ALLOH SIZGA YAQIN. SIZ-CHI! / RABBIMIZ ALLOH

Sahobalar Rasulullloh sallallohu alayhi va sallamdan Parvardigorlari  haqida, U Zotning qay darajada yaqinligini va qay tarzda Unga duo qilish lozimligi haqida so‘radilar. Alloh taolodan shunday javob keldi: “Agar bandalarim Men haqimda sizdan so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman, duogo‘y quo qilsa, ijobat qilaman, Mendan duolariga ijobat tilasinlar. Menga ishonsinlar, shoyadki to‘g‘ri yo‘l topadilar” dedi.

Alloh taolo ularni “bandalarim” degan sharafli sifat bilan vasfllamoqda. Bunday sifat Alloh taolo tarafidan ne’matlar bashoratini, ularga saxovatla ehson qilinishini his qildiruvchi umidbahsh vasfdir.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Allohning yaqinligini tasvirlab “Sizlar eshitmaydigan yoki sizdan uzoqda bo‘lgan biriga duo-iltijo qilmayapsizlar, balki eshituvchi, ko‘ruvchi bo‘lgan Zotga duo-iltijo qilayapsizlar. Iltijo qilayotgan Parvardigoringiz sizlarga ulovingiz bo‘ynidan ham yaqinroq” dedilar.

“Duogo‘y duo qilsa, ijobat qilaman”. Har bir mo’min duo qiladi. Alloh taolo faqat taqvodor solihlarning yoki eng sara kishilarning duolarini emas, balki Allohga ishonib, qo‘lini yuqoriga ko‘targan har bir bandaning duosini ijobat qiladi. Maxluq maxluqqa yaqin bo‘lishni maqsad qilib, ko‘nglidan joy olishga oshiqadi: ayol eriga, er ayoliga, ishchi xodim o’zidan tepadagi mas’ul shaxsga, do‘st do‘stiga yaqin bo‘lishga intiladi. Ba’zan inson menga ahamiyat qilsin deb, e’tibor bilan qarasin deb, o‘zini xor qiladi, yuzining suvini to‘kadi, hatto bor-budini sarf qiladi. Qo‘lida zarar yoki foyda yetkazih imkoni bo‘lmagan o‘zi kabi bir mavjudotga yaqin bo‘lgisi kelaveradi. Lekin aslida unga yaqin bo‘lish koni zarar bo‘lishi mumkin.

Ammo oliy Parvardigor, mulkida yagona bo‘lgan Yaratuvchimiz bandasiga jon tomiridan ham yaqindir. Bandasi U Zotning eshigini qoqib borar ekan, aslo yuz o‘girmaydi. Aslida U Zot molimizga ham, namozimizga ham, boshqa solih amallarimizga ham muhtoj emasdir. Balki rizqimiz, sog‘ligimiz va boshqa ne’matlar Allohning in’omi bo’lishi bilan birga, U Zotga yaqinlashtiradigan vositalar hisoblanadi.

Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyatida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Alloh taolo aytadi: “Men bandamning gumonidaman, Meni yod etsa, u bilan birgaman. Agar meni yolg‘iz yod etsa, Men ham uni yolg‘iz yod etaman, agar meni biror jamo ichida yodga olsa, Men uni undan yaxshiroq jamoa ichida yodga olaman. Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir gaz yaqinlashaman. Menga bir gaz yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman, Menga yurib kelsa, Men unga yugirib boraman”.

Alloh taologa duo-iltijo qiling, U duoyingizni ijobat qiladi, siz esa unga yanada yaqinlashasiz, Undan uns topasiz.

Allohga solih amallar bilan yaqinlashing. U Zotga yaqin bo‘lish hamma ishlarning kaliti, boshqaruvi qo‘lida bo‘lgan, manfaat va zarar amrida bo‘lgan Allohga yaqin bolmoqdir. U Zotga uns bo‘lmoq eng yuksak unsdir.

Xorlik banda uchun tubanlikdir, qadr-qiymatining toptalishidir. Ammo Alloh taologa xokisorlik qilish, yalinish-yolyorish izzatdir, yuksaklikdir. Maxluq uchun o’zini xorlagan kishi Alloh taologa yolborish lazzatini his qila olmaydi. Kasod bozorda vijndoni pullagan, o‘ziga oxshash maxluq bandani rozi qilaman deb iymon-e’tiqodidan, qadriyatlaridan voz kechganlar xokisor bo’la olmaydi.

Haqiqiy saodatli hayotni yashash uchun, ruhan bog‘lanish lazzatini topish uchun, Alloh taologa ixtiyoriy qul bo‘lish halovatiga yetish uchun ham U Zotga yaqinlashga muhtojmiz.

Meningchun shon-sharfdir ham quling bolmoq,

Muhammaddek payombarning izin quvmoq.

Bu toledan samolarga uchay emdi,

Kavokiblar uzra odim otay emdi.

Alloh taolo O‘ziga yaqin-muqarrab bandalridan qilsin!

Muallif: Obidxon ABDULHAMID

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *