Har kungidek ishdan uyga yetib kelib, eshik qoqdim. 9 yoshli qizim eshikni ochib, salom berdi. Alik olib, ostona hatladim. Oyoq kiyimimni yechar ekanman, qizim shoshib, shunday dedi: “Dadajon, zalga (mehmonxonaga) kirmang-a! Dugonalarim kelishgan, boshyalang o‘ynayapmiz!”
Bola buni o‘z tilida, oddiy qilib aytdi, lekin bu menga boshqacha ta’sir qildi. Shu yoshdan boshyalang dugonlarini rashk qiladigan hayo va ibo bergan Alloh taologa hamd aytdim.
Qizim hijob o‘rab yuradi, maktabga ham hijobda boradi. O‘zi tengi dugonalari ham hijobda. Men qizimni maqtamoqchi emasman. Zotan, maqtanadigan narsa emas bu. Aytmoqchimanki, yosh bolalardagi bu kabi xislatlar aslida ularning sof fitratidir. Men ayolim bilan ota-ona sifatida farzanlarimizning shu fitratini saqlab, sayqallashga harakat qilamiz xolos.
Hadisi sharifga ko‘ra, har bir go‘dak aslida fitratda tug‘iladi. Keyin uni ota-onasi o‘z diniga ko‘ra tarbiyalaydi. Bola ulg‘aygani sari atrof-muhitdan ta’sirlana boshlaydi. Tarbiya va muhit yomonlashgani sari, bola ham o‘z fitratidan uzoqlashib boraveradi. Bolam hali yosh, yoshligida bolaga hamma narsa yarashaveradi, kattaroq bo‘lsa, esi kirib qolar, deya uni o‘z holiga tashlab qo‘ygan odam qattiq adashadi. Xossatan, qiz bolani yoshligidan iffatli qilib tarbiyalashga harakat qilish kerak. Kalta-kulta, yarim-yalang‘och kiyimlar kiyishga o‘rgatmaslik lozim. Negaki, qiz bola tabiatan uyatchang va hayoli bo‘ladi. Bu – tug‘ma sifat. Agar shu sifat buzilsa yoki yo‘qolsa, bolada andisha, iffat degan to‘siqlar ham yo‘qoladi. Keyin uni qaytadan kasb qilish, shakllantirish juda ham mushkul.
Alloh taolo farzandlarimizni ko‘z quvonchimiz qilsin!

Ikrom Sharif

Abdurahmon Umar

BARCHA MAQOLALARINI KO'RISH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *