MASXARA QILMANG! | OYAT VA HİDYAT

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا يَسۡخَرۡ قَوۡمٞ مِّن قَوۡمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُواْ خَيۡرٗا مِّنۡهُمۡ وَلَا نِسَآءٞ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيۡرٗا مِّنۡهُنَّۖ وَلَا تَلۡمِزُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ وَلَا تَنَابَزُواْ بِٱلۡأَلۡقَٰبِۖ بِئۡسَ ٱلِٱسۡمُ ٱلۡفُسُوقُ بَعۡدَ ٱلۡإِيمَٰنِۚ وَمَن لَّمۡ يَتُبۡ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ ١١

“Ey moʻminlar, (sizlardan boʻlgan) bir qavm (boshqa) bir (moʻmin) qavmdan masxara qilib kulmasin — ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Yana (sizlardan boʻlgan) ayollar ham (boshqa moʻmina) ayollarga (masxara qilib kulmasinlar) ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Oʻzlaringizni (yaʼni, bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizga laqablar qoʻyib olmanglar! Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (yaʼni moʻmin kishining yuqorida man qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, ana oʻshalar zolim kimsalarning oʻzidirlar (Hujurot, 11).

Oyatning nozil boʻlish sabablari haqida bir nechta rivoyatlar bor. Ulardan biriga koʻra, oyat Sobit ibn Qays ibn Shammos raziyallohu anhu haqida nozil boʻlgan. U Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yonlariga oʻtirishni istaganida, u yerda oʻtirgan odam joyini bergisi kelmadi. Bunga Sobitning jahli chiqib, uni “Falonchi xotinning oʻgʻlimi?” deb onasi bilan aybladi. Shunda yuqoridagi oyat nozil boʻldi.

Boshqa bir rivoyatga koʻra, oyat Tamim qabilasi vakillari haqida tushgan. Ular Madinaga kelishganida Ammor, Xabbob, Bilol kabi kambagʻal sahobiylarning bir ahvoldagi ust-boshlarini koʻrib kulishdi. Shunda bu oyat tushdi.

“Ehtimol, (masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq boʻlsalar”. Ehtimol, oʻsha masxara qilinayotgan odam Alloh taoloning huzurida masxara qilayotgan kishidan yaxshiroq, darajasi balandroqdir.

Baʼzi kishilar gohida butun boshli bir xalq, millat yoki qabilaning ustidan kulib, masxara qiladilar. Qiyomatda ularning haqlarini ado etib, rozi qilishga kuchlari yetadimi? Baʼzilar nasl-nasabi bilan, baʼzilar mol-dunyosi va boyligi bilan, baʼzilar qoʻlga kiritgan ilmiy diplomlari bilan yoki odamlar orasida qozongan obroʻ-eʼtibori bilan faxrlanib kekkayadi. Odamlarni oyogʻ uchida koʻrsatishga urinadi.

Alloh nazdida bandalarning bir-birlaridan afzalligini koʻrstadigan oʻlchov taqvodir. Alloh taolo bu haqida ayni shu surada shunday deydi: “Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlilaringiz taqvodorrogʻingizdir” (Hujurot, 13).

“Bir qavm (boshqa) bir (moʻmin) qavmdan masxara qilib kulmasin — ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq boʻlsalar”. Yaʼni, baʼzi odamlar ayrim sifatlarda boshqalardan ustun boʻlgani uchun ularni masxara qilib kamsitadi. Boy kambagʻaldan, boshliq qoʻli ostidagi ishchidan, kuchli kuchsizdan, ilmli ilmsizdan, chiroyli xunukdan, oliynasab kishi oddiy odamning ustidan kulib, masxara qiladi. Holbuki, Alloh azza va jalla insonlarga bergan qobiliyatlar bir-birlarini masxara qilish uchun emas, balki baʼzilaridagi kamchiliklarni toʻldirib, bir-birlariga yordamchi boʻlishlari uchundir. Agar shunday qilishsa, jipslashgan kuchli jamiyat yuzaga keladi.

Alloh taolo aytadiki: “U sizlarni imtihon qilish uchun ayrimlaringizni ayrimlaringizdan yuqoriroq darajalarga koʻtarib qoʻygan zotdir” (Anʼom, 165). Yuqori darajada qilingan degani oʻsha odamning hamma narsada boshqalardan yuqori degani emas, balki buning maʼnosi bir narsada yuqori qilingan boʻlsa, boshqa narsada undan quyiroqda deganidir.

“Shuningdek, ayollar ham (boshqa moʻmina) ayollarga (masxara qilib kulmasinlar) ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq boʻlsalar”.

Aksar mufassirlarga koʻra, oyat Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning ayollari haqida tushgan. Ular Ummu Salama onamizni boʻylari qisqaligi sabab masxara qilishgandi.

Oysha onamiz raziyallohu anho haqida tushganini aytgan tafsirchilar ham bor. Ikrima ibn Abbosdan bunday rivoyat qilinadi: “Sofiya onamiz raziyallohu anho Paygʻambarimizga yigʻlab: “Ey Rasululloh, ayollar (Oysha bilan Hafsa) ustimdan kulib: “Yahudiyning qizi yahudiy!” deyishyapti”, dedi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallam: “Sen ham: “Mening otam Horun paygʻambar, amakim Muso paygʻambar, erim Muhammad paygʻambar!” deb aytsang boʻlmasmidi?!” dedilar (Qurtubiy tafsiri).

Oysha onamiz aytadilar: “Bir kuni Rasulullohga: “Sofiya bunday xotin”, deya qoʻlim bilan boʻyi pastligiga ishora qildim. U zot sallallohu alayhi vasallam: “Sen shunday soʻz aytdingki, dengizga tashlansa, uning suvini ham buzardi!” dedilar (Termiziy rivoyati).

Shu yerda bir narsaga diqqatingizni qaratmoqchiman. U ham boʻlsa, ayollar orasida birovlarni masxara qilish koʻproq uchrashidir. Chunki ayol kishi zeb-ziynat ichida katta boʻladi. Doim boshqalardan chiroyliroq koʻrinishga urinadi. Gohida oʻzidan koʻra xunukroq ayolni koʻrib qolsa, unga nisbatan kamsitish yoki mensimaslik holati paydo boʻlib qolishi mumkin. Uning taqinchogʻini yoki kiyimini kamsitib, ustidan kulishi mumkin. Bu holatlari solih amallarning kuyib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Demak, oʻzgalarni masxara qilish iymonsiz kishilarning odatlaridan sanalib, undan chetlanish iymon xislatlariga kirar ekan.

“Oʻzlaringizni mazax qilmanglar”. Yaʼni bir-biringizni ayblamang. Bu oʻrinda “Oʻzlaringizni” deyilishiga sabab, moʻminlar bir vujud kabidir. Shu bois moʻmin oʻz birodarini mazax qilganda goʻyo oʻzini mazax qilgan boʻladi. Shubhasiz, oʻzganing qusurini qoʻyib, oʻz kamchililiklarini tuzatish bilan shugʻullanish baxtiyorlik alomatidir.

“Va bir-birlaringizga laqablar qoʻyib olmanglar!” Laqab qoʻyish odamlarning bir-birlarini yoqimsiz sifatlar bilan sifatlashi yoki ularning ismlarini buzib yoki mensimay kamsitib chaqirishlari va ayblashlarini oʻz ichiga oladi. Albatta, maqtash yoki olqishlash uchun qoʻyilgan laqablar bunga kirmaydi.

Oyat soʻngida Alloh taolo bu tasarruflarni baholab, shunday hukm qiladi: “Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (yaʼni moʻmin kishining yuqorida manʼ qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, ana oʻshalar zolim kimsalarning oʻzidirlar”.

Bu yerda zulmdan maqsad nima? Zulm narsalarni oʻz oʻrinlariga qoʻymaslikdir. Odamlarni bir-birlaridan afzal va ustun ekanliklarini bildiradigan ikki xil oʻlchov bor. Birinchisi: Alloh taolo huzuridagi oʻlchov. Ikkinchisi: odamlar nazdidagi oʻlchovdir. Alloh taoloning bandalarni bir-biridan ustun yoki afzalligini bildiradigan oʻlchovlari bandalarning oʻlchovlaridan keskin farq qiladi. Mana shu ikki xil oʻlchov orasidagi uzoqlashuvdan kibr, masxara, mazax, gʻiybat va chaqimchilik qilish kabi illatlar yuzaga keladi.

Baʼzan omma orasida ilm, kuch va mol-davlatlari bilan ustun boʻlganlar oʻzlarining darajasida boʻlmaganlarni masxara qiladilar. Balki masxara qilinayotgan kishi Alloh nazdida unga oʻxshaganlardan ming marta afzal boʻlishi mumkin. Shuning uchun ham Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deydilar: “Sochi toʻzigan, ust-boshi gʻubor, kiyimining uvadasi chiqib ketgan, (odamlarning) nazari ilmaydigan qancha kishilar borki, agar Alloh(ning nomi)ga qasam ichsa, Alloh uning qasamini oqlab beradi”.

Imom Navaviy rahimahulloh aytadi: “Yaʼni, bir narsaning boʻlishini aytib qasam ichsa, Alloh uning soʻrovini inobatga olib, qasami buzilmasligi uchun oʻsha ishni yuzaga chiqarib qoʻyadi. Bu uning Alloh Taolo nazdidagi obroʻsi ulugʻligiga dalolatdir. Hadisdagi qasam duo maʼnosida, oqlab berish esa ijobat qilish maʼnosidadir”.

Atrofdagilarning sizga past nazar bilan qarashidan aslo xafa boʻlmang. Zero, haqiqiy hurmat, obroʻ-eʼtibor Allohning nazdida kim boʻlishingiz bilan belgilanadi. U Zot esa taqvodorlarni yaxshi koʻradi.

Islom shunaqangi bir buyuk dinki, siz faqir, yetim, hech kimi yoʻq, oddiy bir ishchi yoki hunarmand boʻlsangiz ham, Alloh taolo huzuridagi yuksak martabalarga erishishingiz mumkin.

  • MP3 VERSİYESİ

Muallif: Sherzod G’IYOS

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *