BEHUDA NARSLARDAN YUZ O’GIRISH

ULAR BЕHUDA NARSALARDAN YUZ OʻGIRADILAR

قَدْ أَفْلَحَ الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ هُمْ فِي صَلَاتِهِمْ خَاشِعُونَ وَالَّذِينَ هُمْ عَنِ اللَّغْوِ مُعْرِضُونَ وَالَّذِينَ هُمْ لِلزَّكَاةِ فَاعِلُونَ

“Darhaqiqat, moʻminlar najot topdilar. Ular namozlarida (qoʻrquv va umid bilan) boʻyin eguvchi kishilardir. Ular behuda foydasiz (soʻz va amallardan) yuz oʻgirguvchi kishilardir. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir”.

Namozni risoladagidek ado qilishga olib keladigan xushuʼga erishish, zakot berish moʻminlarning sifatlaridandir. Islomdagi bu ikki buyuk ruknning orasida lagʻvdan yuz oʻgirish sifati ham Qurʼoni karimda zikr qilindi. Lagʻv oʻzi nima? Arab tilida “lagʻv” deb behuda gaplar va foydasiz ishlarga aytiladi. Ushbu sifatning ikki ruknni oʻz ichiga olgan oyatlar orasida aytilishining siri nimada? Bu sir quyidagi narsalarda boʻlishi mumkin:

  1. Inson qiladigan gunohlarning aksariyati til va farj orqali sodir boʻladi. Shuning uchun ham Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam odamlarni eng koʻp doʻzaxga kiritadigan narsa ularning tillari va farjlari ekani haqida xabar berganlar. Kim tilini tiyib, oʻylab gapirsa, yetti oʻlchab, bir kessa, uni toat-ibodatdan toʻsishi mumkin boʻlgan koʻplab maʼsiyatlardan qutiladi.
  2. Behuda gap va foydasiz ishlardan yuz oʻgirish yaxshi xislatlarning barchasiga erishish hamda ularni oson bajarishga sabab boʻladi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Men Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: “Yo Rasululloh, menga shunday bir amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, doʻzaxdan uzoqlashtirsin”, – dedim. “Sen katta narsa haqida soʻrading, – dedilar Nabiy sallallohu alayhi va sallam. – Biroq u Alloh taolo oson qilgan kishiga osondir: Allohga biron-bir narsani sherik etmasdan ibodat qil. Namozni toʻkis ado et, zakot ber, Ramazon roʻzasini tut va Baytullohga haj qil!”.

…Soʻng dedilar: “Senga ishning boshi, ustuni va choʻqqisi haqida xabar beraymi?!” “Ha, yo Rasululloh!” – dedim men. “Ishning boshi Islom, ustuni namoz va choʻqqisi jihoddir! Senga mana shularning hammasining oʻzagi – asosi haqida xabar beraymi?!” – dedilar. “Ha, yo Rasululloh!” – deb javob berdim. Nabiy sallallohu alayhi va sallam tillarini ushlab, dedilar: “Mana buningni tiygin!” “Ey Allohning Paygʻambari, biz gapirgan gaplarimizga ham javobgar boʻlamizmi?!” “Onang seni yoʻqotib qoʻysin, Ey Muoz! Axir, odamlarni yuzlari bilan doʻzaxga qulatadigan narsa tillarining mahsuli emasmi?! – dedilar Paygʻambar sallallohu alayhi va sallam. (Termiziy rivoyati. Hasan sahih hadis).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuga qilgan nasihatlari soʻngida ulugʻ amallarning asosi boʻlgan hamda ularni maromiga yetkazadigan bir amalni bayon etdilar: u Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning “Tilingni tiygin!” degan muborak soʻzlaridir.

Tilni yomon soʻzlardan, gunoh-maʼsiyatlardan tiyish juda ham muhimdir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirsa, yaxshi gapni gapirsin, yoki sukut saqlasin”.

Ibn Rajab Hanbaliy aytadilar: “Tillarining hosillari”dan murod harom soʻzga beriladigan jazo va uqubatlardir. Zero, inson gapiradigan soʻzlari va qiladigan amallari bilan ezgulik yoki yomonlik urugʻlarini sochadi. Qiyomat kunida mana shu ekkan narsalarining hosilini oʻradi. Soʻzi va amali bilan yaxshilik urugʻini sochgan inson xayrli va barakali hosilni yigʻib oladi. Soʻzi va amali yomonlik boʻlgan kimsa esa, olgan hosilidan pushaymon boʻladi”. Lekin u yerda pushaymon boʻlish foyda beradimi?!

Hadisdan insonning doʻzaxda azoblanishiga koʻpincha uning tili sababchi boʻlishini oʻrgandik. Inson Alloh nazdida eng katta gunoh sanaladigan shirkni ham aksar holatlarda ana shu tili bilan sodir qiladi. Alloh taolo xususida bilmasdan gapirish, yolgʻondan guvohlik berish, sehr-jodu, tuhmat, yolgʻon, soʻkish, gʻiybat va boʻhton kabi gunohlar ham tilning mevalaridan – hosillaridan sanaladi .

Molik rahimahulloh Zayd ibn Aslamdan, u kishi otasidan rivoyat qiladilar: “Umar raziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhu huzurlariga kirsalar, tillarini qoʻllari bilan tortib turgan ekanlar. “Hoy, Alloh magʻfirat qilgur, sekinroq!” – dedilar Umar ibn Xattob raziyallohu anhu. Abu Bakr raziyallohu anhu: “Meni balolarga giriftor etgan mana shu boʻladi!” – deb javob berdilar.

Hasan Basriy aytadilar: “Til badanning amiridir. Agar u aʼzolarga biron jinoyat qilsa, aʼzolar ham jinoyatga qoʻl uradi. Agar u har qanday yomonliklardan oʻzini tiysa, aʼzolar ham oʻzlarini tiyadi”.

Ibni Rajab rahimahulloh aytadilar: “Tilga ehtiyot boʻlish, uni tiyish va oʻrinli joylarda ishlatish barcha yaxshiliklarning asosidir. Kim tilini tiysa va kerakli oʻrinlarda ishlatsa, demak hamma ishlarini tizginlab olibdi”.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar odamzod tong ottirsa, tiliga boʻysunib, itoat qiladigan barcha aʼzolari unga qarata: “Allohdan qoʻrq, chunki biz senga qarab yuramiz. Agar toʻgʻri boʻlsang, toʻgʻri boʻlamiz, yoʻldan toysang, biz ham yoʻldan toyamiz”, deyishadi.

Agar Allohning yoʻlida toʻgʻri yurishni istasangiz, tilingizni tiyishni sinab koʻring. Shunda bu kundalik hayotingizga qanday taʼsir qilishini bilasiz?

Sherzod G‘iyos o‘g‘li

Teglar: Bеhuda narsalar, yuz oʻgıradılar, zakot berish, lagʻv, yuz oʻgirish, Qurʼoni karimda, til va farj, behuda gap, foydasiz ishlar, Muoz ibn Jabal,  yomon soʻzlardan, gunoh-maʼsiyatlar, tilini tiysa, kundalik hayot,

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *