OILA VA INTERNET

Mehribon va rahmdil Robbimizga hamdi sanolar, bizga haq yoʻlini koʻrsatgan

Rasulalloh sallallohu alayhi va sallamga duolarimiz, salovatlarimiz boʻlsin! “Oilada muammo bor” mavzusi doirasidagi muammolar va ularni yechish borasida muhokamalar olib borishga harakat qilamiz.

Bugun tobora rivoj topib borayotgan asrimizning eng dolzarb va muhim
kashfiyoti boʻlgan informatsion texnologiya vositalari va ularning hayotimizda tutayotgan oʻrni, oilalarimizga, umuman insoniyatga koʻrsatayotgan salbiy va ijobiy taʼsirlari haqida fikr yuritmoqchimiz. Taʼkidlash joizki, bu ham bizga berilgan bir neʼmat aslida. Avvallari aqlbovar qila olmaydigan kashfiyotlar hayotimizni tobora yengillashtirayotgan bir vaqtda yashayapmiz. Zamonaviy texnologiyalarning qulayliklaridan foydalanib, har birimizning uzogʻimiz-yaqin, ogʻirimiz-yengil boʻlmoqda.

Bizga kelayotgan savollar orqali shu narsa ma’lumki, keyingi paytda koʻpchilik duch kelayotgan bir muammo bor: internet degan kuch barchamizni barobar o‘z domiga tortmoqda. Afsuslar bo‘lsinki, “Mening erim, yoki xotinimning qoʻlidan telefon tushmaydi”, “Ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning har yeridagi tanish-notanish insonlar bilan vaqt kechirar ekan, ayni paytda ahli oilasi, farzandlari bilan mashgʻul boʻlmaydi”, “Telefon erimning ikkinchi xotini. Uni telefondan ajratib boʻlmaydi”, degan maʼnodagi shikoyatlarning keti uzilmaydi.

Mutahasislarning taʼkidlashlaricha, texnologiya taraqqiy etgan va ijtimoiy
tarmoqlar haddan tashqari urf boʻlgan mamlakatlarda insonlar “texnologiya boqimandaligi” kasalligiga duchor boʻlmoqdalar. Aslida oilalarimizning xavfsizligi, tinchligi, qulayligini taʼminlashga xizmat qilishi kerak boʻlgan bu vositalar aksariyat holatlarda oʻzining aks taʼsirini koʻrsatmoqda. Yaʼni aynan telefon, ijtimoiy tarmoqlar, nafaqat oilalarimizning, balki shaxsning oʻz ichki olamining buzilishiga,
xavfsizligiga raxna solishga, mahramiyat chegaralariga ham juda katta salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Oila aʼzolarining bir-biriga eʼtiborsizligida, munosabatlarning sovishida, majburiyatlar va vazifalarda loqaydlikka yoʻl qoʻyishlarida, farzand tarbiyasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilishida aynan mana shu “aqlli telefonlar” va ijtimoiy tarmoqlari sabab boʻlib qolayotgani achinarli holdir.

Buning uchun avvalo biz kattalar oʻzimizni keyin farzandlarimizni tartibga
olmogʻimiz shart va zarur boʻladi. Agar ushbu vositalardan aql bilan meʼyorida foydalanadigan boʻlsak, ular farzandlarimizning, oʻzimizning korimizga yaraydigan, hayotimizni osonlashtiradigan bir neʼmat boʻlib qolaveradi.

Aslida bugun, internet sababi bilan insonlarda sir-asror degan, mahramiyat degan tushunchalarning oʻzi qolmadi. Bugun mahallada kim eri bilan janjallashib qoldi, kim qanaqa kiyim kiyyapti, kim qanday taom isteʼmol qilyapti, kimning kayfiyati qanaqa, kimning uyiga kim mehmonga bordi va hokazo: hamma-hammasi oʻrtada, oshkora boʻlib qoldi. Biz mana shunday oʻta shaxsiy boʻlgan arzimagan maʼlumotlarni endilikda hech zahmat chekmasdan kimdandir eshitmasdan, hammaning oʻz xohishi bilan internet tarmoqlari orqali istasak ham, istamasak ham bilib boraveramiz.

Aslida sizning xos xususiyatingiz, mahramiyatingiz boʻlgan har qanday holatlar facebook, Instagram, telegram, whatsapp kabi tarmoqlarda namoyish etilmoqda. Gohida sayohatlar, yegan-ichgan taomlar, kiyiladigan kiyimlar bilan kibrlanish aks etgan suratlarni koʻrsak, gohida er-xotin va yoki doʻstlar, tanishlar, maslakdoshlar orasidagi turli mavzularda tortishuvlar, haqoratlar, gap-soʻzlarga guvoh boʻlamiz.

Qadimda har bir musulmonning xonadonida boshqalarning koʻzi tushmasligi vamahramining xotirjamligi uchun pardalar boʻlardi. Tashqaridan tashrif buyurgan musofir parda ortidagi xonadonning mahramiga xalal bermasligi, uy egalarining bemalol harakatlanishlari uchun ham qulaylik tugʻdiradi. Bunday sharoit hozirgi kunda juda kam uchraydi. Shaxsiy hayotning bu qadar oshkora boʻlib borishi bir
qancha ogʻriqli kasalliklarga, chiqadigan kelishmovchiliklarga sabab boʻlmoqda.

Alloh taolo har bir insonni turlicha neʼmatlantirgan. Besh qoʻl barobar
boʻlmagani kabi sizda bor neʼmatlarga zor boʻlgan qanchadan-qancha insonlar boʻlishlari mumkin. Siz oʻzingizning hayotingizni koʻz-koʻz qilar ekansiz, ularning nafsi ogʻrimasliklariga kafolat bera olasizmi? Ayni vaqtda sizda doʻst bor, dushman bor. Doʻstdan dushman, havas qiladigan insonlardan koʻra hasad qiladiganlar koʻproq boʻlishi mumkin-ku! Ularning orasida “mashaalloh, “Alloh ziyoda qilsin”, deyuvchilardan koʻra ichida gʻarazi kelib, turli taʼna dashnom qilguvchilar ham koʻpdir.

Talabalik davrimizda ustozimiz Muhammad Solih Al-Munajjid internet, uning yengilliklari, foydalari haqida maʼruza qilar ekanlar, u kishining xulosa qilib aytgan soʻzlari hali hamon yodimda. Hozir shu soʻzlar takror yodimga tushdi. “Internet 100 dan 99 foiz foydadan iborat bo‘lib, har sohada ogʻiringizni yengil qildi. Faqatgina bir yoki ikki foizi yomonliklarga xizmat qiladi. Inson axloqini buzishga xizmat qiladigan holatlar esa juda kam qismini tashkil qilishiga qaramasdan, ajablanarli joyi shuki, foydalanuvchilarning 99 foizi aynan mana shu zararli, buzgʻunchilikni targʻib qiluvchi manzillarga bogʻlanadilar. 99 foiz foydali manzillardan esa, bir-ikki foiz insonlargina foydalanadilar”.

Aksar holatlarda vaqtimizni oʻgʻirlaydigan, zarar beradigan turli
maʼlumotlardan, videolardan foydalanadiganlar insonlarning juda koʻp qismini tashlik etadi. Juda ozchilik odamlargina internetning foydali qismidan neʼmatlana olmoqdalar.

Yana bir salbiy jihat shuki, yaqin qarindoshlar, doʻstu birodarlar oʻrtasidagi
ziyoratlar borib, koʻz-koʻzga tushib emas, aynan aloqa vositalari bilan chegaralanibqolmoqda. Albatta, hammamiz bir-birimizga omonatmiz. Bir-biridan juda uzoq masofada boʻlganlar uchun telefon orqali xabar olish yaxshi, albatta. Ammo bir mahalla narida boʻla turib, bir-birinikida bir yilda ham bormayotgan, telefonda hol soʻrab qoʻya qolish qanchalik maʼqbul ish? Ota-onalarimiz, qarindoshlarimizning ustimizda haqlari ko‘p. Ularga nisbatan hamisha silai rahimda boʻlmogʻimiz shart. Telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda hol-ahvol soʻrashimiz huzurlariga tashrif buyurib,
bir payola choy ustida koʻngil soʻrashimizning o‘rnini bosa olmasligini
unutmasligimiz kerak. Alloh tavfiq bermaguniga qadar sizu biz muvofiq boʻlishimiz qiyin, albatta. Hamma ishimizda boʻlgani kabi bu borada ham Allohning marhamatiga muhtojmiz.

Ikkinchi masala – ijtimoiy tarmoqlar axloqini eng avvalo biz kattalar belgilab olishimiz, bilishimiz zarur. Soʻng oʻzimiz amal qilayotgan ushbu qoidalarni farzandlarimizga targʻib qilishimiz, ularga tushuntirishimiz kerak boʻladi.

Uchinchi masala shundaki, vaqtimizni, shugʻullanadigan ishlarimizni tartibga solishimiz kerak. Qachon boʻsh qolsak, internetga bogʻlanib, kerak-nokerak narsalarni koʻzdan kechirib oʻtirmasdan, balki kunimizning maʼlum bir qismida, maʼlum bir vaqt mobaynida ehtiyojimiz boʻlgan maʼlumotlardan foydalanganimiz maʼqul.

Keyingi masala – qanday yoshda boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻz erkinligini oʻzi
boshqara olish darajasida boʻlmagan yoshlarga yanada tartibliroq, qatʼiyroq chegaralarni belgilab berishimiz, tushuntirish ishlarini oqsatmasligimiz kerak boʻladi. Sababi internetda hech qanday eshik, chegara degan narsaning oʻzi yoʻq. Oʻz nomi bilan aytganda internet keragi va nokeragi kabi biri-ikkinchisiga ulanib ketgan, yaxshisi va yomoni, keragi va nokeragi aralashib, bir-biriga bogʻlanib ketgan bir hududdir.

Demak, yoshlarimizni bu xususda mutlaqo erkin tashab qo‘yish kerak emas. Koʻpchilik ota-onalar hali yosh boʻlgan farzandlarini “jim oʻtirsa boʻldi” qabilada qoʻllariga telefon berib qoʻyib, goʻyoki ovutgan bo‘lib, oʻzlari suhbatlari yoki yumushlari bilan band boʻladilar. Internetdan foydalanash bolalarning zakovatini rivojlantiradi, deb oʻylaydigan ota-onalar ham yoʻq emas. Nima boʻlganda farzandlarimiz tarbiyasini internetga topshirib qo‘ymasligimiz kerak.

Soʻzimiz avvalida aytganimizdek, bu ishlar ikki tarafi bilan kesadigan xanjarga oʻxshaydi. Toʻgʻri isteʼfoda qiladigan boʻlsak, foydamizga kesadi. Agar notoʻgʻri ishlatsak, zararimizga xizmat qilib qoʻyishi mumkin ekan.

Alloh barchamizni globalizimning eng kuchli vositasi boʻlgan internetning
zararlaridan, fitnalaridan asrasin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *