BILSANGIZ EDI…

Hofiz ibn Rajab rahimahulloh “Muntaxab” nomli kitoblarida shunday deydi
“Kambagʻallar, yoʻqsil bechoralarni yaxshi koʻrish Allohni yashi koʻrish yoʻlidagi eng rostgoʻy qadamlardan biridir.”

Kambagʻallarni yaxshi koʻrayotgan odam ulardan hech narsa kutmaydi. Zero, kambagʻal insonlardan hech bir moddiy manfaat yoʻq.

Ibn Qayyum rahimahulloh: “Agar sadaqa berayotgan odam Alloh uchun
berilayotganini his qilsa edi, bu sadaqani olayotgan insonning xursandchiligidan koʻra berayotgan odamning xursandchiligi kattaroq boʻlgan boʻlar edi”, deydi.

Haqiqatdan ham, biz qilayotgan ehsonlar, sadaqalarimiz aslida bir muhtoj
uchun emas, oʻzimiz uchun u dunyolik zaxira boʻlayotganini bilsak edi!

Kambagʻalga berayotgan sadaqamiz, eng avvalo Allohning huzuriga yetib
borayotganini bilsak edi, biz sadaqa olayotgan odamdan ham koʻra xursandroq boʻlgan boʻlar edik.

Agar bu haqiqatni bilganimizda, tasavvur qilganimizda edi, berayotgan
sadaqalarimiz ham boshqacha boʻlgan boʻlar edi.

Alloh taolo aytganidek: “Suygan narsalaringizdan ehson
qilmaguningizgacha sira yaxshilik (jannat)ga yeta olmaysizlar. Nimaiki
ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” (Oli-Imron, 92).

Biz hamyonimizni chiqarib eng oxirgi sariq chaqalarimizni chiqarib
kambagʻalning qoʻliga tutayotganimizda ham mana shu soʻzlarni unutmasligimiz kerak. “Biz bu qilgan sadaqamizni aslida u dunyomiz uchun bir sarmoya qilyapmiz-ku. U dunyomiz uchun shu qadar kam va qadrsiz sarmoya yigʻamizmi?”

Oʻzingizga ravo koʻradigan narsalarni boshqalarga ham ravo koʻring. Oʻzingizga ravo koʻrmaganlaringizni esa boshqalarga ham ravo koʻrmang.

Sadaqa qilar ekansiz, eng qiymatsiz, yirtiq, miqdori oz boʻlgan pullaringizni
emas, imkon qadar qadri bor, nimagadir yaraydigan miqdordagilarini sadaqa qiling. Toki sizning qoʻlingizdan ehson olayotgan kambagʻal, muhtoj ranjimasin, xafa boʻlmasin. Sadaqani dimogʻdorlik, mensimaslik bilan emas, samimiyat, mehribonlik, kamtarlik, xokisorlik bilan taqdim qiling.

Ushbu sadaqani qabul qilayotgan olayotganini sizdan avval Allohning
marhamati ekanini his qilsin. Sizga emas, Allohga shukr etsin.

Alloh taolo hammalarimizni oʻzining yoʻlida maqbul insonlardan qilsin. Berayotgan sadaqa va ehsonlarimizni maqbul ehsonlardan, sadaqalardan boʻlishini nasib etsin!

  • MP3 VERSIYASI

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *