BARCHA YOMONLIKLARNING MANBAYI

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (90) إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَن يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَن ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ ۖ فَهَلْ أَنتُم مُّنتَهُون (91)

Islomning avvalida may ichish harom qilinmagan va uni ichish joiz edi. Hikmatli Alloh taolo uni bosqichma-bosqich, turli-xil voqea va hodisalarga binoan harom qilishni iroda qildi. Chunki odamlar mast qiluvchi ichimliklar ichishni juda yaxshi koʻrishar va uni koʻp ichardilar. Uning muhabbati hattoki ularning qalblariga singib ketgandi.

Ilk bor aroq haqida soʻzlagan oyat Alloh taoloning Nahl surasidagi 67-oyati edi. Alloh taolo unda shunday deydi:

وَمِن ثَمَرَاتِ النَّخِيلِ وَالْأَعْنَابِ تَتَّخِذُونَ مِنْهُ سَكَرًا وَرِزْقًا حَسَنًا ۗ إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَآيَةً لِّقَوْمٍ يَعْقِلُونَ

Sizlar mast qilguvchi (aroqni) ham, goʻzal — halol rizq(ning oʻzini) ham xurmo va uzumlarning mevalaridan olursizlar. Albatta, bunda ham aql yuritadigan qavm uchun oyat-ibrat bordir.

I z o h. Ushbu sura nozil qilingan paytda hali aroq harom qilinmagan edi. Chunki aroq Madinada nozil boʻlgan “Moida” surasining 90-oyatida harom qilingan, bu sura esa hijratdan ilgari Makkada nozil boʻlgan edi.

Nahl surasidagi ushbu oyat oʻzinig ajoyib va nafis uslubi bilan aroq hamda halol rizqni bir-biriga taqqoslash orqali aroq halol rizq emas, balki uning ziddi ekaniga ishora qilmoqda. Ilk bor musulmonlarda aroqqa nisbatan nafrat uygʻotgan oyat Baqara surasidagi 219-oyatdir.

Bu oyat baʼzi sahobalar may aqlni ketkazuvchi va boylikni havoga sovuruvchi ofat ekanidan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qilib kelganlaridan keyin nozil boʻlgan. Alloh taolo shunday deydi:

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِنْ نَفْعِهِمَا

Sizdan aroq (ichkilik) va qimor haqida soʻraydilar. Ayting: “Bularda katta gunoh va odamlar uchun foydalar bor. Bularning gunohi foydasidan kattaroqdir” (Baqara, 219).

I z o h. Islom kelgan davrda ichkilik ichish, qimor oʻynash kabi illatlar jamiyatning hayotiga singib ketgan oddiy ishlar edi. Shuning uchun Qurʼon bularni birdan harom qilmadi — zotan bunday illatlarni faqat qonun yoʻli bilan yoʻqotish imkonsizdir — balki avvalo bu ishlardan keladigan foyda-zararlarni koʻrsatish va odamlarning bularga boʻlgan munosabatlarini oʻzgartirish yoʻlini tutdi. Yaʼni bu harom narsalarni musulmonlarning qoʻllaridan tortib olishdan ilgari koʻngillaridan tortib oldi. Shu boisdan aroq haqidagi oxirgi oyat nozil boʻlishi bilan musulmonlar bu illatdan bir yoʻla qutuldilar.

Bu oyat nozil boʻlgach baʼzilar uni ichishni tashlab: “Katta gunoh boʻlgan narsa bizga kerak emas”, deyishdi. Boshqa birovlar esa uni hanuz tark qilmay: “Undagi foydani olib, gunohni tark qilamiz”, deb ichib yuraverdilar. Kunlardan birida Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu mast holda namozga imomlik qiladilar va oyatni buzib qiroat qiladilar. Shundan keyin Niso surasining 43-oyatida mast holatda namozga yaqinlashmaslikka buyurib Alloh taoloning ushbu oyati nozil boʻladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَقْرَبُوا الصَّلَاةَ وَأَنتُمْ سُكَارَىٰ حَتَّىٰ تَعْلَمُوا مَا تَقُولُونَ

Ey moʻminlar, toki gapirayotgan gaplaringizni (oʻzingiz) biladigan boʻlguningizcha mast holingizda namozga yaqin kelmanglar (Niso, 43).

Bu oyat ham moʻminlarda ichkilikka boʻlgan nafratni yanada kuchaytirdi. Shundan soʻng baʼzilar: “Bizga namozdan toʻsadigan narsaning keragi yoʻq”, deb uni ichishni tashladilar. Baʼzilar esa uni namozdan boshqa paytlarda ichishda davom etdilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhu har gal may haqida oyat nozil boʻlganda Alloh taologa iltijo qilib:

اللَّهُمَّ بَيِّنْ لَنَا فِي الْخَمْرِ بَيَانًا شَافِيًا

“Ey Allohim, may toʻgʻrisida keskin bir hukm nozil et, uning hukmini bundan ham ochiqroq qil”, deb duo qilardilar. Moida surasidagi oyat nozil boʻlgach, uni Umar roziyallohu anhuga oʻqib eshittirildi. Oyatdagi “Endi toʻxtarsizlar!” degan joyga yetganda Umar roziyallohu anhu: “Toʻxtadik, toʻxtadik”, deb aytdilar.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (90) إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَن يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَن ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ ۖ فَهَلْ أَنتُم مُّنتَهُونَ (91)

Ey moʻminlar, aroq (ichish), qimor (oʻynash), butlar(ga sigʻinish) va choʻplar (bilan folbinlik qilish) shayton amalidan boʻlgan harom ishdir. Endi najot topishingiz uchun ularning har biridan uzoq boʻlingiz! Ichkilik, qimor sababli shayton oʻrtalaringizga bugʻzu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz oʻqishdan toʻsishni istaydi, xolos! Endi toʻxtarsizlar! (Tiyilarsizlar) (Moida, 90-91).

Sahobalar oyatdagi bu nidoni eshitgan zahoti: “Toʻxtadik, toʻxtadik”, deb xumlarida saqlanayotgan aroqlarni toʻkib tashladilar. Shunchalik koʻp ichkilik toʻkildiki, hatto Madina koʻchalaridan ariq boʻlib oqdi. Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Shu kundan boshlab sahobalar ichkilik haqida hech soʻramadilar, uni qaytib ogʻzilariga ham olmadilar”.

Shu bilan aroq ichishni harom qilish bosqichlari nihoyasiga yetib, to qiyomatgacha uni harom qilindi. U Madina shahrida hijriy uchinchi yilda harom qilingan. Hatto baʼzilar aroq qatʼiyan harom qilingach: “Alloh biron narsani aroqdan koʻra qattiqroq harom qilmagan”, deb aytar edi. Shariatning aroqqa oid barcha hukmlari ana oʻsha soʻnggi oyatga asoslanadi.

Moida surasida aroq va qimorni qattiq taʼkidlab harom qilindiki, buni quyidagi narsalar orqali bilish mumkin:

Alloh taolo ularni butlarga ibodat qilish bilan yonma-yon zikr qildi.

Ularni shayton amalidan boʻlgan harom ishdir, deb aytdi. Maʼlumki, shayton odamlarni faqat yovuzlik va yomonlikka targʻib qiladi.

Alloh taolo ulardan chetlanishga buyurdi.

Alloh taolo bu kabi narsalardan chetlanish najotdir, dedi. Ulardan chetlanish najot boʻladigan boʻlsa, ularga mubtalo boʻlish halokatga olib kelishi tayin.

Alloh taolo aroq ichuvchilar va qimorvozlar orasida nafrat va adovat paydo boʻlishini bildirdi. Maʼlumki, shusiz ham Alloh taolo musulmonlarni bir-birlariga nafrat va adovat qilishdan qaytargan.

Bu narsalar Allohni zikr qilishdan hamda namozlarni vaqtida oʻqishdan toʻsishini bayon qildi.

Oyat soʻngida Alloh taolo: “Endi toʻxtarsizlar”, deb aytdi. Bu esa qattiq qaytarish va man qilishdir. Goʻyo “Mana sizlarga shuncha koʻp turli toʻsiq va moneʼliklar zikr qilingan oyat tilovat qilindi. Shuncha moneʼlikni koʻrgandan keyin endi tiyilasizlarmi yoki hali ham hech qanday pand-nasihat eshitmagandek yoki hech narsadan man qilinmagandek bularni qilishda davom etaverasizlarmi, degandik boʻladi.

Alloh taolo barchamizga halol va pokiza rizq ato qilsin.

Muallif: Sherzod G’IYOS O’G’LI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *