TAHORAT QILGANDA O`QILADIGAN DUOLAR / ZIKR QALBLAR JILOSI

 

Tahoratni boshlashdan avval “Bismillahir rohmanir rohiym”, deb aytish mustahab. “Bismilloh” deyilsa ham kifoya qiladi. Tahoratning avvalida “Bismilloh”ni aytish unutib qoʻyilsa, eslagan vaqtda aytiladi.

Tahoratning bir necha odoblari boʻlib, shulardan biri tahorat qilib boʻlgandan keyin ushbu duolarni oʻqishdir: «Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan ʻabduhu va rosuluh. Allohummajʼalniy minat tavvabiyna vajʼalniy minal mutatohhiriyn.

عن عمر بن الخطاب رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: ما منكم من أحدٍ يتوضأ فيبلغ – أو فيسبغ الوضوء – ثم قال: أشهد أن لا إله إلا الله وحده لا شريك له، وأشهد أن محمداً عبده ورسوله؛ إلا فتحت له أبواب الجنة الثمانية يدخل من أيها شاء رواه مسلم.

وزاد الترمذي: اللهم اجعلني من التوابين واجعلني من المتطهرين.

Umar ibni Xattob raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Paygʻambar sallallohu alayhi va sallam: “Qaysi birlaringiz tahoratni komil qilib, soʻng: Ashhadu anla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah, va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuvluh-desa, unga jannatning sakkizta eshigi ochilib, ulardan xohlaganidan kiradi”, dedilar. (Muslim rivoyati).

Imom Termiziy ushbu duodan soʻng: “…allohummajʼalniy minattavvabiyna vajʼalniy minal mutatohhiriyn..”, degan duoni ziyoda qilib, rivoyat qilganlar.

Sharh: Alloh taʼoloning bizga bergan neʼmatlari, qilgan ehsonlarini sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Buning uchun unga beadad hamdu sanolar boʻlsin. Islom ummati barcha ummatlarning eng oxirgisi hamda ularning umri oʻtgan ummatlarnikidan qisqa boʻlishiga qaramasdan Alloh ularga shunday koʻp fazlu ehsonlar qilgan. Ulardan biri ozgina qilgan amallari uchun ulkan ajru savoblar berilishidir. Ushbu hadisda ham oʻshanday amallardan biri zikr qilinmoqda. Hadisda aytilishicha, musulmon kishining qilgan yengilgina amalini olqishlab, jannatning sakkiz eshigi ochiladi, lekin u koʻproq qilib tanilgan amal eshigidan kiradi. Chunki jannat eshiklari sanoqli boʻlib, ular muayyan amal egalari uchundir.

Hadisdagi duolarning maʼnosi quyidagicha: “Yolgʻiz va sheriksiz Allohdan oʻzga haq iloh yoʻqligiga va Muhammad sallallohu alayhi va sallam uning bandasi va elchisi ekaniga guvohlik beraman. Parvardigoro, meni koʻp tavba qilguvchi va pokiza bandalaringdan qilgin”.

Aziz birodarlar! Shunday ekan, bu kabi amallarni qilayotgan vaqtda unga berilajak ajru-savoblarni koʻz oʻngimizga keltirib, bizga ato etgan neʼmatlariga shukr qilib, ularni mukammal ado etishga harakat qilaylik. Alloh taʼolo barchamizni oʻzi sevgan, muvaffaq bandalaridan qilishini soʻraymiz!

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *