Shayx Muhammad Hasson Masjidi Haromda o‘zlari guvoh bo‘lgan bir voqeani shunday hikoya qiladi: “Saf oralab, Ka’ba tomon ketayotgan edim, o‘ng tarafda duo qilib o‘tirgan bir kishi diqqatimni tortdi. U qo‘llarini baland ko‘tarib duo qilishidan yengi yelkasigacha tushib, qo‘ltiqlari ko‘rinib turar edi. Yi’glab, qaltirab duo qilishidan uning qanchalik hokisorligi, qalb to‘ridan duo qilayotgani bilinib turardi. Uning xushu’sini buzgim kelmadi, bir saf ortida to‘xtab, ikki rakaat namoz o‘qidim. Namozni tugatib, unga qaragancha o‘tirardim. Odamning suratidan mening ham qalbim titrab, yig‘lay boshladim. U juda uzoq duo qildi. Bu orada orqa safdan ko‘rinishi Haram ahliga o‘xshaydigan bir kishi saf oralab oldinga talpinib qoldi. Bir-ikki qadam yurib, ortga – haligi odamga qaradi va yoniga kelib, unga salom berdi. U esa Parvardigoriga iltijo qilish bilan shu darajada mashg‘ul ediki, hatto salomni ham eshitmadi. Salom bergan kishi cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib, duo qilayotgan odamning qo‘yniga qo‘ydi-da, yo‘lida davom etdi. Duogo‘y buni ham ilg‘amadi. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘lini tushirdi va qo‘ynidagi narsaga qaradi. Avvaliga bir jilmaydi keyin yana yig’i tutib, qo’llarini duoga ko’tardi.

Men unga tikilib o’tiraverdim. Keyin duodan forig‘ bo‘lgach, oldiga bordim. Salom berib, peshonasidan o‘pdim-da, yig‘lab:

— Alloh xayringni bersin, aybga buyurma, menga shu jarayon haqida aytib bersang. Shoyad, men uchun bir unutilmas dars bo‘lsa. Xudo haqqi, ayt, nimalar bo‘ldi hozir? Sen Allohga nima deb duo qilding-u, nimaga erishding?” — dedim. U shunday javob berdi:

— O‘g‘lim! Allohga qasamki, bu yerga kelar ekanman, mening g‘am-tashvishlarim va barcha muammolarimning yagona arituvchisi faqatgina Alloh taolo degan e’tiqodda edim. Allohga qasamki, shu paytgacha Allohdan boshqa hech kimdan biror hojatimni so‘ramadim. Bu safar ham Uning baytiga kelib, O‘ziga zorlandim: Allohim! Men sening baytingdaman va faqat Sendangina so‘rayman! Ozing bilasan, sendan boshqa hech kimga zorlanmadim. Ey Parvardigorim, meni yordamsiz qoldirasanmi?! Meni zoye qilasanmi?! – dedim. – O’glim dedi, gapida davom etib – Alloh taolo menga so’raganimdan uch karra oshig’ini berdi!”

Azizlar! Kim Allohga tavakkul qilsa, O‘zi u bandaga kifoyadir. Kim Allohni lozim tutsa, najot topadi, kim ishini Allohga havola qilsa, O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Hadisi qudisiyda Alloh taolo shunday deydi:

“..Ey bandalarim! Men hidoyat berganlarimdan tashqari hammangiz gumrohsiz. Shunday ekan, Mendan hidoyat so‘rang, sizlarni to‘g‘ri yo‘lga solayin.
Ey bandalarim! Men rizqlantirgan odamlardan boshqa barchangiz ochsiz. Shunday ekan, Mendan rizq so‘rang, sizlarni to‘ydirayin.
Ey bandalarim! Men kiydirib qo‘ygan insonlardan boshqangiz yalang‘ochsiz. Shunday ekan, Mendan kiyim-bosh so‘rang, sizlarni kiyintirib qo‘yay.
Ey bandalarim! Sizlar kecha-yu kunduz xato (gunoh) qilasiz. Men esa butun gunohlarni kechguvchiman. Shunday ekan, mag‘firat so‘rang, sizlarni kechirayin….” (Imom Muslim va imom Termiziy)

Ikrom Sharif
•┈┈┈┈┈••✦❀✦••┈┈┈┈┈•
Kanalga a’zo bo’lish👇
✉️ t.me/tvregiston

Abdurahmon Umar

BARCHA MAQOLALARINI KO'RISH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *