ISLOM UMMATIDAN ISTALGAN SHART / OYAT VA HIDOYAT

كُنتُمۡ خَيۡرَ أُمَّةٍ أُخۡرِجَتۡ لِلنَّاسِ تَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَتَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَتُؤۡمِنُونَ بِٱللَّهِۗ وَلَوۡ ءَامَنَ أَهۡلُ ٱلۡكِتَٰبِ لَكَانَ خَيۡرٗا لَّهُمۚ مِّنۡهُمُ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ وَأَكۡثَرُهُمُ ٱلۡفَٰسِقُونَ ١١٠

“(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz. Zero, siz yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitob ham iymon keltirganda edi, oʻzlari uchun yaxshi boʻlardi. Ulardan moʻminlari ham bor va (lekin) ularning koʻplari itoatsiz kimsalardir. (Oli Imron, 110).

Islom ummati naqadar ulugʻ obroʻ-eʼtiborga erishgan ummat! U eng afzal va Alloh huzurida eng hurmatga loyiq ummatdir.

كُنتُمۡ خَيۡرَ أُمَّةٍ أُخۡرِجَتۡ لِلنَّاسِ تَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَتَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَتُؤۡمِنُونَ بِٱللَّهِۗ

Odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz. Zero, siz yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz. Islom ummati oʻzining iymoni va qiladigan daʼvati bilan eng afzal ummat boʻlish maqomiga erishgandir.

“Nega yaxshi amallarga buyurib, yomon amallardan qaytarish Allohga iymon keltirishdan oldin zikr qilindi, holbuki iymon barcha toat-ibodatlardan muqaddam turadi-ku!” deb soʻralsa, bu savolga quyidagicha javob berish mumkin: “Allohga iymon keltirish hamma moʻmin ummatlar oʻrtasida mushtarak boʻlgan narsa. Islom ummati esa, boshqalardan yaxshi amallarga buyurib, yomon amallardan qaytarishi bilan afzaldir.

Yaxshi amallarga buyurish, yomon amallardan qaytarish iymonning alomatlaridan boʻlgani uchun Alloh oyatda ularni iymondan oldin zikr qildi. Bular Islom ummatini boshqa ummatlardan ajratib turadigan amallardir. Ahli kitoblar yaxshi amallarga buyurish va yomon amallardan qaytarishni tark etganlari uchun Qurʼonda qattiq qoralandi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

كَانُواْ لَا يَتَنَاهَوۡنَ عَن مُّنكَرٖ فَعَلُوهُۚ ….. ٧٩

“Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish!” (Moida, 79).

Odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz. Sizlar odamlarga eng koʻp manfaati tegadigan ummatsizlar. Chunki sizlar ularning qoʻllaridan tutib, Allohga va Uning yakka oʻziga ibodat qilishga chorlaysizlar. Ularni jaholat va shirk zulmatlaridan tavhid va ilm nurlariga chiqarasizlar. Demak, bundan shuni tushunamizki, eng katta manfaat faqat mol-dunyoni ehson qilish yoki gʻam-tashvishni aritish, tanglikdan qutqarish emas, balki doʻstingizning qoʻlidan ushlab, uni Allohga daʼvat qilishingiz, Parvardigorni unga tanitishingiz va uning jannatga kirishiga sabab boʻlishingizdir.

Bu ummat yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytargani uchun eng afzal ummat boʻladigan boʻlsa, demak, bu ummatning eng yaxshilari mana shu yaxshilik sabablarini oʻzlarida jamlagan kishilardir. Umar raziyallohu anhu bir safar haj qilganlarida odamlardan adabsizlik koʻrdilar va: “Odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz” oyatini oxirigacha oʻqidilar. Keyin: “Ey odamlar, kim mana shu ummatdan boʻlishni xohlasa, Allohning ulardan istagan shartini ado qilsin”, dedilar. Yaʼni, odamlarni yaxshi amallarga buyurib, yomon amallardan qaytarsin, dedilar.

Rabeyʼ rahimahulloh bu oyat haqida shunday deydilar: “Bironta ummat bu ummatdan koʻra Islomga koʻproq ijobat qilmagan. Shuning uchun ham Alloh taolo ular haqida: “Odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz”, dedi” (Tafsirut Tabariy, 7/102-103).

Allohdan hammamizni yaxshilikka buyurib, unga amal qiladigan va yomonlikdan qaytarib, oʻzi ham undan chetlanadigan, sevikli bandalaridan qilishini soʻraymiz.

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *