladi va Alloh toatga muvaffaq qilgani uchun kishi vaqti chogʻ va xursand hamda faol va gʻayratli boʻlib, tong orttiradi. Bu kechqurun oʻqiladigan namozdagi bir sir boʻlsa kerak. Hatto baʼzilar bu namoz baʼzi bedavo dardlarga ham davo boʻladi deyishadi. Ammo uyquda yotaversa, dili xira, dangasa boʻlib uygʻonadi». (“Sharhul Muvatto”, Abdulkarim al-Xuzayr 9/29). Baʼzi ulamolarning, bu namozdan murod bomdod namozidir, deganlarini aytib oʻtish ham foydadan xoli boʻlmasa kerak.

عَنْ حُذَيْفَةَ، قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا أَرَادَ أَنْ يَنَامَ قَالَ: “بِاسْمِكَ اللَّهُمَّ أَمُوتُ وَأَحْيَا” وَإِذَا اسْتَيْقَظَ مِنْ مَنَامِهِ قَالَ: “الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَحْيَانَا بَعْدَ مَا أَمَاتَنَا وَإِلَيْهِ النُّشُورُ” صحيح البخاري (8/ 71)

Huzayfa ibn Yamon raziyallohu anhu va Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam toʻshaklariga yotsalar, “Bismikallohumma amutu va ahya”, yaʼni, Yo Alloh, Sening isming bilan oʻlaman va Sening isming bilan tirilaman, deb aytardilar. Uygʻonganlarida: “Alhamdu lillahillaziy ahyana baʼda ma amatana va ilay-hin nushur”, deb aytar edilar. (Maʼnosi: Bizni oʻldirgandan keyin tiriltirgan Allohga hamd boʻlsin. Va biz Ungagina qaytamiz) (Buxoriy rivoyati).

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: فَإِذَا اسْتَيْقَظَ فَلْيَقُلْ: الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَافَانِي فِي جَسَدِي، وَرَدَّ عَلَيَّ رُوحِي وَأَذِنَ لِي بِذِكْرِهِ. رواه الترمذي.

Abu Hurayradan raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar sizlardan birontangiz uyqusidan uygʻonsa: «Alhamdu lillahillaziy ʻafaniy fiy jasadiy va radda ʻalayya ruhiy va azina liy bizikrihi”, deb aytsin». (Maʼnosi: «Jasadimni sogʻ-salomat qilgan, ruhimni menga qaytib bergan va Oʻzini zikr qilish uchun menga izn bergan Allohga hamd boʻlsin). (Termiziy rivoyati).

عن شَرِيق الْهَوْزَنِيُّ، قَالَ: دَخَلْتُ عَلَى عَائِشَةَ فَسَأَلْتُهَا: بِمَ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَفْتَتِحُ الصَّلَاةَ إِذَا قَامَ مِنَ اللَّيْلِ؟ قَالَتْ: كَانَ إِذَا هَبَّ مِنَ اللَّيْلِ كَبَّرَ اللهَ عَشْرًا، وَحَمِدَ اللهَ عَشْرًا وَقَالَ: “بِاسْمِ اللهِ وَبِحَمْدِهِ” عَشْرًا وَقَالَ: “سُبْحَانَ الْمَلِكِ الْقُدُّوسِ” عَشْرًا، وَاسْتَغْفَرَ عَشْرًا، وَهَلَّلَ اللهَ عَشْرًا، وَقَالَ: “اللهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ ضِيقِ الدُّنْيَا وَضِيقِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ” عَشْرًا، ثُمَّ يَسْتَفْتِحُ الصَّلَاةَ. السنن الكبرى للنسائي (9/ 322)

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kechasi uygʻonib qolsalar, oʻn marta takbir, oʻn marta hamd, oʻn marta «bismillahi va bihamdihi”, oʻn marta “Subhanal Malikil Quddus” deb, oʻn marta istigʻfor, oʻn marta “La ilaha illalloh” deb aytardilar. Soʻngra: “Allohumma inniy aʼuzu bika min ziyqid-dunya va ziyqi yavmil qiyamah”ni oʻn marta aytib, namozni boshlardilar. (Maʼnosi: Yo Alloh, Sendan dunyoning xastalik, qarzdorlik va zulmu sitam kabi qiyinchiliklaridan hamda qiyomat kunining dahshatlari va qiyinchiliklaridan panoh tilayman). (Abu Dovud rivoyati).

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *