ALLOHNI UNUTIB, UNUTILGANLAR / RABBIMIZ ALLOH

 

Sizlar Allohni unutib qo‘yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o‘zlarini ham unutdirib qo‘ygan kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana o‘shalar fosiq (itoatsiz) kimsalardir” (Hashr, 19).

Alloh taolo bu oyati karimada bandalarni Parvardigorlarini unutib qo‘yishdan ogohlantirmoqda: Allohni unutganlar kabi bo‘lmanglar, Alloh ularga o‘zlarini unuttirib qo‘ydi.

Alloh taolo siz bilan bizni yaratdi, kasal bo‘lsak shifo beradi, och qolsak, rizq beradi, xavf-xatarga tushganimizda xotirjamlik beradi, xato qilsak, xatolarimizi kechiradi.

Biz uchun rizq qilib berilgan molimizning bir qismini kimgadir berib naf’imiz tegsa, qilgan yaxshiligimizni unutib qolsa, og‘rinamiz yoki qilgan yaxshiligimizni burovlarga nisbatlasa, xafa bo‘lamiz.

Alloh taoloni unutgan odamga nima deyish mumkin? Allohni unutish katta musibat, hatto o‘lim bilan teng. Rasululloh (s.a.v): “Parvardigorini yodda tutadigan inson bilan Allohni unutgan inson o‘lik bilan tirikka o‘xshaydi”. Yani Alloh taoloni unutgan inson o‘lik bilan barobar. Alloh taolo buyurgan buyruqlarni, qaytariqlarini unutub, chegaralarni buzgan odam boshqa jonzotlardan qanday farqi bor?!

Allohni unutgan insonning birinchi musibati shuki, Alloh taolo unga o‘zini unuttirib qo‘yadi. “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, deydi dono xalqimiz. Insonga dunyo va oxirat halokati, xorligi o‘zini unutishdan keladi. O‘zini unutgan inson haqiqiy hayotni unutadi, butun umrini shu dunyodagi arzimas matosiga cheklab qo‘yadi. O‘zini unutgan inson qilgan xatosiga pushaymon qilmaydi, gunohlari uchun ko‘z-yosh to‘kmaydi. O‘zini unutgan inson oxiratiga g‘am qilmaydi, amallarga beparvo bo‘ladi.

Odamlar jahannam taftidan, uning haroratidan qochib yurgan vaqtida dunyoda sadaqa bergan odam sadaqasining soyasida bo‘ladi. Inson o‘zini unutgan vaqtda Alloh bergan rizqini ma’iyshatlar, shahvatlarga sarf qiladi, Allohga isyon qilishga qo‘llanadi. Inson o‘zini unutgan vaqtida o‘zini tarbiyalamaydi, ayblarini kuzatib, kamchiliklarini to‘ldirib bormaydi. Nafsini tarbiyalab, poklangan insonlar qatoriga kira olmaydi. Aksincha, o‘zini o‘zi gunohlar bilan ko‘mib, Allohning rahmatidan umidsiz bo‘lganlardan bo‘lib qoladi. Kasal bo‘lib turib, o‘z kasalligini his qilmaydi. O‘zining kasalligini bilgan odam davolanadi, Allohga iltijo qiladi, o‘zini muhtojligini biladi, tuzalib ketish uchun hamma yo‘llarni qidiradi. Lekin kasal ekanini his qilmasa, kasallik ichidan yemirib-temirib yotsa ham davolanish uchun qadam tashlamaydi.

Parvardigoro, Seni doimo zikr qilishga, hech qachon unutmaslikka, Senga shukr qilishga va chiroyli ibodat qilishga yordam berishingni so‘raymiz!

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *