SIZ ALLOHNING HUZURIDASIZ / RABBIMIZ ALLOH

 

Alloh taolo payg‘ambariga xitob qilib deydi:

وَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱلۡعَزِيزِ ٱلرَّحِيمِ ٢١٧ ٱلَّذِي يَرَىٰكَ حِينَ تَقُومُ ٢١٨ وَتَقَلُّبَكَ فِي ٱلسَّٰجِدِينَ ٢١٩ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡعَلِيمُ

“G‘olib va mehribon (Alloh) ga tavakkul qiling! U sizni o‘zingiz (namoz uchun) turayotgan vaqtingizda ham, sajda qilguvchilar (namoz o‘quvchilar) orasida (imom bo‘lgan holingizda namoz ruknlarining biridan ikkinchisiga) ko‘chayotgan (vaqtingizda ham) ko‘rib turar. Shak-shubhasiz, U eshitguvchi, bilguvchi zotdir” (Shuaro, 217-220).

Alloh subhanahu va taolo Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni kechalari yolg‘iz namozda qoim bo‘lib, qur’on o‘qib, duo iltijo qilib turganlarida ham yoki odamlar bilan namozga tik turganlarida, odamlar orqalaridan ergashib, ruku’-sajda qilib turganlarida ham ko‘radi.

Alloh taoloning Payg‘ambariga yaqinligi o‘ziga xos birgaligi bo‘lsa ham, boshqa musulmonlarning ham Yaratgan huzurida turganlarida o‘ziga xosliklari bor.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Namozda bo‘lganingizda Alloh taolo ro‘parangizda bo‘ladi, (shuning uchun) namozda aslo qarshingizga tuflamang” (Ahmad, 5408).

Alloh taoloning bandalariga bergan fazli va ehsoni naqadar buyukdir. Mo‘min banda namoz oq’iganda uning qarshisida bo‘ladi!

Balki bundan ham ortig‘i bor. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh taolo deydi: “Namozni o‘zim bilan bandam o‘rtasida ikki qismga bo‘lib oldim, bandamga so‘raganini beraman”. Banda “Alhamdulillahi robbil alamiyn”, deb hamd aytsa, Alloh taolo: “Bandam menga hamd aytdi”, deydi. Banda “Arrahmanir-rohiym” desa, Alloh taolo: “Bandam menga sano aytdi”, deydi. Banda: “Maliki yavmiddiyn” desa, Alloh taolo: “Bandam shuhratimni olamga yoyib, ko‘klarga ko‘tarib maqtadi”, deydi. Banda: “Iyyaka na’budu va iyyaka nastaiyn”, desa, “Bu men va bandam o‘rtamizda(gi kelishuv)”, deydi. Banda “ihdinassirotal…) desa, Alloh taolo bu bandamniki, bandamga so‘ragani beriladi”, deydi.

Hammadan yuqorida bo‘lgan, ulug‘, benuqson Zot bandasiga nisbatan “bandam menga hamd aytdi, bandam sano aytdi, bandam shuhratimni yoyib ulug‘ladi, bu Men va bandam o‘rtasida” der ekan, bundan ham baland, yuksak obro‘-e’tibor, sharaf-hurmat, qadri yuksak narsa bormi borliqda?

Mo‘min banda namoz o‘qib, Alloh taologa munojot qiladi. Alloh taolo esa, uning qarshisida bo‘ladi, “bandam” degan ulug‘ nom bilan e’zozlab, hurmat qiladi. Namozda faqatgina mana shu Alloh taolo bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuv, suhbatlashuvning oz’i bo‘lganida ham dono-aqlli odamlarni namozga talpintirishga yetarli bo‘lardi.

Bunga qo‘shimcha Rasulullohdan jannatga kirgizadigan amal haqida so‘ragan kishiga “Ko‘p sajda qil, har bir sajdang uchun Alloh bir martabangni ko‘tarib, bir xatoyingni o‘chiradi” dedilar.

Mo‘min kishi bu ma’nolarni his qila olganida edi, namozga o‘zidan-jussasidan oldin qalbi bilan oshiqar, har xil o‘y-fikrlarini orqasida qoldirib, namozga kirishar edi. Allohning munojotiga uning lazzatini topish, ibodat halovatini his qilish uchun kirishardi hamda Yaratgan hojasining huzurida darajasi yuksalardi, martabasi ortardi.

Shuning uchun namozning Rasululloh uchun alohida, o‘z o‘rni bor edi. “Ko‘zimning quvonchini namozda berildi”, deb Alloh taoloning yaqinligini, ko‘rayotganini, bilayotganini his qilib namozni chiroyli, to‘la-to‘kkis qilish uchun tirishar edilar. Namozning hukm va odoblari bilan ado etadigan namozxon birodarlar, sizni Alloh bergan bu buyuk va qimmatli ne’mat bilan muborakbod etamiz.

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *