– Uff, yana yotog’ingizni rasvo qildingizmi?! Ont ichib aytamanki, shu ketishda sizni qariyalar uyiga topshirib yuboraman. Shunda siz ham qutulasiz, men ham – deya onasiga o’shqirardi, ayol. Onasi ancha yillardan beri to’shakka mixlangan, boz ustiga tildan ham qolgan edi. Qizining so’zlaridan qalbi tilka-pora bo’ldi. Qo’llari terlab, lablari titradi. – Go’zal qizim, meni kechir, ishon, atay qilmadim! Jon qizim kechir!.. demoqchi bo’ldi lekin aytolmadi. Ko’zlari yotoqning oyoq tarafida g’azab bilan qarab turgan qizining ko’zlariga to’qnashdi. Ikki tomchi yosh kipriklaridan yuziga, oxiri ko’ksiga sizib tushdi.

– Ha, yig’lang! Aslida yig’lashi kerak bo’lgan men-ku! Sizni deb erim bilan ajrashishgacha bordim. U ham haqli aslida. O’z uyida rohatlanib yashay olmaydi. Siz yig’layapsiz, qani menga ayting-chi, men kimga yig’lay?! Yillardir sizga qarayman, tagingizgni tozalayman, jonimga tegdi hammasi, jonimga tegdi!

Oraga sovuq jimlik cho’kdi. Ayol javray-javray choyshablarni almashtirardi. Ona qizini battar jazavaga tushmasin, deya ko’zlarini yumib oldi. Huddi bolalar kabi ko’zini yumib olsa, o’sha yerda yo’q bo’ladigandek go’yo. Oxirgi paytlar shunday odat chiqargandi. Qachon janjal boshlansa, qizi ko’nglini og’ritib, zahrini socha boshlasa, u jimgina ko’zlarini yumib olardi.

Ayol g’azablangancha yerdagi choyshablarni olib, xonani tark etdi. Ona yana o’zi bilan yolg’iz qoldi. Chuqur nafas oldi. Boshini astagina deraza tarafga burib, tokchada qurib borayotgan qirmizi gulga boqdi. Gul  xonadagi  yolg’iz hamroxi edi uning. Sirlarini doim shu gul bilan bo’lishar edi. Biroq gul ham qarovsizlikdan qurib, yaproqlarini to’kishni boshlagan, boshi egilib, tanasi quriyotgan edi.

– Ikkimiz ham sekin asta ketyapmiz, – dedi – vaqti-soatimiz bittimikin?

Gul javob bermadi. Kampir ham uni majburlamadi. – O’lishimizni his qilish oson emas, lekin mening bu yerda mixlanib yotishim, sening so’lib borayotganing o’lim va hayot orasida sarson bo’lishimiz oson emas. Na o’lib o’lolmaymiz, na yashab yasholmaymiz. Bu dunyoda ortiqchamiz. Sevganlarimizga ortiqcha yuk bo’layapmiz, xolos. Eng yaxshisi – ketish kerak. Senga bir gap aytaman, masalan biz aksa ursak, nima deymiz, bilasanmi? Ko’p yasha, deymiz lekin olmonlarda boshqacha ekan, ular aksa ursa, yaxshi yasha deyishadi. Menimcha eng to’g’risi shu. Ko’p yashash emas, chiroyli yashash muhimroq. Holimizga boq, ko’p yashadik, oqibat nima bo’ldi?! – Haqorat, ozor va nafrat…

Biroz o’tib, gul ham so’ldi, kampirning yuragi siqila boshladi. Bu orada shaharga qorong’ulik cho’kib, ko’cha chiroqlari birin ketin yona boshladi.

Mehmonxonadan qahqaha ovozlari eshitilardi.

– Mehmonlar kelishgan bo’lsa kerak, chaqchaqlashishyapti, – hayolidan o’tkazdi kampir, biroz kulimsirab, – jonim qizim, seni ko’p tashvishga qo’ydim, charchatdim, sen haqsan.

Gul tamoman bandidan uzilib, ostiga to’kilib tushdi. Kampirning yuragi ham urishdan to’xtadi. Xonaga zulmat oraladi.

Ayol qo’lida bir kosa sho’rva bilan xo’mrayib xonaga kirdi. Biroz oldin qahaqaha otib kulayotgan ayoldan asar ham yo’q edi. Uning o’rnida asabiy, qoshlarini chimirgan, ensasi qotgan bir ayol edi. Onasini ovqatlantirishdan avval ko’rpani ko’tarib, tagligiga qaradi. – Uff, onaa, yana o’rningizni xo’l qildingizmi? Biroz oldin tagingizni tozalab ketgandim, bu yana nima ahvol?! Siz atayin jahlimni chiqarish uchun qilyapsiz buni!

Onasining boshini ko’tardi, uning ko’zlari yumiq edi. Qo’li onasining oyoqlariga tegib ketdi. Muzdek. Qo’rquvdan o’zini yo’qotib, ortga tisarildi. Titrab, faqatgina “Ona!”, deya oldi. Boshqa biror so’z deya olmadi.

Guldon ham, yotoq ham tuproq, suv, havo kabi shu dunyoda qoldi.

Ketganlar gul va onasi edi. Ayol juda ko’p yig’ladi, ishonolmadi. Ora-sira onasining qabr toshiga borib, o’zini urgudek bo’lardi. Tosh – sovuq, muzdan ham sovuqroq edi.

Qabr toshlari onalar kabi issiq taftli bo’la olmaydi.

Hayotligida yaqinlarini qadriga yetib bag’riga bosmaganlar, o’lganlaridan keyin ularning qabrlarini quchoqlaydilar. Lekin unda kech bo’ladi.

Ayol ham kuni kelib qariydi. Balki u ham farzandlarining qo’lida ularga muhtoj bo’lib qolar. Keyin uni ham bir xonaga yotqizishadi. Xonada yolg’iz  o’zi va guldan boshqa hech kim bo’lmaydi.

Vaqti kelib gul ham so’nadi, ayol ham vafot etadi, keyin uning qizi ham yig’lay- yig’lay qabr toshini quchoqlaydi. Yotoq ham, gultuvak ham shu dunyoda qoladi.

Bu hikoya shunday davom etaveradi. Qalbing o’lmagan bo’lsa, xulosa qil, ey inson bolasi, xulosa qil!

Turkchadan Jahongir tarjimasi.

Abdurahmon Umar

BARCHA MAQOLALARINI KO'RISH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *