OG’IZLAR MUHRLAB QO’YILADI | OYAT VA HİDYAT

الْيَوْمَ نَخْتِمُ عَلَىٰ أَفْوَاهِهِمْ وَتُكَلِّمُنَا أَيْدِيهِمْ وَتَشْهَدُ أَرْجُلُهُم بِمَا كَانُوا يَكْسِبُونَ

“Bu kun Biz ularning ogʻizlarini muhrlab qoʻyamiz. Bizga ularning qilib oʻtgan ishlari haqida — ularning qoʻllari soʻzlaydi va oyoqlari guvohlik beradi” (Yosin, 65).

Dahshatlarga toʻla bunday kunda mazkur osiylarning jinoyat va maʼsiyatlarini isbot etish uchun talashib-tortishishga ham, guvoh olib kelishga ham hojat qolmaydi. Ularning yolgʻon gapirishga oʻrganib odatlanib qolgan ogʻizlaridan turli yolgʻon va behuda gaplarni eshitib oʻtirishga ehtiyoj qolmaydi.

Bu kunda Alloh taolo ularning ogʻizlarini muhrlab qoʻyadi, tillari soqov boʻlib qoladi. Shundan soʻng boshqa aʼzolari ularning ziddiga guvohlik bera boshlaydi. Har bir kofirning bu dunyoda qilgan ishlari haqida oʻz qoʻllari, oyoqlari va terilari guvohlik beradi.

Butun xaloyiq oʻrtasida “Ey falonchi! Alloh taoloning huzurida turishga hozirlan!” – deyiladi. Gunohga botgan odamni olib kelinib: “Ey bandam, qilgan mana bu gunohlaringni eslaysanmi?” deydi Alloh taolo. Banda: “Yoʻq, aslo men bularni qilmaganman”, deb javob beradi. Vo ajab! Alloh taolo unga gunohlarini eslatsa ham, u tonib, inkor qilib oʻtiribdi. Alloh taolo unga: “Mening bunga guvohlarim bor”, deydi.

Alloh taolo toʻgʻridan toʻgʻri uni doʻzaxga uloqtira olmasdimi?! Nega unga: “Mening bunga guvohlarim bor”, deydi? Vaholanki, amr oʻzining amri, yaratgan narsalar oʻziniki va barcha mulk oʻzining mulki boʻlsa! Albatta, bunday qilishga qodir, lekin buni biron bir uzr qoldirmaslik uchun qiladi. Iso alayhissalom oʻz qavmi haqida Alloh taologa shunday xitob qiladi: “Agar ularni azoblasang, ular Sening ojiz bandalaring. Agar ularni magʻfirat qilsang, albatta, Sen Oʻzing qudrat, hikmat egasidirsan» (Moida, 118).

Demak, Alloh taolo unga: “Ey bandam! Mening bunga guvohlarim bor”, deydi. Senga farishtalar, odamlar ustida yuradigan zamin guvoh boʻladi. Shuningdek, Paygʻambar ham senga guvoh boʻladi. Shunda: “Men boshqa guvohlarga rozi emasman. Guvohlar oʻzimdan boʻlishini xohlayman”, deydi bechora banda. Alloh taolo uning ogʻziga muhr bosilishini amr qiladi. Shunda uning boshqa aʼzolari gapira boshlaydi. Oyogʻi, qoʻli, quloq va koʻzlari gapirib, unga qarshi guvohlik beradi. Aʼzolari va terilarining gapirganini koʻrgandan keyin unga gapirishga izn beriladi. Shunda terilariga qarata: “Yoʻqolinglar! Daf boʻlinglar! Sizlarni himoya qilaman, deb shuncha harakat qilgan edim! deydi. “Nima uchun bizga qarshi guvohlik berdinglar?” — deganida, (terilari): “Bizlarni barcha narsani soʻzlatgan zot Alloh soʻzlatdi”, deb javob berishadi (Fussilat, 21).

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U zot kuldilar. Soʻngra: «Nimadan kulayotganimni bilasizlarmi?” dedilar. Biz: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdirlar”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni bandaning Parvardigori bilan tortishuvidan” dedilar. U: “Ey Rabbim, meni zulmdan saqlamaganmisan?” deydi. Shunda Alloh jalla jalaluhu: “Ha, saqlaganman”, deydi. Banda: “Men oʻzimga qarshi faqat oʻzimdan boʻlgan guvohnigina qabul qilaman”, deydi. U Zot: “Bugungi kunda ziddingga oʻz joning yetarli guvohdir. Kiromu kotibiyn, (amallaringni yozib borgan farishtalar) guvohlikka yetarlidir”, deydi. Shundan keyin uning ogʻzi muhrlanadi. Aʼzolariga: “Gapir”, deyiladi. Ular uning qilgan amallarini aytib beradilar. Soʻngra unga gapirish imkoni beriladi. U: “Yoʻqolinglar! Halokatga uchranglar! Sizlarni himoya qilaman deb harakat qilgan edim”, deydi» (Imom Muslim rivoyati).

Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam, jumladan bunday deganlar: “Soʻngra uchinchi shaxsga roʻbaroʻ keladi va: «Sen nima deysan?!” deydi. U: “Men Sening bandangman. Senga, Paygʻambaringga, kitobingga iymon keltirdim. Roʻza tutdim, namoz oʻqidim, sadaqa berdim”, deb iloji boricha maqtov soʻzlarni aytadi. Unga: “Ziddingga guvohimizni yuboraylikmi?!” deyiladi. U ichida oʻziga qarshi kim guvohlik berishi mumkinligini oʻylab turganida, ogʻziga muhr uriladi. Soʻngra soniga: “Sen gapir”, deyiladi. Shunda uning soni, goʻshti va suyagi nima amal qilganini gapiradi. Ana shu munofiq odamdir. Bu ish uning uzri oʻzi bilan boʻlsin deb qilinadi. Ana shu odam Allohning gʻazabiga uchraydigan odamdir».

Ibn Jarir Tabariy keltirgan rivoyatda Abu Muso Ashʼariy raziyallohu anhu quyidagilarni aytgan edilar: “Qiyomat kuni moʻmin kishi hisob-kitobga chaqiriladi. Rabbi unga amallarini oʻzaro ikkovlari biladigan qilib arz qiladi-koʻrsatadi. Banda: «Ha, Rabbim, qiluvdim, qiluvdim, qiluvdim”, deb qilgan gunohlarini tan oladi. Shunda Alloh uning gunohlarini magʻfirat qilib berkitadi. Yer yuzidagi biror maxluq u gunohkorlardan birontasini koʻrmaydi. Yaxshiliklari esa, koʻrinadi. U odamlar hammalari koʻrsalar edi, deb orzu qiladi. Shuningdek, kofir va munofiq ham hisob-kitobga chaqiriladi. Rabbi unga qilgan amallarini arz qiladi. U inkor etadi va: “Ey Rabbim, sening izzating ila qasamki, farishta men qilmagan ishni menga yozib qoʻyibdi”, deydi. Farishta unga: “Falon kuni, falon joyda shundoq qilmagan edingmi?!” deydi. U: “Yoʻq! Izzating ila qasamki, ey Rabbim, men buni qilganim yoʻq”, deydi. Shundan soʻng uning ogʻziga muhr bosiladi. Menimcha, eng avval uning oʻng soni gapiradi», deb turib Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhu: “Bugungi kunda ularning ogʻizlariga muhr uramiz…” deb boshlangan oyatni tilovat qildilar.

Azizlar! Kundalik hayotda hech bir kishi u xoh yosh bola boʻlsin, xoh oʻquvchi yoki ishchi boʻlsin, xoh qoʻlida hukmronlik va mol-mulki bor amaldor boʻlsin, bulardan hech biri oʻz oʻrtoqlari yoki sinfdoshlari yoki kursdoshlari yoki hamkasblari yoki mahalladoshlari orasida izza boʻlishni yoki obroʻsi toʻkilishini aslo istamaydi. Qiyomatda-chi? Kim bunday sharmandalikka rozi boʻladi?!

Alloh barchamizni ikki dunyoda ham sharmanda boʻlishdan asrasin!

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *