TOATDAN MAHRUM BO’LGAN İNSONLAR / RABBIMIZ ALLOH

Alloh taolo Tabuk jangidan qolgan munofiqlar xususida shunday deydi: Agar ular (jihodga) chiqishni istaganlarida uning uchun tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan bo‘lur edilar. Lekin Alloh chiqishlarini istamay, ularni dangasa qilib qo‘ydi va ularga (o‘zlaridan bo‘lgan kimsalar tarafidan): «Qolganlar (ya’ni, ayollar, yosh bolalar va ojiz-notavon kishilar) bilan birga o‘tiraveringlar», deyildi. (Tavba, 46).

Ibn Ishoq aytadi: “Menga yetib kelgan xabarga ko‘ra, jangdan izn so’rab qolganlar qavmning obro‘lilaridan bo‘lishgan. Jumladan, Abdulloh ibn Ubayy ibn Salul va Jaddu ibn al-Qays edilar. Qavmining kattalari bolishlariga qaramay janga chiqsalar, safni buzishlari mumkin edi. Shuning Alloh taolo ularni bu ishga e’tiborsiz qilib qo‘ydi. O‘z holiga tashlab qo‘yilishi naqadar xorlik, naqadar betavfiqlik! Alloh taolo ularning qo‘zg‘olishini xohlamadi! Yomon amallari o’zlariga ziynatli qilib ko‘rsatildi, tanballikni Allohning buyrug‘idan avzal deb bildilar. Insonning Parvardigor toatidan, ezguliklardan mahrum qilinishi naqadar og‘ir jazo!”

Alloh taolo yuqoridagilarni o‘z yo‘lida jihod qilish uchun harakatlanishlarini xohlamagani, yomon ko‘rgani sababli  boshqalarni toat amallarga qo‘zg‘otgani kabi ularni qo’zg‘otmadi. Natijada farz, sunnat va mustahab amallar ularga og‘ir ko‘rindi. Ularga qarata “o‘tirganlar bilan o‘tiraveringlar” deyiladi.

Ammo Alloh taolo bandaga aslo zulm qilmaydi. Banda Alloh taologa qarab chin dildan, uning yordamiga muhtojligini his qilgan holda yuzlansa, Alloh taolo uni yordamsiz qoldirishi, yalqov, sustkash qilib qo‘yishi aslo mumkin emas, Alloh taolo bunday qilishdan pokdir. Bandaga balo kelsa ham o’zining kamchiligi, beparvoligi sababidan bo‘ladi. Gohida bu jazoning sababi Alloh taologa osiylik qilishga yengil qaragani, gunohni mensimagani uchun ham bo‘ladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Banda bir gunoh qilsa, qalbiga qora nuqta qo‘yiladi. Tavba qilib, gunohidan qaytsa, istig‘for aytsa, qalbi sayqallashadi, tozalanadi. Agar gunohni ko‘paytirsa, nuqta ham ko‘payadi, hatto Alloh taolo Qur’onda aytgan dog‘ qalbini o‘rab oladi, “Yo‘q, (undoq emas)! Balki ularning dillarini o‘zlari kasb qilguvchi bo‘lgan gunohlari qoplab olgandir!”

Gohida jazoning sababi inson o‘ziga ishonishib, yuksak baho berishidan, o‘ziga bino qo‘yishidan, Alloh taoloning tavfiqi va yordamiga ehtiyojsiz deb o‘ylab qolishidan kelib qolishi ham mumkin. Eng mukammal hidoyatdagi, taqvodorlar peshvosi Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Ey Alloh, rahmatingdan umidvorman! Bir ko‘z ochib yumushcha lahzada ham meni o‘z holimga tashlab qo‘yma! Hamma holatimni O‘zing isloh qil, Sen yagona haqiqiy ilohdirsan”, der edilar.

Ehtiyot bo‘ling, Alloh taolo sizdan toat vujudga kelishini suymasa, siz bilan toat orasida to‘siqlar paydo qilib qo’yadi! Eng avvalo qalblar to‘riga irodalar, xohishlar ekilmas ekan, hayot yo‘llarida solih amallarning yuzaga chiqishi mumkin emas. Sodiq mo‘min Allohdan bo‘lgan hidoyatga ehtiyojini his qilgani holda hidoyat yo‘liga muvaffaq qilishini so‘rashi kerakligini bilgani kabi haq yo‘lga yurishga yordam berishini ham so‘rashi kerak. Chunki inson gohida haq yo‘lni bilmay, haq va botilni bir-biridan ajrata olmay adashsa, gohida haq yo‘lni bilganidan keyin unga yurmay, haqiqatga ergashmay ham adashib ketishi mumkin. Shuning uchun ham har kun “Ey Alloh! Sengagina ibodat qilamiz, Sendangina yordam soraymiz”, deb duo qilinishi bejis emas.

Odamlar ichida da’vat yo‘liga yurish, Allohning risolatini yetkizish uchun tanlanganlar safida bo’lishini xohlamagan kishilar ham bo’ladi. Chunki ular da’vatchilarga qo‘shilsalar, ularni sustlashtiradilar, ishlarini chigallashitiradilar, oraga fitna solish payida bo‘ladilar. Bundaylarga ham “O‘tirganlar bilan o‘tiravergin” deyiladi go‘yo!

Ey tavfiqli birodarim! Hamma vaqt, har qanday holatda Parvardigoringizga iltijoda bo‘ling. Eng avvalda Alloh taoloning yordami va tavfiqidan, hidoyatidan behojat bo‘la olmasigingizga, agar o‘zingizga tashlab qo‘ysa faqat nochorlikka, noqislikka va xorlikka yuz tutishingizga qalbdan qattiq ishoning! So‘ngra sidqidildan toat-ibodatga yordam berishini so’rab, duo-iltijo qiling.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalning qo‘lidan ushlab: “Ey Muoz, men seni yaxshi ko ‘raman! Ey Muoz, men seni yaxshi ko‘raman! Har namoz ortidan shu duoni qo’ymay o‘qib yurgin: “Ey Alloh, menga Seni yod etishga, Senga shukr qilishga va chiroyli ibodat qilishga yordam ber”.

Alloh taolo bizni o‘z holimizga tashlab qo’ymasin! O’zining hidoyatidan ayirmasin!

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *