KUNDALIK ESLATMA

اللَّهُ يَتَوَفَّى الأَنفُسَ حِينَ مَوْتِهَا وَالَّتِي لَمْ تَمُتْ فِي مَنَامِهَا فَيُمْسِكُ الَّتِي قَضَى عَلَيْهَا الْمَوْتَ وَيُرْسِلُ الأُخْرَى إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Alloh jonlarni oʻlim vaqtlarida, oʻlmaganlarini esa uxlayotgan paytlarida olur. Bas, Oʻzi oʻlimga hukm qilgan jonlarni (badanlarga qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (yaʼni ajallari yetgunicha) qoʻyib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir (Zumar, 42).

Azizlar! Inson uxlayotgan vaqtda oʻlimni, uygʻonganda esa qayta tirilish va tiriklik holatini eslashi hamda bundan oʻzi uchun kerakli xulosalar chiqarib, oxirat tadorigini koʻrishi kerak boʻladi. Har kuni dunyoda qanchalik yoshu qari, sogʻu kasal odamlar vafot etishini koʻramiz yo eshitamiz. Har bir aqlli kishi uchun shu holatning oʻziyoq insonning dunyoda ustun boʻlmasligi, uzoq qolmasligini bilib, ibratlanishiga kifoya qilsa kerak.

Alloh taolo jonlarni oladi, ularni vafot topdiradi. Bu qachon yuz beradi? Bu jonlar oʻlayotgan vaqtda yuz beradi. Baʼzi jonlarning ajallari yetib, ularni olish taqdirga bitilgan boʻlsa, baʼzilariga hali oʻlim yozilmagan boʻladi.

Alloh jonlarni oʻlim vaqtlarida, oʻlmaganlarini esa uxlayotgan paytlarida olur.

“Bas, Oʻzi oʻlimga hukm qilgan jonlarni (badanlarga qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (yaʼni ajallari yetgunicha) qoʻyib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir (Zumar, 42).

Uyqu Alloh taoloning oyat-moʻjizalaridan biridir. Uyquga yotgan inson bir necha daqiqadan soʻng atrofida aytiladigan gap-soʻzlarni eshitmaydigan, voqea va hodisalarni koʻrmaydigan va his qilmaydigan holatga kelib qoladi.

وَمِنْ آيَاتِهِ مَنَامُكُم بِاللَّيْلِ وَالنَّهَارِ وَابْتِغَاؤُكُم مِّن فَضْلِهِ ۚ إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يَسْمَعُونَ (الروم: 23

“Uning oyatlaridan (yana biri) kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazlu marhamatidan (rizqu roʻz) istashlaringizdir. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir” (Rum, 23).

Dunyoda ham oxiratdagi baʼzi haqiqatlarni eslatib turadigan narsalar bor. Masalan, uyquni olaylik. Uyqu bir holatdan boshqa holatga vaqtincha koʻchish boʻlib, bizga oxirat olamiga – dorul baqoga butunlay koʻchishni yaʼni, oʻlimni eslatadi. Demak, oʻlim har birimiz uchun kundalik eslatmadir. Har safar uxlashimizdan oldin oʻlimni eslab turishimiz uchun Alloh taolo uni vafot etish deb atadi. Har doim uxlayotganimizda faqat mahshardagina uygʻonadigan oʻsha oxirgi uyquni yaʼni, oʻlimni eslashimiz kerak ekan.

Kunda hech boʻlmaganda bir marta boʻlsa ham oʻlim eslanmasa, qalb qorayadi. Inson harom-harishga aralashib, gunoh ishlar qilishga beparvo boʻlib, xuddi hech hisob-kitob qilinmaydigandek hamma ishni tap-tortmay qilaveradigan boʻlib qoladi. Oʻtgan solih kishilar esa, buni yaxshi anglab yetganlari bois, amal qilishga shoshilar edilar.

Yahyo ibn Yahyo Gʻassoniy shunday deydi: “Uxlaganimda biron marta ham shu galgi uyqumdan uygʻonaman”, deyish xayolimdan oʻtmagan”.

Muhammad ibn Voseʼ rahimahulloh uxlamoqchi boʻlsa ahli bilan vidolashar va: “Barchangizni Allohga omonat qilib topshiraman, kim bilsin, balki shu uyqum oʻlimim boʻlishi mumkin”, der edi.

Bularning barchasidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlariga nazar tashlaydigan boʻlsak, u zot Abdulloh ibn Umarning yelkasidan tutib turib: “Bu dunyoda xuddi musofirdek yoki yoʻlovchidek boʻl”,derdilar.

Ibn Umar roziyallohu anhu: “Qachon kechga yetsang, tongni kutib oʻtirma. Qachon tong ottirsang, tun kelishini kutib oʻtirmagin. Sogʻligingdan bemorligingga kerakli nasibani olgin. Hayotingdan oʻlimingga kerakli ulushni olgin”, der edilar.

Inson oʻzining bir kun kelib ahli qabrlardan boʻlishini unutib qoʻysa, undan xilma-xil gunohlar sodir boʻlaveradi. Bir kun kelib, dunyodan oʻtish va ahli qabrlardan boʻlishni unutib qoʻymaslik uchun oʻlimni eslatuvchi oyat va hadislarni tez-tez takrorlab turish kerak boʻladi.

Har bir banda oʻziga berilgan fursatlardan unumli foydalanishga harakat qilishi lozim. Toki jasadda kuch bor ekan, toat-ibodatni kuchaytirib, bu bebaho umrdan unumli foydalanib qoling, Alloh taoloning huzurida foyda beradigan amallarni gʻanimat biling!

Alloh taolo hammamizni oxiratni yodga olib, unga munosib solih amal qiladigan bandalaridan qilsin!

Muallif:  Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *