OILA BAXTI AYOL QO’LIDA

Oilalarimizda uchrab turadigan baʼzi muammolarning muhokamasi va yechimlari haqidagi mulohazalarimizda davom etamiz.

Hayotimizda qanday muammo boʻlmasin, uning yechimlari Alloh taoloning
Qurʼonida hamda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallamning sunnatlari va hadisi shariflarida keltirilgan.

Notoʻgʻri harakat va nooʻrin gap-soʻz bir oilaning parokanda boʻlishiga sabab boʻladigan omillardan biridir. Har bir odamning xato va kamchiliklari boʻladi. Baʼzan arzimagan kamchiliklarni kechirimli boʻlish, muloyimlik va aql bilan tuzatish mumkin.

Alloh tabiatan erkak kishini kuchli qilib yaratgan. Har bir erkak oʻz ayolining moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qarshilamogʻi, uni asrab-avaylamogʻi lozim. Oila baxti ayol qoʻlida dedik. Qanchalik kuchli boʻlmasin, erkak kishining feʼlida qaysarlik va gʻurur ustunlik qiladi. Ayollarimiz kezi kelganida haq boʻlsalar ham bir gapdan qolishlari joiz. Oqila ayol er kishi qizishib turgan paytda emas, yumshagach, vaziyatni yotigʻi bilan tushuntiradi.

Rasulalloh sallollohu alayhi vasallam Umar roziallohu anhuga: “Ey Umar! Sizga kishi orttiradigan eng katta xazina nima ekanini aytaymi?” dedilar.
“Ayting, yo Rasulalloh!” deya javob qaytardilar Hazrati Umar. “Soliha ayol. U shunaqa xotinki, yuziga qaraganingda xursand boʻlasan. Biror ishga buyursang, uni itoat qilgan holda topasan. Agar safarga ketsang, u seni
saqlaydi!”, dedilar.

Erkak kishiga soliha ayoldan koʻra kattaroq baxt, boylik boʻlmas ekan.

Ushbu hadisda eʼtibor beradigan jihatlardan biri shuki, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam, ayollarimizga qarata: “Soliha ayollar eng katta xazinadir” dedilar. Xazinani qanday saqlaymiz? Xazina boshqalarning koʻzidan panada, eng ishonchli joyimizda, xavf-xatardan uzoqda saqlanadi. Erkak kishiga xazina qilib berilgan ayollar ham oʻzlarini xuddi ana shunday saqlamogʻi, saqlanmogʻi zarur boʻladi. Koʻpchilik ayollarimizning muammolari shunda. “Xazina” ekanliklarini unutib qoʻyadilar.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam soliha ayolni sifatlar ekanlar: “Erkak kishi qaragan mahal koʻzi quvonadi”, dedilar.

Mana shu masalaga alohida izoh kiritishni lozim topdik. Koʻpchilik ayollarimiz turmushga chiqqan ilk davrlarida oʻzlariga oro beradilar. Vaqt oʻtib farzandlar tugʻilgach, roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib, oʻzlarini unutib qoʻyadilar. Eri koʻchadan kelganida ilk marotaba koʻrib oshiq boʻlgan ayoli bilan qarshilashmaydi. Bu bir qarashda oddiy koʻringan, oʻziga yarasha izohlari boʻlgan masala boʻlsa ham, aziz ayollarimiz, oʻz jufti halollari uchun hamisha goʻzal koʻrinishi, latofatli boʻlib yurishlari shartdir. Ayol kishining oʻziga eʼtibor bermay qoʻyishi ham er-xotin oʻrtasidagi munosabatlarga sovuqchilik solishi mumkin.

Rasulalloh sallallohu alayhi vasallam soliha ayol toʻgʻrisida yana shunday dedilar: “Bir ish buyurganingda itoat qiladi”. Erkak kishiga juda ham yomon taʼsir koʻrsatadigan va koʻnglini qoldiradigan yana bir jihat – uning soʻzining yerda qolishi. Erkak bir soʻz aytganda unga qatʼiyan amal qilish, aytgan gaplarini ikki qilmaslik soliha ayolning yana bir fazilatlaridan ekan.

Itoatli ayol erining hurmatiga, eʼtiboriga, mehr-muhabbatiga sazovor boʻlib
boraveradi. Itoatsiz ayolning hurmati ham, qadr-qiymati ham oʻlmaydi. Istisno tariqasida agar er ayolni maʼruf boʻlmagan ishlarga undasa, harom va oʻgʻirlikka boshlovchi buyruqlar bersa, bu holatlarda itoat qilmaslik joizdir.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam, soliha ayollar toʻgʻrisidagi hadisi sharifning oxirida yana bir muhim jihatga, ayol kishining omonat egasi ekanlia ishora qildilar.

Eri yoʻq boʻlgan paytlarda ayol kishi erining uy-joyini, boyliklarini, farzandlarini, sir-asrorlarini, obroʻ-eʼtiborini himoya qilishi, asrab-avaylashi lozim boʻladi. Agar ayol kishi yuqorida keltirib oʻtgan sifatlarga ega boʻlsa erkak kishing topganida baraka, hayotida huzur-halovat boʻladi.

“Bir ayolning makri qirqta tuyaga yuk boʻladi”, degan iborani koʻpchilik notoʻgʻri tushunadi. Agar ayol kishi Alloh tomonidan berilgan nafosati, aql- farosati bilan oilasining farovonligi, erining mehr-muhabbatiga erishish yoʻlida harakat qilsa, bu xato boʻlmaydi. Ayolning bu jozibasi, sehri halol, deyiladi hadisi shariflarimizda.

Ayollar erlarining ishonchlarini qozonishlari kerak. Ayol kishi iymon eʼtiqodi, toʻgʻri soʻz va halolligi bilan erining hamisha ishonchi, eʼtiborida boʻladi. Er-xotin munosabatida oʻzaro ishonch boʻlmasa, mehr-muhabbat ham boʻlmaydi.

Alloh oilalarimizni baxt-saodatli qilsin! Oila qurish ostonasida turganlarga solih va soliha juftlar nasib qilsin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *