Fotih Sulton Muhammad davrida mamlakatda adolat hukmron edi. Boy va kambag‘al, shoh va qul bir xil haqlarga ega bo‘lib, qonun oldida barcha barobar edi. Ayniqsa, g‘ayrimuslimlarning haqlariga yanada qattiqroq rioya qilinardi. Ularning bu adolatiga guvoh bo‘lgan nasroniylar kardinal shapkasidan Usmonlilarning chorig‘ini afzal ko‘rar edilar. Hatto bir qanchasi musulmon ham bo‘lgan edi.

Bir davlatning marhamat bilan yuksalib, zulm bilan yiqilishini barchadan teranroq his qilgan va ko‘ra olgan Fotihning har bir nafasida, har bir ishida buning alomatlarini sezish mumkin.

“Bir kunlik adolat qirq yillik ibodatdan afzaldir” degan naqlni o‘ziga lozim tutgan Sulton II Murod o’z o‘g‘li Fotihga quyidagilarni davomiy uqtirardi: “Podshohlar qo‘lida tarozi tutgan kishiga o‘xshaydi. Sen podshoh bo‘lganingda tarozini to‘gri ushlashingni xohlayman. Ana o‘shanda Alloh taolo sening yaxshiligingni ro‘yobga chiqaradi”. Otasining nasihatlariga rioya etgan, adolatni asosiy mezon qilib olgan jahongir davrida g‘ayridinlarga keng erkinlik berilishi uning har doim Yaratuvchining amrlariga tobe’ bo‘lganini ko‘rsatadi. Quyidagi misollarda buni yanada yaqqolroq ko‘rish mumkin.

Fathdan keyin podshohning odamlari shahar bo‘ylab aylanib yurarkan, quloqlariga qamoqxonadan kelayotgan ovozlar chalinadi. Borib qarasalar, qamoqqa tashlangan uch nasroniy rohib ekan. Nima uchun qamalgani sababini so‘rashsa: “Ey Imperator, Konsnantinopol davlati adolatsizlik sababli ortda qoldi, buni yodingda tut!”, degan edik, bizni hibsga otishdi, deya javob berishadi.  Bu voqea Fotih Sultonning ham qulog‘iga yetib boradi va nasroniy rohiblarni huzuriga keltirishga amr qiladi. Ularga butun o‘lkani aylanib kezib chiqishni, biror adolatsizlikka guvoh bo‘lsalar, darhol xabar berishlarini tayinlaydi.

Nasroniy rohiblar chiqib, insonlar eng ko‘p yashaydigan joylarga boradilar, har toifadan bo‘lgan odamlar bilan suhbat quradilar, ammo hech qayerda nohaqlik, adolatsizlikka duch kelmaydilar. Aksincha, bir bozorga kirganlarida azon aytilib qoladi. Bozorda kim bo’lsa, barchasi do‘konlarini yopmasdan masjidga shoshiladi. Ular mol va pul dardidan uzoq bo‘lib, xushu’ bilan namozlarini ado qiladi. Nasroniy rohiblar bularni ko‘rib, hayratga tushdilar. Bir qancha shaharlarda bo‘lib, nihoyat yo‘llari Iznik tomonga tushadi.

***

Bu shaharda tasodifan bir mahkamaga duch keladilar. Bir odam o‘ziga yer sotgan kishiga qarshi da’vogar edi. Qoziga:

— Hurmatli qozi, men bu dindosh birodarimning yerini kelishilgan narxga sotib olgan edim. Bir necha yil ekin ekib, foydalandim. Ammo bu yil qo‘sh haydar ekanman, omochimning tishiga bir narsa taqalganday bo‘ldi. Omoch ostini qazib qarasam, bir xum oltin chiqdi. Xumni keltirib, yerning avvalgi egasiga bermoqchi bo‘ldim.

Rohiblar oltin to‘la ko‘zaning haqiqiy egasi kim bo‘lishiga doir mahkama jarayonini hayrat bilan kuzatishardi. Dalaning yangi egasi topib olgan oltinlarni eski sohibiga berishni xohlar, u esa qabul qilmasdi:

— Men dalani usti-osti ila barobar sotganman, — deya e’tiroz bildirardi u.

— Agar tuproqning tagida oltinlar borligini bilganida yerini menga sotmagan bo‘lar edi, — deydi yangi xo‘jayin.

Qozi dalaning eski sohibiga so‘z beradi:

— Hurmatli qozi, holat birodarim anglatgani kabidir. Biroq men yerni osti va usti bilan sotganman. Ekib, yig‘ishtirib olgan hosilida haqqim bo‘lmagani kabi, tuproqning tagidagi narsalarda ham haqqim qolmagan. Shuncha yil dalani haydadim, menga oltin chiqmadi. Demak, nasibam emas ekan, — deydi u.

Nasroniy rohiblar hayrat va qiziqish bilan tinglayotgan bu so‘zlar qozi uchun hech ham ajablanarli emasdi. Chunki islomga asosida yashagan jamiyatda bu kabi ishlar g‘ayrioddiy hodisa sifatida qabul qilinmasdi. Qozi ham bu ikki musulmon o‘rtasida hukm chiqarishda qiynalmadi. So‘rab-surishtirdi: birining soliha qizi, ikkinchisining bir solih o‘g‘li bor edi. Topilgan oltinlar ularga mahr va to‘y xarajati uchun sarflanib, nikoh o‘qiladigan bo‘ldi. Dalani sotgan ham, olgan ham hukmdan mamnun holda qozining haqqiga duo qilib, uylariga ravona bo‘ldi. Hayratdan nima qilishlarini bilmay qolgan rohiblar esa o‘z safarlarini davom ettirish uchun yo‘lga tushadi.[1]

***

Nasroniy rohiblar sayohatda davom etib, Bursaga yetib keladilar. Bu yerda ham ular bir mahkama jarayoniga guvoh bo‘ladi. Unda qozi da’vogarga so‘z beradi. Da’vogar esa masalani quyidagicha anglatadi:

— Bir haftacha oldin bu birodarimdam bir ot sotib oldim. Uni yaxshilab parvarishlaganimga qaramay, bir necha kundan keyin xastalandi. Otning avvaldan kasal bo‘lish ehtimoli borligi kabi sotib olganimdan keyin xastalangan bo‘lishi ham mumkin. Shunung uchun uni menga sotgan do‘stimga bir narsa deya olmadim. Holatni sizga arz qilib, oramizdagi masalani yechib berishingiz uchun huzuringizga kelgan edim, ammo sizni topa olmadim. Shahardan tashqarida ekansiz. Qaytganingizda esa ot o‘lgan edi. Hukmingizni talab qilaman.

Qozi uzoq o‘yladi: ot o‘lib, ular orasidagi da’vo bitgan edi. Ayb o‘zida. Otni sotganni ayblay olmasdi. Chunki oldi-berdi vaqti otning kasal ekani ma’lum emas edi. Ikkinchisi o‘z vaqtida qoziga murojaat qilgan. Muammo o‘zining shaharda, vazifa ustida bo‘lmaganida. U otning narxini surishtirib, to‘lovni da’vogarga o‘z yonidan berishga qaror qildi…

***

Rohiblarning so‘nggi manzili Konya shahri bo’ldi. Bu shaharda ular rimlik va konyalik ikki tujjor o‘rtasidagi mahkamaga guvoh bo‘ladilar. Konyalik tujjor undan gazmol sotib olgan, mollarning kemaga yuklanishini talab qilgan edi. Italiyalik tujjor uning iltimosiga ko‘ra mollarni kemaga yuklaydi, biroq falokat ro‘y  berib, kema Oqdengizga cho‘kib ketadi. Rimlik savdogar: “Men konyalik tujjorning talabini bajardim”, – deya pulini talab qilar, konyalik esa mollar qo‘liga yetib kelmagani uchun badalni to‘lashdan bosh tortardi.

Qozi har ikki tomonni tinchlaganidan so‘ng shunday qaror berdi: “Rimlik konyalik tijoratchining talabiga ko‘ra mollarni kemaga yuklagan ekan. Kemaning g’arq bo’lish-bo’lmasligi unung qo‘lida emasligini inobatga olib, konyalik molning badalini to‘lashi lozim”.

Rimlik tujjor bu adolatli qaror oldida esankirab qoladi:

— Bizning ham sizlarniki kabi tijorat qonunlarimiz bor. Lekin hech bir nasroniyni mahkum etmaydi. Sizning adolatingizga qoyilman, — deya shahodat kalimasini keltirib, islom dinini qabul qiladi.

Guvoh bo‘lgan voqealardan lol qolgan nasroniy rohiblar: “Onado’lini bunchalik aylanganimiz yetar”, — deya Istanbulga qaytadilar. Istanbulga kelar-kelmas shahar qozisi Hizir Bey huzurida Usmonlilar podshohi Fotih Sulton Muhammad bilan nasroniy me’mor Azatli Sinan orasida mahkama bo‘lib o‘tishini eshitadilar. Ular ham mahkamada hozir bo‘ladilar. Qudratli Usmoniylar davlatining buyuk podshohi Fotih Sulton ila me’mor qozi Hizir Beyning huzurida oyoqda tik turardi. Masala Fotih tarafidan Azatli Sinan qo‘lining kesilishi haqida edi.

Voqea bunday bo‘lgan edi: “Fotih Muhammad Misrdan keltirilgan marmar ustunlardan foydalanib, bir masjid barpo qilishni buyuradi. Jome’ masjidi qurilishida bosh me’mor Azatli Sinan minoralarning uchidan bir miqdorni kestiradi. Bu ish minora qubbalarning Ayasofya qubbalaridan baland bo‘lmasligi uchun qasddan qilgandek edi go‘yo. Voqeadan darg‘azab bo‘lgan Fotih me’morni huzuriga chaqiradi.

— Sultonim, Istanbulda zilzila ko‘p kuzatilishini hisobga olib, yanada mustahkam bo‘lishi uchun ustunlarning uchlarini biroz qisqa qildirdim, — deydi me’mor.

Ammo Fotih bu gapga e’tibor bermaydi va darhol uning qo‘llarini kesishga hukm qiladi. Me’mor esa unga qashi da’vo ochtiradi. Qo‘llari kesilgani uchun qasos olinishini talab qiladi. Fotihni ham tinglagan qozi Hizir Chelebiy sultonning nohaq ekanini aytib, ayni shaklda jazolanishiga hukm chiqardi. Sulton agar fidya to’lasa, me’mor ham buni qabul qilib, da’vosidan voz kechsa, mamkakat podshohining qo‘llari kesilmaydigan bo‘ladi.

Fotih fidya uchun yetarli bo‘lgan mablag‘ davlat xazinasidan berilishini buyurganida, qozi e’tiroz bildiradi:

— Davlat xazinasidan berolmaysiz. Chunki qabohatni siz ishladingiz. O‘z mablag‘ingizdan kunlik 10 aqchadan to‘laysiz.

Fotih kunlik 20 aqcha berishni qabul qiladi, Azatli Sinan esa qasos haqqidan voz kechadi.[2]  

Yuqoridagilarga guvoh bo‘lgan Vizantiya rohiblari Fotih Sulton Muhammadga o‘z hayratlarini yashirmay shunday deydilar:

— Agar davlatingiz shunday boshqarilsa, har doim yuksalasiz. Aksincha, shaxsiy manfaat ustun qo‘yilsa, orangizda o‘zaro fasod tarqalsa va begonalardan madad kutadiganlar ko‘paysa, Istanbul qo‘lingizdan ketadi.

P. S: O‘zga din vakillari eng uzoq Usmoniylar davrida musulmonlar qo‘l ostida yashadilar. Musulmonlar Vizantiya imperiyasini fath qilganidan boshlab butun dunyoga adolat namunasini ko‘rsatdilar. Bu esa qanchadan-qancha g‘ayridinlarning Islomni qabul qilishiga sabab bo‘ldi. Aynan shuning uchun ham bu davlat uzoq muddat hukm surgan bo‘lsa ajab emas.

Turkchadan Rahmatulloh Doniyor tarjimasi


[1] A. Suhayl Unvar “Fotih va uning adolati”, Tarjumon, 29-may 1986.

[2] Muamar Yilmaz, “Usmonlilarning ma’naviy me’morlari”. Istanbul, 2008, s. 125-126.  

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *