MUHAMMAD IBN ISMOIL AL-BUXORIY

Mehribon va rahmdil Robbimizga hamdu sanolar, bizga haq yoʻlini
koʻrsatgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga duolarimiz, salovatlarimiz
boʻlsin.

Yer kuraning qayerida boʻlmang, Imom Buxoriyning nomlarini tilga
olganingizda insonlar xuddi eng yaqin kishisining nomini bilgandek bilishadi,
tanishadi. Musulmonlari uchun juda qadrli boʻlgan Imom Buxoriyning nomlari
dunyoning hamma masjidlarida, kitoblarida, suhbatlarida albatta tilga olinadi.

Imom Buxoriy (asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy) hijriy
hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da Buxoro shahrida
tavallud topgan. Boshqa koʻpgina olimlardan farqli oʻlaroq, Buxoriy tugʻilgan sana
aniq koʻrsatilishiga sabab shuki, uning otasi Ismoil oʻz davrining ilmli odamlaridan
boʻlib, oʻgʻlining tugʻilgan kunini oʻz qoʻli bilan yozib ketgan qogʻoz zamondosh
olimlar ixtiyoriga yetgan va shu xususda ham uning aniqligiga hech shubha yoʻq.

Otasi Ismoil oʻz davrining yetuk muhaddislaridan, Molik ibn Anasning
shogirdi va yaqinlaridan biri boʻlib, tijorat ishlari bilan shugʻullangan.

Onasi taqvodor, diyonatli, oqila ayol edi. Otasi vafot etgach, uning tarbiyasi volidasi zimmasiga tushgan. U 5–6 yoshidan islomiy ilmlarni, Muhammad sallohu alayhi vasallamning hadislarini oʻrganishga va yodlashga kirishadi.

Taniqli muhaddislar — Doxiliy, Muhammad ibn Salom Poykandiy,
Muhammad ibn Yusuf Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy va
boshqalardan saboq olgan. Muhaddislar safarga chiqishdan oldin oʻz yurtidagi roviylardan birorta ham hadis qoldirmasdan yozib olgan boʻlishi va shundan keyingina boshqa shahar yoki mamlakatga safarga otlanishi mumkin edi. Buxoriy 16 yoshga yetguncha oʻz yurtidagi mashoyixlardan hadis eshitib, yozib olib, xalifalikning turli viloyatlari tomon yoʻl oladi.

825 yili Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Makkaga kelib, haj ibodatini ado etadi. Onasi va akasini Buxoroga qaytarib, oʻzi Makkada qoladi. Bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan mashoyixlarning ilmiy yigʻinida qatnashadi. 827 yili Madinaga boradi. Madinadagi mashhur ulamolardan Ibrohim ibn Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza va boshqalar bilan muloqotda boʻlib, ulardan hadislar boʻyicha saboq oladi. Bu vaqtda Rasulullohning sahobalari, sahobalarning izdoshlari turli mamlakatga tarqab ketgan edilar. Shunday sharoitda Rasululloh sallohu alayhi vasallamning hadislarini toʻplash turli shahar va mamlakatlarga
borishni taqozo qilar edi.

Bir necha tarixchilarning taʼkidlashicha, Buxoriyning Hijoz, Makka, Madina, Toif, Jiddaga qilgan rihlati 6 yil davom etgan. Soʻng Basra, Kufa va Bagʻdodga safar qiladi. Shom va Misrga oʻtadi. Bundan tashqari Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarda boʻlib, bu shaharlardagi olimlardan saboq oldi va hadislar toʻpladi.

Mashhur olimlarning Imom Buxoriy haqlarida aytgan juda koʻp taʼrif va
maqtovlari mavjud. Jumladan, Imom Muslim rahimahulloh shunday deydilar:
“Guvohlik berib aytamanki, yer yuzida sizga oʻxshagani yoʻq”.

“Imomlarning imomi” deya nom qozongan yana bir shogirdlari Ibn Xuzayma
“Osmon qobigʻi ostida Rasululloh sallohu alayhi vasallamning hadislari borasida sizdan koʻra ilmlirogʻi yoʻq” deya taʼkidlaydilar.

Ibn Hajar rahimahulloh esa: “Imom Buxoriyning ilmlarining kengligi
qirgʻoqsiz dengiz misoli kengdir” deganlar.

Imom Buxoriyning ustozlari Imom Ahmad rahimahulloh shunday deydilar
“Xuroson taraflardan bu kishiga o‘xshagani chiqmagan” .

Buxoriy hazratlarining ilmiy safarlari, hayot yoʻllari haqida batafsil toʻxtalish uchun katta-katta kitoblar yozish mumkin bo‘ladi. Biz bugun u zotning hayotlarida qabul qilgan “toʻgʻri qaror”iga toʻxtalib oʻtishni niyat qildik. Buxoriyning “Jomi’- us-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) deb nomlangan 4 jilddan iborat hadislar toʻplami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammali boʻlib, aynan mana shu qarorga kelishlarining oʻziyoq u kishining umrlari davomida bergan eng toʻgʻri qarorlari edi.

Imom Buxoriyning xotiralari juda kuchli edi. Dars tinglash jarayonida boshqa
talabalar ustozlari tomonidan aytilgan soʻzlarni yozib olsalar, u kishi xotiralarida saqlab qolar edilar. Buni sezgan safdoshlari uning ustidan kulganday boʻlib “Siz yozmaysizmi?” deya soʻraydilar. Shunda Imom Buxoriy sinfdoshlarining haftalar, oylar davomida yozib olgan darslarini bir boshdan yoddan aytib bergan va ularni lol qoldirgan ekanlar.

Shu yoʻsinda Imom Buxoriy hazratlarini Bagʻdodga kelayotganlaridan xabar olgan boshqa talabalar ham u kishini imtihon qilib koʻrishni niyat qildilar. Chunki Imom Buxoriy haqlarida “aql bovar qilmaydigan darajada gap-soʻzlar” tarqalgan edi.

Imom Buxoriy Bagʻdodga kelib, hadis aytib oʻtirgan majlislarning birida bir
necha kishi oʻnlab hadislarni ataylab buzib, roviylari va sanadlarini almashtirib, baʼzi joylarida umuman hayotda boʻlmagan roviylarning nomlarini kiritgan holatda aytishar va aynan shu hadis haqida soʻrashar edi.

Avvaldan sinamoq uchun tayyorlangan bu kishilarning oʻzlari ham bergan
savollarida keltirilgan kishi ismlarining (roviylarning) nomlarini aniq va adashib ketmasdan keltirib berish mumkinligiga ishonmas edilar. Shunda Imom Buxoriy rahimahulloh hamma savollarni oxirigacha eshitib, birinchi savol bergan kishiga qarab, “sizning birinchi aytgan hadisingizda mana bunday xato aytdingiz, toʻgʻrisi esa mana bunday edi, ikkinchisi mana bunday, uchinchisi esa bunday” deya bir boshidan bergan hamma savoliga javob berdilar.

Shu tariqa majlisda berilgan yuzdan ortiq savollarga tartib bilan, har bir
savolning xato aytilgan holati va toʻgʻrisi qanday boʻlishini aytib bergan ekanlar.

Imom Buxoriy minglarcha guvohlarning ichida bu ogʻir imtihondan
muvofaqiyat bilan oʻtdilar. Alloh taoloning inʼom qilgan oʻtkir zehnini koʻrsatib bergan, bu imtihon nafaqat bagʻdodliklarni, balki butun islom olamidagi jami ilm ahlining Imom Buxoriy hazratlariga boʻysundirish uchun yetarli bir sinov boʻlgan edi.

Imom Buxoriy ustozlari Isʼhoq ibn Rohovya hazratlarining oldida uzoq vaqt
hadis eshitdilar, dars oldilar. Isʼhoq ibn Rohovya dars berish jarayonida minglab hadislarni keltirar, soʻzlarining orasida esa “Mana shu hadislarning orasidagi sahih boʻlganlarini ajratish kerak” degan takliflarini Imom Buxoriy bir necha marotaba eshitgan ekanlar. Imom Buxoriy taklifni birinchi marotaba eshitganlaridayoq bu vazifani bajarishni koʻngillariga tugib qoʻygan ekanlar.

Barchamizga maʼlum, hadislar Rasulloh sallohu alayhi vasallamdan
sahobalar, sahobalardan tobeinlar, tobeinlardan tobeit tobeinlar, tobeit tobeinlardan toki oʻsha hadislarni kitoblariga kiritgan kishilarga qadar oʻrtadagi silsila – roviylar zanjiri orqali rivoyat qilinar edi. Bu rivoyatlarning sahihlik darajasi turlicha edi.

Baʼzi roviylar borki, ularning gaplari hech ham qabul qilinmaydi. Masalan,
umrida bir marotaba boʻlsa ham yolgʻon gapirgan boʻlsa. Baʼzilarining xotirasi zaif, boshqa bir roviylar yoshliklarida yaxshi boʻlib, yoshlari ulgʻaygach xotirasi yomonlashgan boʻlishi mumkin. Yaʼni hadislarni, Rasululloh sallohu alayhi vasallamdan to kitobning egasigacha boʻlgan roviylar silsilasi mukammal oʻrganib chiqiladi va shunga koʻra zaif, hasan, oʻta zaif, toʻqima, asli boʻlmagan yolgʻon hadis deya hukm beriladi.

Imom Buxoriy Allohga tavakkal qilib, hadislarning sahihlarini saralashga
kirishgan chogʻida yoshlari 23 ga kirgan edi. 16 yil davomida toʻplagan hadislarini
“Al-jami’ as-sahih” yaʼni, “Sahih hadislar toʻplami” deb nomlangan kitoblari
ichiga kiritdilar. Ushbu kitob 7000 hadisni oʻz ichiga oladi. “Al-jami’ as-sahih” takrorlarini hisobga olmaganda 2602 ta sahih hadisdan iborat.

Demak, Imom Buxoriy 600 ming hadis ichidan faqat 7 mingtasinigina ajratib olganlar. Sahih hadislarni saralashda juda ham qattiq shart qoʻyganlar.

Bu haqida Abu Hasan Maqdisiy degan olim shunday deydilar: “Qaysiki bir
roviyning hadisini Imom Buxoriy sahih toʻplamiga kiritgan boʻlsa, oʻsha
roviy davon oshibdi”.

Bu ham Imom Buxoriyning qanchalik mukammal, qattiq izlanganliklari, sahih toʻplamlarining esa rad etilmas darajada ekanliklariga ishoradir.

Imom Buxoriy oʻrganib chiqib ishonch hosil qilganidan soʻng har bir hadis
uchun alohida hozirlanib, Paygʻambarimiz sallohu alayhi vasallamning
masjidlarida ikki rakaat istixora namozini oʻqir edilar va ana shundan soʻnggina toʻplamga kirgizish yoki kiritmaslik uchun qaror qilar ekanlar.

Allohning kalomidan soʻng, islom olami uchun eng ishonchli kitoblarning
birinchisida turadigan kitob bu “Al-jami’ as-sahih” dir. Buxoriying sahih
toʻplamida keltirilgan degan jumlaning oʻziyoq, keltirilayotgan rivoyatning
darajasi qanchalik yuqori ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.

Imom Buxoriy umrlarini oxirini Nishopurda kechirmoqchi boʻladilar.
Nishopurga joylashib, u yerdagi ilmga oshufta insonlarga dars bera boshlaydilar. Afsuski, u yerda turli fitnalar sabab uzoq yashay olmadilar. Oqibatda oʻzlari tugʻilgan yurt Buxoroga qaytadilar. Buxoro ahli Imom Buxoriyni juda ham iliqkutib oladi. Buxoro Amiri Imom Buxorini saroyda, shagʻzodalarga dars berishini istab chopar yuboradi. Imom Buxoriy esa “Ilm bormaydi, ilmga kelinadi” deya taklifni rad etadi. Undan soʻng Xolid ibn Ahmad Zuhliy imomga Buxoro hududini tark etishini buyuradi. Keyin esa Samarqand yaqinidagi Xartang qishlogʻiga kelib yashashga majbur boʻladi va shu yerda vafot etadi. Alloh taolo u kishini rahmatiga olgan boʻlsin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: TOHIR ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *