XOTIRJAMLIKNING SIRI

Amerikada yashovchi bir da’vatchi insonlarga din-diyonat, axloq, hayot haqidagi va’z qilish jarayonida tinglovchilardan biri qoʻlini koʻtarib, shunday dedi:

— Mening barchaning huzurida kalima shahodatni aytib, musulmon bo‘lmoqch”.

Avlod-ajdodlari ichida hech kim musulmon boʻlmagan bu insondan:

— Nima sababdan islomni qabul qilmoqchisiz? Sizni bunga nima undadi? Xabaringiz boʻlsa musulmon boʻlgan insonning hayot tarzi oʻziga xos boʻladi. Umri dinining xizmatida, amali esa iymonining iznida boʻlishi kerak”.

Shunda haligi kishi quyidagicha javob beribdi:

— Men oʻziga yarasha boy odamman. Katta-katta yerlarim, behisob mol-mulkim bor. Ammo oʻzimni baxtli his qilmayman, hamisha qalbimda bir xijillik turadi. Men bu bezovtalikdan qutilish uchun, baxtli boʻlish uchun qilmagan ishim, bajarmagan amalim qolmadi. Ammo ne ajabki yuragimning bu bezovtaligini hech narsa ketkiza olmadi.

Shirkatimda asli hindistonlik boʻlgan bir ishchi bor edi. Uning oladigan maoshi oilasini tebratishga zo‘rg‘a yetar, ortiqcha jamgʻarmasi ham, hayotdan zavqlanib yashash uchun moddiy imkoni ham yoʻq edi. Lekin shunga qaramay tabassumli, hamisha yuzi-koʻzi kulib turgan holatda ko‘rar edim. Kayfiyati tushkun, hayotdan norozi, qalbi notinch boʻlgan biror holatini koʻrmadim. Ertalab ishga keladi, ish vaqti tugagach, uyiga qaytadi. Bu inson yillar davomida bir xil edi. Men, bu inson nimaga bunchalik hayotdan mamnun. Ota-onasi, farzandlari Hindistonda, oʻzidan uzoqda boʻlishsa, yolgʻizlikda, musofirlikda yashasa. Katta boyligi boʻlmasa, farqli imkoniyat sohibi ham emas, deb oʻz-oʻzimga savol berar edim.

Kunlarning birida odatdagidek kayfiyatim yoʻq. Tushkun holatimda yana oʻsha ishchini ucratib qoldim. Uning hayotdan mamnunligi yana eʼtiborimni tortdi. Soʻng uni yonimga chaqirib soʻradim:

— Sen nima sababdan bunchalik xotirjamlikka erishding? Men aqlimni taniganimdan beri xotirjam va mamnuniyat bilan yashashni istayman. Ammo shuncha moddiy imkoniyatlarim boʻlishiga qaramay, bunga erisha olmayapman. Sen oʻz xotirjamliging, yuzingdagi mana shu tabassum va baxtyorlikning sirini menga ham oʻrgata olasanmi?” — deya soʻradim. Haligi inson esa oddiygina va men uchun tushunarsiz qilib:

  • Chunkı men musulmonman”, — dedi.

— Hamma musulmonlar ham senga oʻxshagan xotrijam yurishadimi? Musulmonlikning bunga nima aloqasi bor?” — deya ajablanib yana soʻradim.

— Paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamdan eshitganimiz bir xabar bor: “Moʻmin kishining holati juda ham ajablanarli, qanday holatda boʻlsa ham, uning foydasigadir. Musulmon boʻlmagan boshqa hech kimga bunday imkoniyat berilmaydi. Agar yaxshilik yetsa, shukur qiladi. Aksincha, biror zarar yoki zahmat yetsa, sabr qiladi. Mana shu sabrining evaziga esa Allohning marhamatini qozonadi”, — deya Islom dinining goʻzalliklari, hadsiz imkoniyatlari haqida gapira ketdi.

Uning gapirib berganlari menga boshqacha ta’sir qilayotgan edi. Sababi bu dunyoda topgan-tutganlarim menga foyda bermadi, hech bir zamon halovat, ichki xotirjamlik, baxt ni topolmadim. Shuning uchun men Islom haqidagi kitoblarni oʻqib, o‘rgana boshladim. Izlanganim, oʻrganganim sayin haligi ishchining aytgan gaplari qanchalik haqiqat ekaniga amin boʻla boshladim hamda bu e’tirof meni Islom dinini qabul qilishga olib keldi”, dedi.

Bu hikoyasidan keyin kalima keltirib, musulmon bo‘lganini hammaning koʻz oʻngida bayon etdi va joʻshib yigʻlab yubordi.

“Nega yigʻlayapsiz, oʻzingizni qoʻlga oling, sizga nima boʻldi?” deganimizda: “Hozir kalima shahodatni tilimga olar ekanman, umrim davomida izlagan narsam — oʻsha halovatni his qildim. Nihoyat men bu halovatni topdim”, deya sevinchdan ko‘z yoshlarini tuta olmadi.

Koʻpchilik insonlar dunyoning mol-mulki o‘zining nazdida deb hisoblaydilar. Yana ba’zilar dunyoning orzu-havaslarini qiladi va baxt-saodatga erishishda uni vosita sifatida ko‘radilar. Bu dunyoning boyliklariga boʻlgan havas va ishtiyoq inson qalbiga orziqish soladi va bu qachon tugamaydi.

Agar bitta yaxshi avtomobil sotib olishni niyat qilib, unga erishsangiz, keyin qalbingizda yana boshqa istaklar, havaslar orzular paydo boʻladi. Unga ham erishasiz, va shu tarzda umr oʻtib ketaveradi.

Ammo haqiqiy baxt bu dunyo bilan bogʻliq emasdir. Bu dunyoga shoʻngʻib ketib, oxiratingizni unutib qoʻymang. Asl maqsadimiz Allohni bilish, Allohni tanishdir. Haqiqiy musulmon boʻlish eng asosiy masalamiz ekanini unutmasligimiz zarur. Ana oʻshandagina baxt ham saodat ham sizniki boʻladi.

Alloh taolo hammamizni oʻzining hidoyatida, diyonatida bardavom qilsin. Ikki dunyo saodatini topgan, ikki dunyoda yuzi yorugʻ boʻladigan insonlardan boʻlishimizga oʻzi madadkor boʻlsin.

  • MP3 VERSİYESİ

Muallif: Tohir ABDULG’ANI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *