YAXSHI XULQ VA YOMON XULQ

 

Bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan amallarning eng afzali
husni xulqdir.
Alloh taolodan uzoqlashtiradigan amalarning biri badxulqlikdir.
Xulqi go‘zal kishi bilan xulqi yomon kishi teng bo‘ladimi?! Albatta,
yo‘q!

Insoniyat ichida xulqi eng go‘zal inson Muhammad sollallohu alyhi
vasallamdirlar.
Alloh azza va jalla u zot haqida marhamat qilib shunday deydi:

“Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam 5).

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh
sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Sizlardan eng yaxshi
ko‘rganim va qiyomat kuni menga eng yaqin o‘tiradiganingiz
go‘zal axloqli bo‘lganingizdir. Sizlardan eng yomon ko‘rganim va
Qiyomatda mendan eng uzoqda qoladiganingiz esa ezma-
vaysaqilar, og’iz ko‘pirtirib gapiruvchilar va “mutafayhiqlardir”.
– Sahobalar: “Yo Rasululloh, ezma-vaysaqilar va og’iz ko‘pirtirib
gapiruvchilarni bilamiz, (lekin) mutafayhiqlar kimlar?” – deb
so‘rashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Mutakkibbirlar”, dedilar. (Termiziy rivoyati).
“Menga eng mahbubingiz va qiyomat kunida majlisi eng yaqini
bo‘lganingiz axloqi go‘zal bo‘ganingizdir”, dedilar.
Ya’ni kim jannatdagi o‘rni Rasulullohga yaqin bo‘lishini istasa,
xulqini sayqallasin, xulqini chiroyli qilsin.
Badxulq, sergap, vaysaqi, mutakabbir, va balanddimog’ kishilar-chi?..
Ular qiyomat kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan uzoq
bo‘ladigan kishilardir.

Yana bir hadisda: “Banda agar ibodatlari sust bo‘lsa ham chiroyli
xulqi bilan oxiratda baland darajalarga, sharafli manzillarga
erishadi. Lekin seribodat (obid) bo‘lsa-yu, xulqi yomon bo‘lsa,
jahannamning tubiga tushida”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alyhi vasallmga ko‘p ro‘za tutib, ko‘p nafl
namozlar o‘qiydigan shu bilan birga tili bilan qo‘shnilariga ozor
beradigan ayol haqida so‘rashganida: “U do‘zax ahlidandir..” – deb
javob berdilar.

Bu bir yoki bir necha kishiga tili bilan aziyat beradigan ayolning
hukmi. Endi tili chayonning nishidek bo‘lib, yuzlab, balki minglab
kishilarga ozor beradigan kishi haqida nima deyish mumkin?!
Qanday deysizmi? Ijtimoiy tarmoqlarga qarang: facebook, instagram,
tvitter, yutube… va boshqa tarmoqlar orqali haqorat, tuhmat, g’iybat,
chaqimhilik, behayolik, dilozorlik va axloqsizliklarni tarqatayotgan
kishilar haqida nima deyish mumkin?!
Endi ham ayting, husni xulq sohibi bilan yomon xulq sohibi teng
bo‘ladimi?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min odam boshqalarga
ulfat bo‘ladi va boshqalar ham unga do‘st-ulfat bo‘ladim, do‘st
bo‘lmagan va do‘st tutmagan kishida yaxshilik yo‘q”, deganlar.
Mo‘min banda qayerda yursa va qayerda o‘tirsa, odamlar bilan
xushmuomala, kirishuvchan bo‘ladi. Go‘zal xulqi bilan odmlarni
o‘ziga tortadi.

Yana bir hadisda: “Alloh taolo har qanday mutakabbir, gap-so‘zida
qo‘pol, bozorlarda baqir-chaqir qilib yuradigan, kechalari o‘likdek
yotib, kunduzlarni eshakdek o‘tkazadigan, dunyo borasida olim, oxirat
borasida esa johil (ilmsiz) bo‘lgan kishini yomon ko‘radi..” deyiladi.
Qarang, insonda xushmuomalalik bo‘lmasa, tunlarini namozsiz,
zikrsiz, o‘likdek o‘tkazsa, Alloh taolo uni yomon ko‘radi.
Shu odam go‘zal xulqli kishi bilan teng bo‘la oladimi?! Aslo!

Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va
sallamga o‘n yil xizmat qildim, u zot menga hech qachon “uf”
demadilar, “Nima uchun buni qilding?” yoki: “Nima uchun buni
qilmading?” deb tanbeh bermadilar” (Termiziy rivoyati).
“Allohga qasamki, Rasulullohning qo‘llaridan yumshoqroq ipakni va
na debojni (to‘n) ushlamaganman” – deb eslardilar.
Naqadar go‘zal edi u zotning xulqlari!
Ko‘chalardagi yosh, ko‘rkam yigitlarning urush janjallari, bir-birlarini
haqoratlashi, so‘kishi hatto urishlari.. bu muborak zotning yoki u
zotning as’hoblari xulqiga yaqinlasha oladimi?!
Gu’rur, nafsoniyat deysizmi? Unda, xazrati Umar hayotiga qarang. Bir
kuni u zotni bir kishi haqorat qildi. Hazrat Umarning jahli chiqdi.
Shunda o‘tirganlardan biri biror oyat o‘qigin, dedi. U: “Ular
yengillikda ham, ogʻirlikda ham nafaqa qiladiganlar, gʻazabini
yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik
qiluvchilarni yaxi koʻradi”, degan oyatni oʻqidi. Bu oyatni eshitib,
Umar roziyallohu anhu darhol g’azabdan tushdilar. Uni kechirib,
yaxshilik qildilar.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhu odamlar orasida o‘tirganlarida bir
kishi kelib, u kishini haqoratlab, so‘kib ketdi. Ali roziyallohu anhu
uning qo‘lidan tutib, chetga tortdilar. U esa “Nima ishing bor menda?
deganida u zot: “Bu yerda do‘stlarim o‘tiribti, agar hozir ular seni
eshitishsa, turib urishadi, bizdagi kamchiliklar sen aytganingdan ham
ko‘proq” deb, egnilaridagi ko‘ylakni unga hadya qildilar. U odam
bunday javobdan dong qotdi. Ali ibn Husayn roziyallohu anhu:
“Yana biror narsaga ehtiyojing bormi?” – dedilar, so‘kib haqoratlagan
kishiga. U bunday axloq qarshisida uyalib ketdi va: Guvolik
beramanki, sen Rasulullohning farzandlaridansan!”, dedi.
Haqiqatdan shunday, go‘zal xulq olamlarga rahmat, insoniyat sayyidi,
bashariyyat faxrining xulqidir.
Badxulq kishi bunday darajaga yetisha olarmidi?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sirka asalni buzganidek,
yomon xulq yaxshi amallarni buzadi”, – dedilar. Solih amllaringiz –
asal, yomon xulqingiz esa sirkadir. Har ikkisi aralshtirib, yeb ko‘rsak,
qanday bo‘lishini yaxshiroq his qilamiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bolganida qo‘rqib
ketdilar. Uyga kelib xavotir bilan: “Meni orab qo‘yinglar, meni o‘rab
qo‘yinglar!” dedilar. Xadicha onamiz esa, u zotga tasalli berish uchun
go‘zal xulqlarini eslatib, shunday dediar: ;Qarindosh-urug’lariga rahm
qiladigan, ojizu notavonlardan marhamatini ayamaydigan,
yo‘qsillarning holidan xabar oladigan, mazlumlarga yordam qo‘lini
cho‘zadigan, mehmonlarni ochiq chehra bilan kutadigan sizdek
odamni Alloh taolo hargiz yomon ahvolga solib qo‘ymaydi!”.
U zotning go‘zal xulqlari naqadar buyuk mavqe’ga ega ekanini
eslatib, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday
dedi.

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِّنَ اللَّهِ لِنتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ

“(Ey Muhammad) Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli
ularga (sahobalaringizga) yumshoq so‘zli bo‘ldingiz. Agar qo‘pol,
qattiq dil bulganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqalib ketgan
bo‘lar edilar” (Oli Imron, 159).

Alloh taolo sahobalar u zotning atroflarida jamlanib, din uchun
qanchalar fidoiy bo‘lib yetishishlarida Rasulullohning go‘zal
axloqlari, shirinso‘liklari va halimliklari asosiy omil bo‘lganini
eslatmoqda.

Salama ibn Diynor aytadilar: “Yomon xulq sohibidan eng katta zarar
ko‘radigan kishi avvalo uning o‘zi, so‘ng ahli oilasi, so‘ng farzandlari,
hatto unga yaqinlashgan hayvonlar ham ozor chekadi”.
Axloqsiz odam o‘zini oqlashga bir so‘z ayta oladi xolos: mening
asabim chatoq, mening jahlim tez.

Umar ibn Abdulaziz yer yuzining qariyb uchdan birini boshqarib
turgan peshvo, xalifa edilar. Bir kuni kechasi namoz o‘qigani
masjidga kirdilar. Chiroq yo‘q, qop-qorong’u. Shunda bir chetda

yotgan kishining oyog’ini beixtiyor bosib oldilar. Haligi odam bundan
g’zablanib, “axmoqmisan!”, deb baqirdi. Davlat rahbariga qarab
baqirdi… Umar ibn Abdulaziz hotirjam: “Yo‘q, ahmoq emasman”, deb
o‘tib ketdilar. Yonlaridagi kishi: “Sizni haqorat qildiku, nega
indamadingiz?!” – deyishdi. Umar ibn Abdulaziz esa: “Yo‘q, u meni
haqorat qilmadi. U mendan ahmoqmisan, deb so‘radi, men esa, yo‘q,
deb javob qaytardim, muammo yo‘q”, deb javob bergan ekanlar.
G’azabga g’azab bilan, johilga johillik bilan javob berish to‘g’ri
bo‘ladimi? Yoq, albatta!
Tasavvur qiling-a, hamma insonlar mana bu qoidaga muvofiq hayot
kechirsa: “Mo‘min soddadil, oliyjanob bo‘ladi. Fojir esa, yolg’onchi,
pastkash bo‘ladi”.

Har qancha chiroyli gaplarni gapirsangiz ham, har qancha o‘zingizni
maqtasangiz ham, istaganingizcha o‘zingizga oro bersangiz ham,
shuni unutmangki, sizning aslingizni ko‘rsatadigan narsangiz
axloqingizdir.

Azizlar, go‘zal xulqli bo‘laylik. Chunki husni xulq bilan yomon xulq
aslo teng bo‘lmaydi!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Ikrom SHARIF

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *