ALLOHNING HUZURIDAGISI YAXSHIROQDIR / MAYOQ

Muallif: Tohir ABDULG’ANI ABDULLOH

Sahobai kiromlardan boʻlgan Imrul Qays ibn Habis roziyallohu anhu hazramavtlik (Yaman hududidagi shahar) bir kishi bilan bir parcha yer ustida tortishib qoldilar. Bu tortishuvning ovozasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha borib yetdi. Soʻng har ikala tomon ham bu kelishmovchilikka barham berish uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning yonlariga bordilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazramavtlik kishiga qarata: “Yerning haqiqatdan ham sizniki ekanini isbotlaydigan biror bir dalil bormi? Dalil yʻoq boʻlsa, shu yer sizniki ekaniga qasam iching!” — dedilar.

Ibn Habis Rasulalloh sollallohu alayhi vasallamga dedi:

“Qasam ichsa, mening yerimni bu insonga berib yuboraverasizmi?”

— “Agar u yolgʻon qasam ichsa, Allohning gʻazabini boʻyniga ilib olgan boʻladi”.

— “Agar yer meniki boʻla turib, shu odamga berib yuborsam nima boʻladi, yo Rasululloh?”

— “Jannat seniki boʻladi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu soʻzlarni eshitgan Imrul Qays ibn Habis raziyallohu anhu hech ikkilanmasdan: “Alloh yoʻlida yerimni bu odamga berdim”, — dedi.

Darhaqiqat, bu dunyoning matohlari har qancha koʻp, chiroyli boʻlmasin, oxiratimiz uchun arzimasdir.

﴿وَمَا عِنْدَ اللَّهِ خَيْرٌ وَأَبْقَى﴾ (القصص: 60).

Alloh huzuridagi ajr-u mukofot yaxshiroq va boqiyroqdir”. (Qasas surasi, 60-oyat).

Azizlar, dunyo uchun bir-birimizni ranjitmaylik. Dunyo uchun oxiratimizni kuydirmaylik.

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *