MUHAMMAD IBN JARIR TABARIY

Bismillahir Rohmanir Rohiym!

Tarixda oʻtgan ulamolar, donishmandlar, ulugʻ ajdodlarimizning bosib oʻtgan umr
yoʻllari, hayotlarida qabul qilgan muhim qarorlari haqidagi hikoyalarimizda davom
etamiz. Bugun “Toʻgʻri qaror” mavzusi ostida Islom olami uchun katta ilmiy
meros qoldirgan ulugʻ olim Muhammad ibn Jarir Tabariyning hayot yoʻllariga
razm solamiz.

Muhammad ibn Jarir Tabariy arab boʻlmagan musulmon olimlaridan biridir. U zot
hozirgi Eron mamlakati hududidagi Tabariston viloyatida hijriy 224 yilda tavallud
topgan. Alloh taolloning Tabariyga bergan ilmi, iqtidori bolaligidanoq namoyon
boʻladi. Otalari bor kuch va imkoniyatlarini farzandining ilm olishiga sarflaydi.
Bunga javoban Muhammad ibn Jarir Tabariy yetti yoshidayoq Qurʼoni Karimni
toʻla yod oladi. Toʻqqiz yoshlaridan boshlab oʻzi yod olgan hadislarni toʻplam
tarzida yoza boshladi. Oʻn ikki yoshida esa, otasining ijozati bilan ilm olish

maqsadida safarga joʻnaydi. Bu hijriy 236 yilga toʻgʻri keladi. Oʻsha paytda ilm
markazi boʻlgan Bagʻdodga borgan Muhammad ibn Jarir mashhur olim Ahmad ibn
Hanbal raziyallohu anhu bilan uchrashish orzusida boʻladi. Lekin bu paytda
Ahmad ibn Hanbal raziallohu anhu vafot etgan boʻlib, u kishi bilan uchrasha
olmaydi. Shundan soʻng uning ilm olish yoʻlidagi safarlari boshlanib ketdi. Bu
safar Xuroson, Iroq, Shom (hozirgi Suriya, Livan, Falastin, Iordaniya) va Misr
boʻylab davom etadi.

Muhammad ibn Jarir ilm oʻrganishda diniy va dunyoviy deya ajratmasdan har bir
ilmni mukammal oʻrgangan, serqirra olimlardan sanaladi. U fiqh, tibbiyot, hisob,
tarix, adabiyot, kimyo, matematika, falakiyot sohasidagi olgan bilimlarini
keyinchalik yozgan bir qator asarlarida ifoda etadi.
Yetti yil mobaynida yozilgan “Xalqlar va maliklar tarixi“ asarida Odam
alayhissalomdan oʻzi yashagan asrgacha boʻlgan tarixni isnodlari bilan keltiradi.
Oʻsha davrlarda odamlar sharʼiy bilimlarga koʻp eʼtibor qilar edilar. Tarix ilmi
bilan shugʻullangan insonlar nihoyatda kam edi. Bu asarning yozilishida ham bir
qancha qiyinchiliklar, qarshiliklar yuzaga keldi. Hatto imom Sahoviy Tabariyning
bu jurʼatini koʻrib, “Tarix ilmini yomonlaganlarning yomonliklari” kitobini
yozgan.

Imom Tabariyning bu kitoblari tarix faniga oid juda katta manba hisoblanadi.
Xususan davlatchilikka oid yozishmalar, maktublar, sulhga oid hujjatlar isnodlari
bilan keltirilgan.
Muhammad ibn Jarir Tabariy borgan joyida ilm ahlining nazariga tez tushar,
oʻzining dono fikrlari, bosiqligi hamda teran bilimi bilan olimlarning hurmatiga
sazovor boʻlar edi. Shuning uchun u hali yigit yoshida ekanidayoq imomlik uchun
ijozat oladi va “Tirik manba” degan unvon bilan tanila boshlaydi.
Kunlarning birida Imom Tabariydan aruz haqida soʻraydilar. Berilgan savolga
toʻliq javob bera olmagan Tabariy hazratlari bir kun ichida uxlamasdan Aruz ilmini
toʻla oʻrganib chiqadilar.

Qurʼon tafsiriga oid oʻttiz ming sahifalik “Tafsir at-Tabariy”ni yozganlar.
Muhammad ibn Jarir at-Tabariy hamda undan qolgan katta ilmiy meros haqida oʻz
davrining va undan keyingi mashhur olimlar muhim maʼlumotlar yozib
qoldirganlar. Hususan imom Abu Bakr al-Xatib oʻzining “Tarixi Bagʻdod”
kitobida shunday yozadi: “Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy shunday olim
ediki, soʻzlari hukm oʻrnida qabul qilinardi, uning raʼyiga murojaat qilishardi.

U oʻz asrida hech kim muvaffaq boʻlmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. Qurʼoni
karimni toʻla yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur oʻzlashtirgan, ularning
maʼnolarini teran oʻrgangan olim edi. U hadis ilmida ham benazir boʻlib,
sahobalar, tobeinlarning hayoti haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”.
Ilm oʻrganib, muayyan darajaga erishgan Muhammad ibn Jarir oʻz yurtiga qaytdi
va shu yerda to umrining oxirigacha odamlarga ilm ulashdi.
Imom Tabariy mana shunday yuksak eʼtiroflarga sabab boʻlgan “Tafsir”ini yetti yil
davomida shogirdlariga aytib turib yozdirgan. Al-Xatib al-Bagʻdodiy shunday
deydi: “Ali ibn Ubaydulloh Simsimiydan eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil
davomida har kuni qirq varaqdan kitob yozgan”.

Abu Ali Tumariyning hikoya qilishicha, u Ramazon oyida ustozi Abu Bakr ibn
Mujohidning yoʻliga fonus tutib, tarovehga kelar edi. Bir kuni ustoz Muhammad
ibn Jarirni masjidda Qurʼondan “Ar-Rohman” surasini oʻqiyotganini eshitib qolib
ancha vaqt tingladi va qiroat tugagandan soʻng oʻz masjidiga kech qolib bordi.
Shogirdiga kechikkaning sababini shunday izohladi: “Alloh taolo Qurʼonni bu
qadar chiroyli va taʼsirli oʻqiydigan odamni yaratib qoʻyganidan hayratlandim!”
Shogirdlarining aytishicha, Muhammad ibn Jarir Tabariy asr namoziga qadar oʻzi
kitob yozgan, keyin asrdan shomgacha shogirdlariga aytib turib yozdirgan,
shomdan xuftongacha ilm bergan va xuftonni ado etib uyiga kirgan.

U zot hijriy 310 yil shavvol oyida 86 yoshida vafot etgan.
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Islom tarixida muhim oʻrin tutgan
olimlardan biri boʻlib, uning ilmiy merosini oʻrganish ilm yoʻlidagi toliblar uchun
oʻta ahamiyatlidir.

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *