MEN BANDAMNING GUMONIDAMAN / RABBIMIZ ALLOH

MEN BANDAMNING GUMONIDAMAN

Abu Hurayra raziyallohi anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan shunday dedilar: “Alloh taolo aytadi: Men bandamning Men haqidagi oʻyidaman…” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Alloh taolo, bandam qanday gumon qilsa, shunda bo‘laman demoqda. Bu juda ham katta marhamat. Biron bir kishiga ishi tushgan odam qanday qilib uni rozi qilarkanman, maqsad qilgan narsamga qanday erishar ekanman, deb g‘am-qayg‘u qiladi.

Banda parvardigoriga bir necha o‘rinlarda yaxshi gumon qilish kerak:

  1. Duo qilyotganda Alloh duoimni qabul qiladi, degan yaxshi gumon. Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam bunga targ‘ib qilib: “Biringiz duo qilganida Alloh taolo duoimni qabul qiladi, deb aniq ishonib duo qilsin. Alloh taolo qalbi g‘ofil, xayoli har yerda bo‘lgan qalbdan duo qabul qilmaydi” – dedilar.

Alloh taolo bu hadisi qudsiyda insonni Allohga yolvorishga jiddi jahd qilishga, ko‘p duo qilishga undaydi. Allohga yaxshi gumon qilishi uchun qalbi iymon bilan to‘lgan bo‘lish kerak. Ya’ni Alloh taoloning borligiga, qodirligiga ishonishi, o‘zi haqida tafakkur qilishi lozim. Dunyoga kelishi va yashashi haqida tafakkur qilsin. Alloh taolo unga rizqini yetkizganini o‘ylasin, yani Uning qudrati haqida tafakkur qilib, har narsaga qodir ekaniga aniq ishonsa, Alloh taolo duoimni ijobat qiladi, deb yaxshi gumon qiladi.

  1. Bandani allohga nisbatan yaxshi gumon qilishi lozim bo‘lgan o‘rinlaridan yana biri tavbamni qabul qiladi, deb yaxshi gumon qilish. Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni noumid bo‘lishdan qaytargan: (Ey, Muhammad) o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zi mag‘firatli va rahmlidir” (Zumar, 53). Ya’ni inoyatini yuvmoqvchi bo‘lib, gunohidan to‘xtagan odam noumid bo‘lib qolmasligi kerak.

Hadisi shariflarda kelishicha, banda tavba qiladigan bo‘lsa, Alloh taolo bandasining tavbasiga shunday quvonadiki, go‘yoki cho‘lda ketayotgan odam bir joyda to‘xtab, dam olganida ustida bor moli-dunyosi, ozuqasi bo‘lgan tuyasi qochip ketib qoladi. Bor-budini yo‘qotib, nima qilishni bilmay daraxtning tagida “shu yerda o‘lib ketaman endi”, deb o‘ylab uyquha ketadi. Bir uxlab tursa, tuyasini qarshisida ko‘radi. Xursand bo‘lganidan tuyasini ushlab: “Ey Alloh! Sen mening qulimsan, men Sening Robbingman” deb yuboradi. Yani u odam qattiq xursandchilik sababidan gapining teskarisini aytib yubordi. Aslida  “Ey Parvardigor! Haqiqatda mening Robbim ekansan, men esa, Sening qulingman, qulingni tashlab qo‘ymading” demoqchi bo‘ldi. Lekin benihoya xursandligidan adashib ketib qoldi.

Gunohdan tavba qilish uchun ulamolar uchta shart aytadilar: Birinchi – gunohni tark qilishi kerak. Tavba qildim, deb yana gunoh qilishda davom etaversa, tavba qilgan hisoblanmaydi. Ikkinchisi – gunohi uchun o‘kinish, qattiq pushaymon, nadomat qilish kerak. Uchinchisi – qaytib shu gunohga qadam bosmayman, deb azmi-qaror qilish.

Bandani alloh taologa yaxshi gumon qilishga olib boradigan o‘rinlaridan yana biri solih amal qilsam, Alloh qabul qiladi, deb umid qilishi. Banda oxiratda ham, dunyoga qilayotgan amallarimga ajrini olaman, deb umidvor bo‘ladi. Albatta, bir tomondan umidvor bo‘lsa, ikkinchi tomondan xavfda ham turish kerak.

Hasan Basriy aytadilar: Mo‘min odam Allohga yaxshi gumon qiladi yaxshi qiladi. Albatta, Alloh taolo har bir amalimni zarrachasiga ajrini beradi, deb amalini ko‘paytiraveradi. Lekin fojir, gunohlarga botib yuradigan odam Allohga yomon gumon qiladi, shuning uchun amal qilmaydi”.

Musulmon odam amallari qabul bo‘lishini umid qilish bilan birga mag‘rurlanib ham ketmaydi, balki amalim rad bo‘lib qolmasin, deb xavfda turadi. Chunki qilgan amallarini buzib qo‘yadigan riyokorlik, xo‘jako‘rsinlik aralashib qolishidan cho‘chiydi.

Yana Alloh taologa yaxshi gumon qilish nuqtalardan yana biri Alloh taolo o‘zining avliyolariga yordam beradi, deb gumon qilish. Allohning avliyolari kimlar? Qur’oni karimda: “Ogoh bo‘lingizki, albatta, Allohning valiy (do‘st)lariga (oxiratda) xavf yo‘qdir va ular tashvish ham chekmaslar”. (Yunus, 62)

Alloh taolo o‘zining do‘stlariga yordam beradi, deb yaxshi gumon qilish kerak. To‘g‘ri, ba’zi vaqtda Alloh taolo ularning boshiga sinov berishi mumkin, har xil qiyinchiliklar beradi. Lekin oxirida g‘alaba Allohniki, Rasulullohniki va mo‘minlarnikidir.

Allohga yaxshi gumon qilish yaxshi amallarni ko‘paytirishga undaydi: “Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!”

Alloh taolo hammamizni o‘ziga yaxshi gumon qiladiganlarda qilsin! (Kahf, 110).

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *