https://youtu.be/gZL2DaPVr9s
BUGUN SIZLAR UCHUN HECH XAVF-U XATAR YO’QDIR / OYAT VA HIDOYAT

يَٰعِبَادِ لَا خَوۡفٌ عَلَيۡكُمُ ٱلۡيَوۡمَ وَلَآ أَنتُمۡ تَحۡزَنُونَ ٦٨ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ بِ‍َٔايَٰتِنَا وَكَانُواْ مُسۡلِمِينَ ٦٩ ٱدۡخُلُواْ ٱلۡجَنَّةَ أَنتُمۡ وَأَزۡوَٰجُكُمۡ تُحۡبَرُونَ ٧٠ يُطَافُ عَلَيۡهِم بِصِحَافٖ مِّن ذَهَبٖ وَأَكۡوَابٖۖ وَفِيهَا مَا تَشۡتَهِيهِ ٱلۡأَنفُسُ وَتَلَذُّ ٱلۡأَعۡيُنُۖ وَأَنتُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ ٧١ وَتِلۡكَ ٱلۡجَنَّةُ ٱلَّتِيٓ أُورِثۡتُمُوهَا بِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ ٧٢ لَكُمۡ فِيهَا فَٰكِهَةٞ كَثِيرَةٞ مِّنۡهَا تَأۡكُلُونَ ٧٣

“(U Kunda ularga aytilur): «Ey, Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon boʻlib oʻtgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yoʻqdir va sizlar aslo gʻamgin boʻlmaysizlar. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod-hurram boʻlgan hollaringizda jannatga kiringiz! Ularga oltindan boʻlgan laganlar(da taomlar) va qadahlar(da sharoblar) aylantirilur. U joyda koʻngillar tilaydigan va koʻzlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar. Qilib oʻtgan amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir. Sizlar uchun u joyda koʻplab meva-chevalar boʻlib, sizlar ulardan yeysizlar (Zuxruf, 68-73).

Izoh. Mazkur oyatlarda besh kunlik dunyoda taqvo bilan yashab oʻtgan moʻmin-musulmonlarga meros qilib beriladigan jannatdagi noz-neʼmatlar beadad va mangu boqiy, bogʻ-mevalari esa xazon bilmas ekani bayon etildi.

Shu yerda yana bir bor oyatlarga eʼtibor qilaylik! Bu naqadar yoqimli, ajoyib va goʻzal rabboniy xitob! Yaʼni, oʻsha kuni tashvishlar, qoʻrquvlar va gʻam-gʻussalarga yakun yasaladi. Bu xitob muhabbat va rahmat bilan yoʻgʻrilgan. Ey, bandalarim, xotirjamlik va tinchlik bilan toʻla (Bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yoʻqdir) Shuningdek, baxt-saodat va shod-xurramlik bilan limmo-lim. (Va sizlar aslo gʻamgin boʻlmaysizlar) jannatda qarilik alomatlaridan asar ham qolmaydi. Sahardagi bedorlik, safar qiyinchiliklari, sogʻinch koʻz-yoshlari, qavmu qarindoshlar va yoru-birodarlardan uzoqlarda yurish va hayotdagi mashaqqatlar – hamma-hammasi ketadi. Hatto oʻlimga soʻng beriladi. Ha, sahih hadisda zikr qilinganidek, qoʻchqor shaklida olib kelib soʻyib tashlanadi.

Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Oʻlim gavdalantirilib, kulrang qoʻchqor koʻrinishida olib kelinadi hamda bir jarchi nido qilib: “Ey jannat ahli”, deydi. Shunda ular koʻrish uchun boʻyinlarini choʻzib qaraydilar. Alloh taolo: “Buni taniysizlarmi?” deb soʻraydi. Ular: “Ha, bu oʻlimdir” deb javob beradilar. Holbuki, ularning barchasi uni aniq koʻrgan edilar. Keyin: “Ey doʻzax ahli!” deb jar soladi. Shunda ular uni koʻrish uchun boʻyinlarini choʻzib qaraydilar. Alloh taolo: “Sizlar ham uni taniysizlarmi?” deb soʻraydi. Ular: “Ha, bu oʻlimdir” deb javob beradilar. Batahqiq, ularning barchasi uni koʻrgan edilar. Shundan soʻng oʻlim boʻgʻizlab soʻyib tashlanadi. Soʻngra jarchi: “Ey jannat ahli! Bu yogʻi abadiylik, endi oʻlim yoʻq. Ey doʻzax ahli! Bu yogʻi abadiylik, endi oʻlim yoʻq”, deydi.

Keyin Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam yoki Abu Said roziyallohu anhu ushbu oyatni oʻqidilar: “(Ey Muhammad), siz ularni (yaʼni Makka mushriklarini) barcha ish bitirilib, (yaʼni jannat ahli jannatga, doʻzaxilar doʻzaxga hukm qilinib), ular hasrat-nadomat qilib qoladigan Kundan — Qiyomatdan qoʻrqiting! Bu kun hasrat kuni deyilishiga sabab shuki,u kunda gunohkor kishi qaniydi yaxshi amallar qilsaydim deb hasrat qilsa, chiroyli amallar qilgan kishi, qaniydi shu amallardan koʻproq qilsaydim, deydi. (Bugun) yaʼni dunyoda ular gʻaflatdadirlar, chunki ular dunyoda oxirat uchun solih amallar qilib olishga qodir edilar, ammo gʻofil qoldilarShuningdek, oxirat gʻaflatda qoladigan joy emas (shu sababdan) ular Allohga va Islom shariatida bayon qilingan oxiratda yuz beradigan voqea va hodisalarga iymon keltirmaydilar”. (Maryam, 39).

“Jannatilar oʻz ahllari bilan birga qasrlarda, soʻrilar ustida oʻtirganlarida bir jarchi nido qilib shunday deydi: “Albatta, sizlar doim sogʻlom boʻlasizlar, aslo kasallikka chalinmaysizlar. Doimo tirik boʻlasizlar, hargiz oʻlmaysizlar. Navqiron yigit holda boʻlasizlar, hech qarimaysizlar. Doimo neʼmat ichidasizlar, hargiz muhtoj boʻlmaysizlar”. Mana shu Alloh taoloning ushbu oyatidir:  “(U Kunda ularga aytilur): «Ey, Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon boʻlib oʻtgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yoʻqdir va sizlar aslo gʻamgin boʻlmaysizlar”. Ushbu muborak hadisni imom Muslim Abu Said Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar.

Alloh taolodan hammamizni jannat ahlidan qilishini soʻraymiz!

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *