YAXSHI XULQ ALLOHNING MARHAMATIDANDIR / RABBIMIZ ALLOH

 

يقول تبارك وتعالى:  فبما رحمة من الله لنت لهم ولو كنت فظا غليظ القلب لانفضوا من حولك فاعف عنهم واستغفر لهم وشاورهم في الأمر فإذا عزمت فتوكل على الله إن الله يحب المتوكلين

 

Alloh taolo deydi: “(Ey Muhammad) Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so‘zli bo‘ldingiz. Agar qo‘pol, qattiq dil bulganingizda edi, albatta, atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lar edilar. Bas, ularni afv eting, ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang va ishlaringizda ularga maslahat soling! Endi (maslahat qilgach, biron ishni) qasd qilsangiz, Allohga suyaning — tavakkal qiling! Albatta, Alloh O‘ziga suyanib (ish qilguvchilarni) sevadi” (Oli Imron, 159).

Alloh taolo bu oyati karimada sahoblarga bosiqlik bilan muomala qilishni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga ne’mat o‘laroq berganini eslatadib, bu xushmuomalalik Alloh taolo tarafidan berilgan rahmat ekanini bayon qiladi. Oyati karima Uhud jangi haqidagi oyatlar orasida keladi. Bu jangda ba’zi sahobalarning xatolari tufayli musulmonlar zarariga jiddiy talofatlar berilgan edi. Alloh taolo ularning tutgan yo‘li o‘zlari o‘ylamagan zararlarga olib kelganinini bayon qilish bilan birga  bu xatolarini afv etganini ham zikr qiladi.

Bu oyati karima Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qaratilgan edi. U zotning qalblarida sahobalarga nisbatan bir narsa bo‘lganday edi. Chunki dastlab jangga chiqishga jonbozlik qilib, song oralariga iztirob tushib, jang boshlanmay uchdan biri ortga qaytishi, undan keyin Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rsatmalariga qarshi turib, g‘animat ilinjida joylarini tashlab ketishlari, “Rasululloh qatl etildilar” degan mish-mishdan tushkunlikka tushib qolishlari, Rasulullohning jarohatlangan hollarida ozgina guruh bilan yolg‘iz qolishlari, chaqirib turishlariga qaramay ortga chekinshlari – bularning hammasini Payg‘ambar alayhissalomga  qaysidir ma’noda ta’sir qilgan edi.

Bundan tashqari, bu ne’mat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga berilgan Allohning rahmati ekaniga urg‘u berilishi halimllik xulqining naqadar ahamiyatli ko‘rinishi ekanini ko‘rsatadi. Alloh taoloning kattayu kichik ne’matlari behisob bo‘lsa ham,  bu ne’matning alohida eslatilgani, minnat qilingani ham uning e’tiborligiga dolalat qiladi.

Alloh taolo yumshoq muomala qiluvchi halim Zotdir va halimlikni yaxshi ko‘radi. Halimliknida o‘zi yaxshi ko‘rganlarga beradi. Hadisda: “Alloh taolo bir oilaga yaxshilikni xohlasa, ularga yumshoqlik xulqini beradi” deyilgan.

İnsonning oilada ahli ayoli, farzandlari, do‘stlari va qarindosh-urug‘lariga nisbatan muomalasida yumshoqligi, o‘ta halimligi Alloh taoloning unga bergan rahmati-marhamatidir. Yumshoqlik, halimlik bilan qiyin ishlarning yo‘li ochiladi, torliklar, tangliklar kengayadi. Barcha ishlar tizgini va kaliti Alloh taoloning qo‘lidadir. Yumshoq va halim bo‘lgan kishi boshqalar erishmagan natijalarni qo‘lga kiritadi.

Xo‘sh, yumshoqlik, halimlik Alloh taolo tarafidan beriladigan buyuk ne’mat ekan, unga erishishning yo‘llari qanday?  Asosiy yo‘l insonlarni ham, ularning amalini ham yaratadigan Alloh taologa qalbdan ishonishdir. Zero, Alloh taolo molu mulk, farzandlar bergani kabi xulqni ham, ko‘ngil xotirjamligiyu ruhning tiniqiligi ham O‘zi beradi. Banda bunga qalbdan ishongandan keyin tili bilan izhor qilib, Alloh taologa duo iltijo qilib, bu xulqni Allohdan so‘ramog‘i ham eng muhim yo‘llardan sanaladi. Taqvodorlar imomi, avvalgilaru keyingilarning peshvosi, Alloh taoloning O‘zi “Siz buyuk xulq uzradarsiz” deb shohidlik bergan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday duo qilardilar: “Ey Alloh, meni yaxshi xulqlarga hidoyat qil, faqat sen yaxshi xulqlarga hidoyat qilasan, yomon xulqlarni mendan uzoq qil, faqat sen yomon xuqlarni mendan uzoq qilasan”. Payg‘ambar alayhissalomday xulqi eng go‘zal zot shunday duo qilgan bo‘lsalar, qusurlarimiz bo‘lgan holatda qanday qilib go‘zal axloq so‘rab, duo qilmasligimiz mumkin?!

Alloh taolo barchamizga yumshoqlik, halimlik bersin, axloqlarimizni go‘zal qilsin,  O‘zining taqvodor bandalaridan qilsin!

 

 

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *