ULARNI ALLOH MASXARA QILUR YOXUD MASXARA BO’LIB QOLMANG / RABBIMIZ ALLOH

Alloh taolo munofiqlarning bir toifa mo‘minlarga qilgan muomalasi haqida so‘zlaydi. Ular sadaqalari tufayli Alloh taologa yaqinlashishga harakat qilayotgan edilar.

Mo‘minlar orasidan o‘z xohishi bilan sadaqotlar qiluvchi kishilarni va (infoq-ehon qilish uchun) kuchlari yetgan narsani topib kelgan kishilarni ayblab, masxara qiladigan kimsalarni Alloh masxara qilur va ular uchun alamli azob bordir” (Tavba, 79).

Inson masxara qilinganida o‘ziga nisbatan kamsitish, tahqirlash bo‘layotganini his qiladi. Hatto bu masxara jamiyatda o‘rni bo‘lmagan pastkash bir odamdan sodir bo‘lsa ham baribir inson buni o‘ziga nisbatan kamsitish deb biladi. Bu tahqir obro‘si, so‘zi va nufuzi bor odamdan sodir bo‘lsa boshqacha ta’sir qiladi. Ba’zan bu tahqirning ta’siridin o‘ch olib, qo‘n to‘kishgacha boradi. Bir qancha dahshatli hodisalar shunga o‘xshash masxara-tahqirlashlardan kelib chiqadi.

Alloh taoloning masxara qilishidan, tahqirlashidan ko‘ra xorlik bo‘lmasa kerak. Alloh taolo masxara qilgan kishining qanday o‘rni, qadr-qilmmati qoladi?! Bundaylarning kelajagi naqadar baxtsizdir!?

Bu baxtiqaro Alloh taoloning istehzosi, masxarasiga duchor bo‘lganida idrokdan, oqibatini o‘ylashdan mahrum bo‘ladi. Dunyosida g‘ofil, mavlosidan uzoqda qoladi. O‘z foydasi uchun bir nimalar qilgandek tuyulsada, faqat zarariga ishlayotgan bo‘ladi.

Alloh ularning ustidan kuladi va o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurishlarini davomli qiladi. O‘zlari uchun tanlagan tug‘yon yo‘lida davom etadilar, undan qaytmaydilar. Bu esa Alloh taolo ularni masxara qilib qo‘yganining ilk samarasidir”.

Masalannig ikkinchi tarafiga – mo‘minlarga, solih bandalarga kelsak, Alloh taolo ularga naqadar madadkor, ko‘makchi ekanini his qilamiz. Ularni masxara qilganlarni Alloh taoloning masxara qilishidan ham ko‘ra kattaroq ko‘mak bormi? Bu haqiqatdir. Buni anglagan mo‘min kishi o‘zini masxara qilayotganlar haqida o‘ylab ko‘nglini band qilib o‘tirmaydi, ularga qanday balo-qazolar kelishi haqida bosh qotirmaydi. Chunki ularning jazosi shubha qabul qilmaydigan, isbot talab qilmaydigan haqiqatdir!

Bular mo‘min Alloh taoloni rozi qiladigan ishni qilgani uchungina mavlosi Allohga buyunsungani uchungina masxara qildilar, Alloh taolo mo‘minlarga do‘stligini va yordamini ko‘rsatdi.

İnson bu oqibatlarni bilsa, qo‘rquvga tushadi – Parvardigorini rozi qilish uchun harakat qilayotgan insonni masxara qilishdan, solihlarning ustidan kulib, mazah qilishdan tilini tiyadi.  Ulardan xato, yanglish bo‘lgan deb o‘ylasa, noto‘g‘ri yo‘lga yurgan deb bilsa, niyat va maqsadlarini yaxshi ekanini taqdirlab, samimiy nasihat qiladi, sokinlik bilan bahslashadi.

Masxara, boshqalarning ustidan kulish oqillar va buyuklarning sifati emasdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam musulmonning tashqi ko‘rinishi, dunyoga taalluqli ishida kamsitib ayblagan inson yetarlicha yomon inson ekani, yaxshilikning mukammal nasibasidan mahrum bo‘lganini nazarda tutgan bo‘lsalar, uning dini va taqvosi, sunnatga ergasjgani uchun masxara qilgan odamning holi ne kechadi?!

Alloh taolo barchamizni to‘gri yo‘ldan adashtirmasin!

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *