QUR’ON HAQ KITOBDIR

سَنُرِيهِمۡ ءَايَٰتِنَا فِي ٱلۡأٓفَاقِ وَفِيٓ أَنفُسِهِمۡ حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَهُمۡ أَنَّهُ ٱلۡحَقُّۗ أَوَ لَمۡ يَكۡفِ بِرَبِّكَ أَنَّهُۥ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ ٥٣

Toki ularga (ushbu Qurʼon rostdan ham Alloh tomonidan nozil qilingan) Haq (Kitob) ekani aniq maʼlum boʻlgunicha, albatta, Biz ularga atrof-ofoqdagi va oʻz vujudlaridagi (Bizning borligimiz va qudratimizga dalolat qiladigan) oyat-alomatlarimizni koʻrsatajakmiz. Axir (ularga) Parvardigoringizning barcha narsaga guvoh ekani (yaʼni Alloh taolo ushbu Qurʼonda koinotdagi barcha narsani qamrab olib, Oʻz hukmini bayon qilayotgani sizning haq paygʻambar ekaningizni isbotlash uchun) yetarli emasmi?! (Fussilat, 53).

Ushbu oyatda Qurʼon rostdan ham Alloh tomonidan nozil qilingan haq Kitob ekani aniq maʼlum boʻlgunicha, Alloh taolo odamlarga koinotdagi va insonlardagi maxfiy boʻlgan narsalarni koʻrsatishi haqida vaʼda bermoqda. Yaʼni Qurʼon rostdan ham Alloh tomonidan nozil qilingan haq Kitob ekaniga dalolat qiladigan dalillarimiz va oyatlarimizni ularga koʻrsatamiz. Alloh taolo bu oyatlarni qayerda koʻrsatadi? Ularni atrof-muhitda va oʻz vujudlarida koʻrsatadi. Alloh yeru osmonlarda koʻplab ajoyib va gʻaroyib narsalarni yaratib qoʻygan. Bu olamning kecha-kunduz, quyosh, oy va yulduzlar kabi oyatlari bordir. Shuningdek, yeru osmonda roʻy beradigan son-sanoqsiz voqea va hodisalar hamda ularda koʻzga tashlanadigan turli-xil oyatlar bordir. Allohning Parvardigorligi va ulugʻ Ilohligiga dalolat qiladigan oyatlar faqat falakiy oyat-alomatlar emas, balki kim bu dunyodagi har bir narsa haqida fikr yuritsa, bu uni Alloh taoloning yakkayu yagona iloh va Parvardigor ekaniga yetaklab boradi. Shunda bu insonning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga iymon keltirmay iloji qolmaydi. Dunyodagi har bir narsada Allohning oyat-alomatlari bor. Masalan, hayvonot olamidan chorva mollarini olaylik. Alloh taolo ularni biz uchun yaratib, bizga boʻysundirib qoʻydi. Ularni qoʻrqmay xotirjam minamiz, goʻshtlaridan yeymiz va sutlari, terilari hamda junlaridan foydalanamiz.

ٱللَّهُ ٱلَّذِي جَعَلَ لَكُمُ ٱلۡأَنۡعَٰمَ لِتَرۡكَبُواْ مِنۡهَا وَمِنۡهَا تَأۡكُلُونَ ٧٩ وَلَكُمۡ فِيهَا مَنَٰفِعُ وَلِتَبۡلُغُواْ عَلَيۡهَا حَاجَةٗ فِي صُدُورِكُمۡ وَعَلَيۡهَا وَعَلَى ٱلۡفُلۡكِ تُحۡمَلُونَ ٨٠ وَيُرِيكُمۡ ءَايَٰتِهِۦ فَأَيَّ ءَايَٰتِ ٱللَّهِ تُنكِرُونَ ٨١

Alloh taolo aytadi:

Alloh sizlar uchun chorva hayvonlarini (toki) sizlar oʻsha (hayvon)lardan (ayrimlarini) minishlaringiz uchun (paydo) qildi. Oʻsha (hayvon)lardan yeysizlar ham. Sizlar uchun ulardan (koʻp) foydalar bordir. (U hayvonlar) sizlar ularning ustida dillaringizdagi hojatlaringizga yetishlaringiz uchun ham (yaratilgandirlar). Sizlarni (quruqlikda) oʻsha (hayvonlar) ustida va daryo-dengizlarda esa (kemalarda) (koʻzlagan manzillaringizga) eltib qoʻyilur. (Alloh) sizlarga Oʻz oyat-alomatlarini koʻrsatur. Bas, sizlar Allohning qaysi oyatlarini inkor qilursizlar?! (Gʻofir, 79-81).

Kim hayvonot olamiga nazar solsa, ular haqida fikr yuritsa, ularning barchasi oyat-alomatlar va ajoyibotlar bilan toʻla ekaniga guvoh boʻladi.

Barchamizga maʼlum boʻlgan hayvonlardan itni olaylik uning burnida shunaqangi bir hid bilish moddasi bor ekanki, u bilan uzoqdan doʻstini dushmanidan ajratib olar ekan.

Xat tashuvchi kabutar borishi kerak boʻlgan joyni osongina topib borib, yana oʻz egasiga adashmay qaytib keladi. Unga yoʻlni kim oʻrgatdi? Chumoliga qarang, rizq topish uchun ertayu kech zahmat chekadi. Qish fasli kelishini bilib, yoz faslida inida ozuqa jamlaydi. Yiqqan don-dunlari koʻkarib ketmasligi uchun uni ikkiga boʻlib qoʻyadi. Unga bularni kim oʻrgatgan?

“Sahro kemasi” deb nom olgan tuyaga eʼtibor qarataylik. Haqiqatan, sahroliklar uchun tuya ham aloqa vositasi, ham ogʻir yuklarni tashiydigan va qiyin vazifalarni bajaradigan tayyor xizmatkor sanaladi. Uning yungidan koʻrkam va issiq kiyimlar toʻqilsa, suti toʻyimli va foydali taomdir. U oʻzi bahaybat va nihoyat darajada baqquvvat boʻlishiga qaramasdan, yosh goʻdak yetaklasa ham boʻysunib ketaveradi. Unga minish yoki ogʻir yuklarni ortish oʻta qulay: bir ishora bilan oldingizga choʻkib, qilt etmasdan turadi, minib olgach esa, yana bir ishora bilan oʻrnidan turib, sizni istagan joyingizga olib borib qoʻyadi. Uning yoriq lunjlari sahrodagi tikanli butoqlarni bemalol, qiynalmay chaynab yeyishga yordam beradi. Uzun boʻyni esa uning koʻzlarini sahro qumlaridan asraydi. Bular tuyaning tashqaridan kuzatilgan paytda koʻzga tashlanadigan jihatlaridir. Endi uning vujudiga ibrat nazari bilan qaralsa, oʻrkachida yigʻilgan yogʻlar yordamida oylab ovqatsiz, suvsiz yura oladi. Uning badanidagi har bir aʼzo naqadar sahroga moslab yaratilganini koʻrib Yaratganning qudratiga tan bermay ilojingiz yoʻq.

Insonning yaralishidagi Allohning qudratini oʻylab koʻring. Uning ona qornidagi qorongʻulikda ajoyib, puxta va bejirim tarzda yaratilishi, aʼzolarining bosqichma-bosqich rivojlanib borishi hamda oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlishi Alloh taoloning borligi va Uning qudratiga dalolat qilishi bilan birga inson aqlini lol qoldiradi. Insonning koʻziga qarang! U juda nozik va ajoyib yaratilgan. Tashqaridan qosh, burun va yonoq suyaklari bilan oʻrab himoya qilingan. Uning ishlash jarayoni va ranglarni bir-biridan ajratishi va qovoqlar yumilishi orqali oʻzini himoya qila olishi….

أَوَ لَمۡ يَكۡفِ بِرَبِّكَ أَنَّهُۥ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ

Axir (ularga) Parvardigoringizning barcha narsaga guvoh ekani (yaʼni Alloh taolo ushbu Qurʼonda koinotdagi barcha narsani qamrab olib, Oʻz hukmini bayon qilayotgani sizning haq paygʻambar ekanligingizni isbotlash uchun) yetarli emasmi?!

قُلِ ٱنظُرُواْ مَاذَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ وَمَا تُغۡنِي ٱلۡأٓيَٰتُ وَٱلنُّذُرُ عَن قَوۡمٖ لَّا يُؤۡمِنُونَ ١٠

Alloh taolo barchamizni Oʻzining yeru osmondagi kavniy oyat-alomatlari haqida tafakkur va taammul qilishga koʻp chorlagan.

Albatta, osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, dengizda odamlarga kerakli narsalarni olib yurgan kemalarning (suzishida) va Alloh osmondan tushirgan va u sababli oʻlik yerni tiriltirib, bor jonzotni tarqatib-yoyib yuborgan suv degan neʼmatda va shamollarning yoʻnaltirilishida, osmon va yer orasidagi itoatgoʻy bulutda — (bularning hammasida) aqlli kishilar uchun oyat-alomatlar bordir (Baqara, 164).

Bu kabi oyatlar insonni tinimsiz Alloh yaratgan oyat-alomatlar haqida fikr yuritib, taammul qilishiga undaydi. Har bir aqlli va baxtli inson ilmiy kashfiyotlarni va Allohning koinotdagi oyat-alomatlarini bir-biriga bogʻlasa, yanada iymoni kuchayishiga olib keladi.

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *