OILAVIY MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMI

Muammosi boʻlmagan oila boʻlmaydi. Boymi, kambagʻalmi – har bir roʻzgʻorda kelishmovchiliklar boʻlib turadi. Insonlar hayot sinovlarida charxlanar ekan, bir-birlarini tanib boradi. Ikkinchi tarafdan hayot sinovlari odamzodni inson sifatida shakllantiradi.

Kunlarning birida Said ismli bir yigit ahli ayoli bilan arzimagan bir mavzuda tortishib qoladi. Janjaldan soʻng ikkalasining ham dili xufton boʻladi. Tonggacha bir-birlariga gapirmadilar. Ertalab Said ishga otlanar ekan, xotiniga maktub yozib qoldirdi: “Azizam, men sizni yaxshi koʻraman! Kecha oramizdan ne kechgan boʻlsa unutdim. Sizning qalbingizni ogʻritgan boʻlsam, Alloh meni kechirsin. Agar xato sizda boʻlsa sizni ham oʻzi avf etsin!”

Alloh azza va jalla kalomida: “Avfni qabul qiling, yaxshilik bilan buyuring va johillardan boʻlmang! Kechirimlilik taqvoga yaqinroqdir” deydi.

Zaif odam qasos oladi, kuchli odam kechirimli boʻladi, aqlli odam esa avf qiladi. Munosabatlarning oʻrtasiga sovuqlik tushishiga sabab boʻladigan asosiy omillardan biri jahldorlikdir.

Rasulalloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir odam kelib: “Menga maslahat bering” dedi. Paygʻambarimiz u insonga qarata: “Gʻazablanma” dedilar. Odam qaytib kelib, yana bir bora maslahat soʻradi. Rasulalloh sallallohu alayhi vasallam unga yana bir marotaba: “Gʻazablanma” dedilar. Odam uchinchi marotaba maslahat soʻraganida yana “gʻazablanma” degan javobni oldi.

Aslida hayotda hammamiz Paygʻambarimizning qarshisiga kelgan oʻsha odam kabimiz. Qachon, qaysi ishimiz yaxshi yakunlanmagan boʻlsa, gʻazab otiga minamiz.

Muammolarimizning yana bir katta qismini yomon gumon qilish orqali boshlanadi. Er-xotin oʻzaro gumonda boʻlsalar, har qanday harakatidan shubha qilsalar, bu harakatlarning oqibati ham yaxshilik bilan tugamaydi. Gumon-imondan ayiradi. Insonlar boshqalardan yomon gumon qilmasliklari maʼqul, xususan er va xotin eng avvalo bir-biriga sodiq boʻlishi joiz.

Anglashmovchilikka duch kelganimizda uning faqat yomon tomonlarini emas, kechirish mumkin boʻlgan taraflarini hisobga olishga harakat etmogʻimiz lozim.

Paygʻambarimiz, Muoz roziyallohu anhuga shunday dedilar: “Doʻzaxga yuztuban boʻlganlarning koʻpchiligi tillaridan kelganlarini soʻzlagan, zabonlariga ehtiyot boʻlmaganlardir”.

Boshga baloni til keltiradi. Anglashmovchilik kelib chiqqan mahalda har ikkala tomon ham oʻzini haq deb biladi. Bir soʻzdan qolmaydi. Gʻazab ustida bir-birlariga ozor beradilar.

Oʻrtadagi muammolarni hal qilishning asosiy omili, ana shu muammoni keltirib chiqarayotgan narsani aniqlab, uni bartaraf etishdir. Agar er-xotin oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqayotgan boʻlsa, imkon qadar bundan farzandlar xabar topmasin. Agar oila aʼzolarining boshqa birlari bilan muammo kelib chiqsa, oiladan tashqaridagilar bilmaganlari maʼqul.

Har qanday tushunmovchilik vaqt oʻtishi bilan yechimini topadi. Insonlar oʻzaro kechirimli, tushunadigan, rahmli, mehribon boʻlsalar muammolar ham kamayib boraveradi. Boshimizga kelgan har qanday muammo besabab boʻlmaydi. Bu hayot bir imtihondir. Qay bir voqea bizga dars boʻlsa, boshqa biri biz uchun ajrdir.

Alloh taolo barchamizni kechirguvchilardan, kechirilguvchilardan qilsin!
Oilalarimizdan qut-baraka, tinchlik totuvlik arimasin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *