INSONGA BERILADIGAN UCHTA JAZO VA UCHTA MUKOFOT / RABBIMIZ ALLOH

عن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: (من كانت الآخرة همه جعل الله غناه في قلبه وجمع له شمله وأتته الدنيا وهي راغمة، ومن كانت الدنيا همه جعل الله فقره بين عينيه وفرق عليه شمله ولم يأته من الدنيا إلا ما قدر له) أخرجه أحمد والترمذي وابن ماجه

“Anas raziyallohu anhuning rivoyatida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimning g‘am-tashvishi oxirat uchun bo‘lsa, Alloh taolo uning qalbini boy qiladi (ya`ni ko‘nglini to‘q qiladi), ishlarini bir o‘zanga solib qo‘yadi, dunyo uning oyog‘i ostiga keladi. Kimning g‘am-tashvishi faqat dunyo uchun bo‘lsa, Alloh  uning qalbibini qashshoq qilib qo‘yadi, ishlarini parokanda qiladi hamda unga taqdir etilganidan boshqa dunyo kelmaydi” (Ahmad va Termiziy rivoyati).

Qalblarning egasi Alloh taolodir, ko‘ngillarni O‘zi xohlaganday boshqaradi. U Zot kimningdir qalbini iymonga muvaffaq qilib, hidoyat uzra mustahkam qilsa, yana kimningdir qalbini toydirib, gumroh qilib qo‘yabi. Saodat yoki baxtsizlik, xotirjamlik yoki g‘am-qayg‘su ham yolg‘iz Allohdandir.

Boylik faqat molga egalik qilish bilan belgilanmaydi, balki hisobsiz mol-dunyoga ega bo‘lgani holda baxtiqaro yashayotganlar qancha! lekin shunda ham qalbi xotirjam bo‘lmay, Alloh  berganiga qanoat qilmagan to‘ymaganlarning qanchasi bor dunyoda!

Endi g‘am-tashvishga kelsak. G‘am-tashvish ikki tarafi keskir pichoqqa, ikki xil maqsad uchun qo‘llanish mumkin bo‘lgan asbobga o‘xshaydi. Agar g‘am-tashvish oxirat uchun, oxirat haqida bo‘lsa maqtovga sazovor, arzirli va ajrlar olinadigan amaldir. Aksincha, tugab bitadigan, shu qisqagina dunyo uchun, undagi mag‘rurlik uchun bo‘lsa savobsiz, mazammat qilingan bir amal bo‘lib qoladi.

G‘ami faqat dunyo bo‘lib qolgan kishi aldangan mag‘rurdir. Bunday inson qalbininig to‘rini dunyo egallab olgan bo‘lib, dunyo uchun rozi bo‘ladi, dunyo uchun g‘azab qiladi, dunyo uchun do‘stlshib, dunyo uchun adovat qiladi. Dunyo haqida so‘z ketsa, yuzlari yorishib ketadi, xursanchiligi va xafaligi ham dunyo uchun bo‘ladi. Topgan moli, kasbi kori unga Alloh taoloni, namozini, zakotini unuttiradi. Bunday odam shu dunyoning o ‘zida uchta jazo bilan jazolanadi:

  1. Alloh taolo uni har tomonlama parokanda qilib tahslaydi. Boylikka erishsa ham, mansabga o‘tirsa ham, hamma imkoniyatlar unga qaratilgan bo‘lsa ham, fikri sochilgan, ko‘ngli har tarafda, iztirobli bir holda, doimo bezovta yuradi, molida ham, oilasida ham baraka bo‘lmaydi.
  2. G‘ami faqat shu dunyodan iborat bo‘lgan kishiga faqirlik ko‘z o‘ngiga keltirib qo‘yiladi. Boy bo‘lgan taqdirda ham hech qachon qanoat, halovatni topa olmaydi. Doimo qashshoqlikdan, muhtojlikdan qo‘rqib yashaydi. Boyligi ortgan sayin hirsi ham ortib boradi. Aslida u molning qulidir. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam hadisda duoyibad qilib aytgan kishi shudir. “Dinor quli badbaxtdir, dirham quli badbaxtdir..”
  3. Dunyoda qancha tirishmasin, yelib-yugurmasin, yozilgandan boshqasiga erisha olmaydi, shoshqoloqligi Alloh taoloning unga bergan rizqini ziyoda qilmaydi.

Harom-halolligiga qaramay mol-dunyo ortidan chopib, bir hovuch boylik uchun foyda bermaydigan boylik uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urayotganlar qancha?!  Holbuki, bu ozgina narsa uning och qornini to‘ydirmaydi, holini o‘zgartirmaydi. Lekin qalb qashshoqligi, ishining tartibsizligi tufayli shu holatga tushgan. Bunday kishilar kechasi ham, kunduzi ham dam olish nimaligini bilmaydi, sahardan xuftongacha tinim bilmay ishlaydi. Ular Alloh berganiga qanoatlanish, ato etilgan rizqdan foydalanishdan mahrum bo‘lib, ibodatga ko‘ngli yo‘q, Allohga yaqinlik hosil qilishdan juda uzoq bo‘lganlardir. Bundaylar Alloh yo‘lida infoq qilmaydilar, qilsalar ham yoki riyo qiladilar yoki minnat.

Uning muqobilidagi inson esa, Alloh taolo qalbiga qanoat bergan, butun hayoti davomida xotirjam bo‘lib, Alloh taolo berganiga rozi bo‘ladigan, haloldan maza qilib foydalanadigan, bergan ne’matlar uchun Parvardigoriga minnatdorligini izhor qilib turadi. U nolimaydi, dunyoda o‘zidan quyilarga, oxirat ishida esa yuqoridagilarga nazar soladi. Erta yoki kech bu dunyodan ketishiga,  molini qayerdan to‘pib, qayerga sarflagan haqida so‘roqqa tutilishiga, jamlagan moli esa ortida qolib ketishiga aniq ishonaqi.

Oxirat g‘amida yashagan odamning iymoni ortadi, g‘aflati ketib, xushyor tortadi. Hadisi sharifda kelganidek, oxirat uchun g‘am-tashvish qiladigan insonga uchta mukofot va’da qilindiki, u bu uch mukofor soyasida orom oladi.

  1. Alloh taolo unga qalb xotirjamligini beradi. Bu haqiqiy boylikdir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Boylik matohning ko‘pligida emas, balki ko‘ngil boyligidadir”, dedilar. Ko‘ngil boyligi esa, Alloh taoloning berganiga rozi bo‘lmoqdir. Hadisi sharifda: “Alloh taolo senga taqsim qilgan rizqqa rozi bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan” deyilgan. Qalb boyligiga, xotirjamligiga erishgan kishi odamlar qo‘lidagi narsalarni so‘rashdan tiyilgan bo‘ladi.
  2. Alloh taolo uning barcha narsasini mukammal suratda jamul-jam qiladi. Bu o‘rinda jam bo‘lishi kerak bo‘lgan hamma narsa ko‘zda tutilgan. Kimning Oxirat haqida g‘am-qayg‘usi ortsa, Alloh taolo qalbini, fikrini, oilasi va farzandini, molini va hamda tijoratini jamlab qo‘yadi, Allohning huzurida e’tiborli inson bo‘lib qoladi. Yaxshilikning barcha yo‘llari uning arfofida jamlanadi.
  3. Dunyoni xohlamasada, uning oyoglari tagiga keladi. Parvardigoriga tavakkul qilgani bois rizqi o‘ylamagan tomondan keladi. Alloh taolo uning ishlarini oson qilib qo‘yadi, birovdan so‘ramasa ham, bandalaridan behojat qilib qo‘yadi. Oxirat dardi asosiy g‘ami bo‘lgan inson uchun yo‘qotgan dunyosi, tijoratidagi zarari yengil kechadi, chunki u bularning hammasi o‘tkinchi ekanini, haqiqiy hayot, abadiylik diyori Oxirat ekanini biladi. “Oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir” deydi Rabbizmiz.

Agar dillarimizga oxirat g‘amini to‘laqonli joylay olsak edi, arzimas mato va o‘tkinch sanalgan dunyo uchun bir-birimizga manmansirash, kibrlanish, hasadlashishga o‘rin qolmas edi. G‘ami Oxirat  bo‘lgan kishi ham dunyoda odamlar kabi yashaydi, rizqi uchun harakat qiladi. Ammo iqboli kelib, rizqi mo‘l bo‘lsa, tug‘yon qilmaydi, ishlari yurishib ketavermasa, g‘amga botmaydi.

Oxiratni o‘zi uchun asosiy g‘oya qilib olgan kishi uchun bu dastur hayot fonusi, yo‘lchi yulduzi bo‘ladi, hamma ishlarida shu g‘oyasi hakam, qarorlarining asosi bo‘lib qoladi. Bu dunyo esa unga nisbatan faqat yashab o‘tish vositasi, oxirat uchun zahira maydoni bo‘ladi, xolos. Dunyoga zohidlik faqirlik va miskinlik bulan hamohanglik degani emas, albatta. Balki haqiqiy zohidlik qalbda dunyoga nisbatan muhabbat qilmaslik, unga bog‘lanib qolmalik va uning ortidan chopmaslikdir.

Oxirat g‘ami bo‘lgan kishi qadri baland, solih amallardan hech ortda qolmaydigan oliy himmat bo‘ladi. Oxirat g‘ami degani odamlardan, jamoatdan ajrab, chaqirilgan joylarga bormay, qarindosh va do‘stlarning ziyoratidan voz kechib, chillaxonaga bekinib olish degani emas. Bu noto‘g‘ri tushuncha. Aksincha, qarindosh-urug‘larga bog‘lanish, da’vatlariga ijobat qilish, odamlarga aralashish, kerak bo‘lsa, ularning ozoriga sabr qilish, buzuq ishlarni isloh qilish demakdir. Chunki bu amallar qiyomatda uning darajotlar, hasanotlar olib keladi.

Yana bunday odam qovoqlari osilgan, badjahl bo‘lmaydi. Eng buyuk o‘rnagimiz, sayyidimiz, oxirat uchun eng ko‘p g‘am qilgan Rasulumiz sallallohu alayhi va sallam sertabassum bo‘lganlar.

Qalblar tasarrufi Alloh taoloning o‘zidadir, biz U Zotning amri, mulki va sultonligi ostidamiz. O‘zidan iltijo qilib qalb-ko‘ngil to‘qligini so‘raylik. Oz bo‘lsada ko‘ngli to‘q odam boydir, lekin qalbida qanoat bo‘lmagan kishi Qorunning boyligi kabi dunyoga ega bo‘lsa ham qashshoqdir. Nasorolar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga tilla bilan bezalgan ipak chopon sovg‘a qilishganida sahobalar uning yumshoqligi va chiroyidan  hayron bo‘lib turishganida u zot: “Sa’d ibn Muozning jannatdagi ro‘molchasi siz ko‘rayotganingizdan yaxshiroqdir”, dedilar.

Ba’zida badavlat kishilar holatini doimiy ravishda vasflash, boyligi, ularning turmush tarzi haqiga bo‘rttirib gapiraverish insonda dunyoga nisbatan muhabbatni orttiradi, oxiratni esa unittiradi. Aslida biz oxirat uchun yaratilganmiz, boradigan joyimiz ham oxirat ekanini unutmasak, dunyoning pashshaning qanotichalik qiymati yo‘qligini, haqiqiy boylik qalb xotirjamligi ekanini anglab yetamiz .

Alloh taolo qalblarimizni xotirjam qilsin, haqiqiy g‘amimizni oxirat g‘ami qilsin!

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *