QUDA ANDALAR

Mehribon va rahmdil Robbimiz, ulugʻ Allohga hamdu sanolar boʻlsin! Bizga haq yoʻlini koʻrsatgan Rasulalloh sallollohu alayhi vasallam haqlariga salotu
duolarimiz bilan bugungi suhbatimizni boshlaymiz.

Oʻtgan suhbatlarimiz, oilalarimizda uchrab turadigan koʻplab katta-kichik
muammolar va ularning yechimlari haqida boʻlayotgan edi. Oilada muammo bor turkumidagi mulohazalarimizning bu galgi mavzusi ham koʻpchilik uchun tanish holat, quda-andachilik munosabatlari haqida boʻladi.

Har bir inson tugʻilib oʻsgan oilasining sevimli farzandidir. Bir oilada tugʻilib, tarbiya koʻrib, oʻqib, kasbu korli boʻlib voyaga yetganimizdan soʻng, turmush quramiz. Yangi hayot boshlaymiz. Soʻng turmush oʻrtogʻimiz bilan bir qatorda uning qarindosh-urugʻlari ham oʻz-oʻzidan bizning qarindoshlarimizga aylanadi.

Tugʻishganlarimizga, ota-onamiz, aka-uka, opa-singlimizga qanchalik mehribon, hurmat-izzatda boʻlsak, turmush oʻtrogʻimizning yaqinlariga ham xuddi shu munosabatda boʻlmoqligimiz zarur.

Albatta, insonlarning feʼl atvorlari, hayot tarzlari turlicha boʻlishi mumkin. Ammo qarindoshlik rishtalari bilan bogʻlanganlar, bir-birlariga iliq munosabatda boʻlishlari goʻzaldir.

Bir tanish inson oʻzining hayotida boʻlgan koʻngilsiz holatni, yaʼni ayoli,
qarindosh-urugʻlari, aka-ukalariga yaxshi munosabatda boʻlmayotgani, ularning hurmat-eʼtiborini joyiga qoʻymayotganligini aytib shunday hikoya qiladi: “Bir kuni turmush oʻrtogʻimga, bugun aka-ukalarim, opa-singillarimni mehmonga taklif qildim. Shu munosabati bilan kechga tayyorlanib tursangiz, deya ishga otlandim. Kechga kelib, xotinimdan xushmuomalalik bilan, qanday boʻldi tayyorgarliklar, nima taom tayyorlab qoʻydingiz, deya soʻradim. Xotinim esa odatdagidek, aka- ukalaringiz sizga begonamidi? Doim kelib-ketib yurishgan boʻlsalar, oʻzimiz uchun har doim tayyorlaydigan dasturxonni tayyorladim. Ana oʻtirib mehmon boʻlib ketaverishsin, deya javob berdi.

Oradan bir oz vaqt oʻtib eshik jiringladi. Eshikni ochgan xotinim ne koʻz bilan koʻrsinki, oʻzining aka-ukalari, tugʻishganlari bilan qarshilashdi. Mening aka-ukalarimni kelishini kutgan xotinim bu holatdan hayron qoldi, albatta. Mehmonlar eshitmaydigan tarzda menga, nega bunday qildingiz, mening qarindoshlarim kelishlarini bilganimda yaxshiroq tayyorgarlik koʻrib turar edim, deya beixtiyor oʻzining “asl yuzi”ni ochib qoʻydi. Men esa ushbu holat avvallari ham juda koʻp takrorlanganidan, turmush oʻrtogʻimga dars boʻlsin deya ataylab, shunday qilgan edim. Oʻsha oqshom mening aka-ukalarimga ravo koʻriladigan shakida, xotinimning qarindoshlarini mehmon qilib kuzatdik. Bu esa xotinimga unutilmas
bir shaklda dars boʻldi”.

Avvalambor bu insonning turmush oʻrtogʻi, erining yaqinlariga qanday
munosabatda boʻlayotganligini farqiga ham bormagan balki. Xalqimizda,
“Pichoqni oʻzingga ur, ogʻrimasa birovga” degan maqol bor. Oiladagi
kelishmovchiliklarga sabab boʻlayotgan eng asosiy omillardan biri –
munosabatlardagi tengsizlik, adolatsizlik ekan.

Qaynota-qaynona, qayni aka, qayni uka, xullas turmush oʻrtogʻimiz tomonidan qarindoshimizga aylanganlarning hurmatini joyiga qoʻyishimiz, bu umr yoʻldoshimizni qanchalik qadrlashimiz darajasini koʻrsatib beriladi.

“Yaqinlik ikki shaklda boʻladi.” deydilar Paygʻambarimiz rasulallohu alayhi
vasallam. “ Bularning birinchisi – qon qarindoshlik rishtalari bilan
bogʻlanganlar. Ikkinchisi esa, quda –andachilik tomonidan boʻladigan
qarindoshlardir.”

Furqon surasisining 54-oyatida Alloh azza va jalla marhamat qilib aytadiki, “Alloh taolo insonni suvdan yaratdi va ularni nasl-nasabli, quda-andali qildi.”

Insonning yer yuzidagi hayotining borligi, nasl-nasabi va yoki quda-andalar asosi ustiga qurilar ekan.

Dinimiz islom qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi silayi rahmni kuchaytirishga
chorlaydi. Xususan, quda-andachilik munosabatlari dinimizda alohida oʻrni
boʻlgan masalalardan biri ekan.

Alloh taolo Qurʼoni karimda mahramlarimizni belgilab berar ekan: “Sizlar
uylangan ayollaringizning onalari, qaynonalar oʻz onangiz kabi abadiy mahram”, deya keltirib oʻtdi.

Paygʻambarimiz sollallohu alyhi vasallam bu borada oʻz hayotlarida juda ham goʻzal oʻrnak boʻla olganlar. Yaʼni, qaysi ayolni oʻz nikohiga olsalar, oʻsha ayolning qabilasi bilan qarindoshlik rishtalarini, oqibat, mehr-shafqat rishtalarini mustahkam oʻrnatganlar.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga nasihat qilib “Sizlar yaqin orada Misrni fath qilasizlar. Ana oʻshanda, sizlar Misr ahliga yaxshi munosabatda boʻlinglar. Chunki ular bilan bizni oramizda qarindoshlik, qudalik bogʻlari bor”, dedilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari Moriyaonamiz Misrning Qibtiya qabilasidan edilar.

Shuningdek, paygʻambarimiz Oysha onamizning munosabatlari bilan oʻz ayoliga boʻlgan hurmati oʻlaroq, ularning yaqinlariga ham juda ham muruvvatli boʻlgan ekanlar. Demak, biz ham Paygʻambarimiz sallohu alayhu vasallamning sunnatlariga amal qilgan holda jufti halollarimizning qarindoshlarini bular mening ham qarindoshlarim deya munosabat qilishimiz, hurmat va eʼtiborlarini joyiga qoʻyishimiz lozim boʻlar ekan.

Ota-onalar oldidagi vazifalarni ado etishda turmush oʻrtoqlar bir-birlariga koʻmak berishlari lozim. Ayollar, onalar va oʻgʻillarning oʻrtasiga tushmasdan yoki aksincha, ayolingizning ota-onalari bilan boʻlgan munosabatlari oʻrtasiga tushmasdan, ularni ziyorat etishlarini hollaridan xabardor boʻlib turushlarini taʼminlashi kerak.

Er-xotinlar oʻz ota-onalari va qarindoshlari oldidagi vazifalarini bajarishlarida bir-birlariga yordamchi boʻlib, bir-birlariga tashviq qilishlar eng avvalo Allohning rizosi, dunyo va oxiratning saodati, oilaning tinchlik va totuvligining garovi boʻlar ekan.

Alloh taolo hammamizning oilalarimizdagi tinchlik-totuvlikni ziyoda qilsin! Havas qilsa arzigulik, namuna boʻla oladigan oilalar boʻlishimizni mehribon Robbim barchamizga oson qilsin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *