QACHON CHIN MUSULMON BO’LAMIZ ?! / OYAT VA HIDOYAT

فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّىٰ يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنفُسِهِمْ حَرَجًا مِّمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

(Niso, 65)

Yoʻq, Parvardigoringizga qasamki, to ular oʻz oʻrtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha va keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, toʻla taslim boʻlmagunlarichaboʻyinsunmagunlaricha zinhor moʻmin boʻla olmaydilar (Niso, 65).

Sahobalar Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning har bir buyruqlariga soʻzsiz itoat qilardilar. Bunga saodat asrida roʻy bergan voqea va hodisalar juda koʻp.

  • Odamlar Qubo masjidida bomdod namozini oʻqib turganlarida bir kishi kelib: “Shu kecha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga vahiy tushdi. Unda namozni Kaʼbaga yuzlanib oʻqishga buyurildilar. Sizlar ham u tarafga yuzlaninglar”, deb aytdi. Ular Shom tarafga yaʼni, Baytul Maqdisga yuzlanib, namoz oʻqib turgan edilar. Shunda burilib, Kaʼbaga yuzlanib oldilar. Bu hadisni imom Muslim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar.
  • Abu Bakr raziyallohu anhuning bir qarindoshlari bor edi. Unga doim infoq-ehson qilib turardilar. U kishi Abu Bakr raziyallohu anhuning qizlari Oisha haqida nohaq mish-mish tarqatgani uchun unga hech qachon yordam bermasliklarini aytib qasam ichdilar. Shunda Alloh taoloning ushbu oyati nozil boʻldi.
  • Abdulloh ibn Ravoha raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xutba qila turib: “Oʻtiringlar”, deganlarini eshitishlari bilanoq masjid tashqarisida oʻtirib oldilar. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetib bordi va u zot uning haqiga duo qilib, shunday deydilar: “Alloh va Rasuliga itoat qilishga boʻlgan qiziqishingni Alloh yanada ziyoda qilsin”. Buni Ibn Kasir Bidoya va nihoya kitobida zikr qilganlar.
  • Bir kishi Umar roziyallohu anhuga yomon gaplarni soʻzlab, haqorat qildi. Hazrati Umar uning taʼzirini bermoqchi boʻldilar. Shunda huzurlaridagilardan biri quyidagi oyatni o‘qidi: “Sizlardan fazl va keng-katta mol-davlat egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yoʻlida infoq-ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni magʻfirat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh magʻfiratli, mehribondir” (Nur, 22).

Bu oyatni eshitgan zahoti Umar roziyallohu anhu niyatlaridan qaytdilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilar: “Umar roziyallohu anhu oyat oʻqilganda oyatni hatlab oʻtmadilar. U kishi Allohning amriga oʻta itoatkor, Qurʼon koʻrsatmalaridan tashqariga chiqmaydigan zot edilar.

Bu sahobalarning itoatkorliklariga misol boʻlsa, quyida aytmoqchi boʻlgan misolim ulardan keyingilar uchun misol boʻla oladi.

  • Ali ibn Husaynning joriyasi tahorat qilish uchun suv qoʻyib turgandi. Toʻsatdan qoʻlidan obdasta tushib ketdi. Natijada Ali roziyallohu anhuning yuzi kesilib, tirnalib ketdi. Boshini koʻtarib, joriyaga qaragan edi, Joriya dedi: “Alloh: (U taqvodor zotlar) gʻazablarini ichlariga yutadigankishilardir”, degan. Ali ibn Husayn: “Gʻazabimni ichimga yutdim”, dedi. Joriya: “Alloh: (U taqvodor zotlar) odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir”, deb aytadi, degan edi Ali: “Xatongni afv etdim”, dedi. Shunda Joriya: “Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi”, degan edi. Ali: “Bor, ketaver sen ozodsan”, dedi.

Bular Allohning amriga soʻzsiz itoat etishga baʼzi misollardir. Musulmonchilik Allohning buyruqlariga boʻysunishingiz miqdoriga qarab kuchayadi.

  • Kunimizda birovga bir masalani yoki hukmni aytsangiz, “Bu masalada ixtilof bor”, deydi. “Buni Alloh aytgan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytganlar”, desangiz, yana “Bu masalada ixtilof bor”, deb aytadi. Bunday yondoshuvni Alloh va Rasuliga boʻysunish deyish mumkinmi? Bunga javob berish oʻzingizga havola.

Alloh taolo barchamizni Oʻziga itoat qiladiganlardan qilsin!

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *