ODAMLAR BEHUDAGA YARATLIGANLARMI? | OYAT VA HİDYAT

أَفَحَسِبْتُمْ أَنَّمَا خَلَقْنَاكُمْ عَبَثًا وَأَنَّكُمْ إِلَيْنَا لَا تُرْجَعُونَ  فَتَعَالَى اللَّهُ الْمَلِكُ الْحَقُّ ۖ لَا إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْكَرِيمِ

“…Yoki sizlarning gumoningizcha Biz sizlarni behuda (yaʼni dunyoda sizlarga biron vazifa bermaydigan, oxiratda hisob-kitob qilmaydigan holda) yaratdigu, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysizlarmi?!» (Undoq emas)! Zotan Haq Podshoh — Alloh (biron ishni behuda qilishdan) yuksakdir. Hech qanday iloh yoʻq magar U — ulugʻ arsh sohibi bordir (Moʼminun, 115-116).

Boshqa bir oyatda Alloh azza va jalla: “Inson oʻzini (bu dunyoda dinu iymonga buyurilmasdan, oxiratda esa qayta tirilib, hisob-kitob qilinmasdan) bekor tashlab qoʻyiladi deb oʻylaydimi?!” (Qiyomat, 36) deb aytadi.

Ushbu oyatlar Alloh taoloning borliqni yaratishdagi hikmati haqida soʻz yuritadi. Alloh taolo sizlarni behuda yaratgan, deb oʻylaysizlarmi?! Bunday goʻzal va bejirim yaratilish ortida hech qanday maqsad va gʻoya yoʻq, deb oʻylaysizlarmi?! Bu soʻroqdan yaralish behudami yoki yoʻqmi deb, unga javob berish kutilmayapti, balki ular behuda yaratilmagani taʼkidlanmoqda. Bu soʻroq bilan yaralishdagi maqsadni tushunib yetmagan, oʻyin-kulgiga berilib, gunohlarga gʻarq boʻlgan va Parvardigorga ibodat qilishni unutib qoʻygan kishilarga tanbeh berilyapti. Biz sizlardan hech bir vazifa yoki topshiriq istamagan holda yaratdik deb oʻylaysizlarmi yoki bunda hech qanday hikmat yoʻq deb oʻylaysizlarmi?! Alloh taolo Mulk surasida shunday deydi: “(Alloh) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq-yaxshiroq amal qiluvchi ekaningizni imtihon qilish uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir” (Mulk, 2).

Demak, Alloh taolo har bir insonning mana shu dunyoda qilib oʻtadigan amallarini sinab, oxiratda oʻsha amalga yarasha mukofot yoki jazo berish uchun oʻlim va hayotni yaratgan. Bu dunyoda yaralishimizdan koʻzlangan maqsad va gʻoya nima? Faqat yeyish-ichish uchun yaratilganmizmi? Yoki boylik, mol-dunyo toʻplash uchun dunyoga keldikmi? Yoki bu dunyoda yaratilishimizdan maqsad dunyoning oʻtkinchi ziynatlaridan bahramand boʻlishmi? Yoʻq, aslo bunday emas! Alloh taolo bizni behuda va bekordan bekorga yaratmagan. Bizlarni ulugʻ bir gʻoya uchun yaratgan. Bu Alloh taologa ibodat qilish, unga qullik qilishdir. Faqat ibodatni tor maʼnoda tushunmasligimiz kerak. Ibodat Alloh yaxshi koʻradigan va rozi boʻladigan barcha oshkora va pinhona soʻzlar va amallarni oʻz ichiga oladigan kalimadir. Alloh taolo deydi:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُون مَا أُرِيدُ مِنْهُم مِّن رِّزْقٍ وَمَا أُرِيدُ أَن يُطْعِمُونِ إِنَّ اللَّهَ هُوَ الرَّزَّاقُ ذُو الْقُوَّةِ الْمَتِينُ

“Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. Men ulardan biron rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini istamasman. Zero, Allohning Oʻzigina (barcha xaloyiqqa) rizqu roʻz berguvchi, kuch-quvvat sohibi va qudratlidir” (Zoriyot, 56-58).

Shuni tan olishimiz kerakki, koʻpchiligimiz nega yaratilganimizdan gʻaflatdamiz. Hatto baʼzilarning qalblari nihoyatda toshbagʻir boʻlib ketgan.

Bu muhim masalada har lahza fikr yuritishimiz zarur. Bunga boʻlgan ehtiyojimiz yeyish-ichishga, uyquga, kiyim-kechakka, nikohga va nafas olishga boʻlgan ehtiyojimizdan koʻra muhimroqdir.

“Albatta, Biz bu omonatni (yaʼni shariati Islomiyyadagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, yerga va togʻu toshlarga koʻndalang qilgan edik, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar. Inson esa uni oʻz zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (oʻziga) zulm qilguvchi va nodon edi (yaʼni bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanligini butun koinot bildi va uni koʻtarishga qurbi yetmasligini sezdi, ammo inson oʻzi bilmagan holda oʻta mushkul vazifani oʻz zimmasiga oldi) (Ahzob, 72).

Alloh taolo bizdan ham, biz qilgan toat-ibodatlardan ham behojatdir. Unga bizlar qilgan toatlarimiz foyda bermaganidek, maʼsiyatlarimiz ham zarar bermaydi. Aksincha, biz hammamiz Allohga muhtojmiz.

“Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Allohning Oʻzigina (barcha odamlardan) behojat va (barcha) maqtovga loyiq zotdir (Fotir, 15).

Abu Zar Gʻiforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Alloh azza va jalladan shunday rivoyat qiladilar: “Alloh taolo dedi: “Ey bandalarim, sizlar Menga zarar yetkazish darajasiga hech qachon yetolmaysizlarki, Menga zarar yetkazsangizlar! Menga foyda yetkazish darajasiga ham hech qachon yetolmaysizlarki, Menga foyda yetkazsangizlar!

Ey bandalarim, agar avvalingizu oxiringiz, insu jinlaringiz orangizdagi eng taqvodor insonning qalbidek boʻlsangiz ham, bu Mening mulkimga hech narsa ziyoda qilmaydi.

Ey bandalarim, agar avvalingizu oxiringiz, insu jinlaringiz orangizdagi eng fojir kimsaning qalbidek boʻlsangizlar ham, bu Mening mulkimdan hech narsani kamaytirib qoʻymaydi.

Ey bandalarim, agar avvalingizu oxiringiz, insu jinlaringiz bir joyga toʻplanib Mendan (hojatlarini) soʻrasalar va Men ularning har biriga soʻragan narsasini berganimda ham, bu Mening huzurimdagi narsalarni kamaytirmaydi, illo igna dengizga botirilganda undan qancha suvni kamaytiradigan boʻlsa, oʻshancha miqdorda kamaytiradi, xolos” (Muslim rivoyati).

Alloh taolo barchamizni faqat Oʻziga ibodat qilishga muvaffaq qilsin!

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *