TAVBAGA SHOSHILING

Hayotimizni to‘g‘ri yo‘lga solish, uning yanada mazmunli, m’noli bo‘lishi uchun va xato-nuqsonlar, kamchiliklarni tuzatish borasidagi turli oyatlar, hadislar va ulug‘lar hayotidan keltirilgan turli hikoyalarimiz bilan tanishtirmoqdamiz. Dunyoda yashab o‘tar ekanmiz, hayotimizdan mamnun bo‘lishimiz uchun nimalar qilishimiz lozimligi xususida suhbatimizni tavba qilish haqidagi fikrlar, mulohazalarimiz bilan  davom ettiramiz.

O‘tgan suhbatlarimizda, hayotida juda ko‘plab xatolar qilgan, biroq keyinchalik to‘g‘ri yo‘lni topib, iymonga kelgan insonlarning hayotlaridan hikoyalar anglatgan edik. Demak, bu insonlarni yomonlikdan-yaxshilikga, egrilikdan-to‘g‘rilikga, buzuqlikdan-halollikga olib kelgan asosiy sabab bu –  tavba edi.

Ulamolarimiz shu o‘rinda sadoqatsiz tavba bo‘lmaydi, deydilar. Va yoki aksi, tavbasiz sadoqat bo‘lmaydi. Sadoqat va tavba bir-biriga bog‘liq tushunchalardir. Siz shunchaki tilingizda aytayotganingiz tavbalar qabul qilinmas ekan.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamdan Al Ag‘or al-Muzaniy roziallohu anhu rivoyat qilagan hadis-u shariflarida Rasulalloh sallolohu alayhi vasallam siz-u bizlarga xitob qilib shunday deydilar: “Ey insonlar, gunohlaringga tavba qilinglar! Men bir kunda 70 marotabadan ortiq istig‘for aytaman”, dedilar.

Alloh azza va jallaning o‘zi gunohlardan forig‘ qilib, Jannat bilan bashoratlab qo‘ygan zot – Muhammad Mustafo sallolohu alyhi vasallam  bir kunda 70 marotabadan ortiq, ba`zi rivoyatlarga ko‘ra 100 martadan ko‘p istig‘for aytib, Allohga tavba qilar ekanlar. Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vasallam o‘zaridan misol keltirib, butun insonlarni tavba qilishga chaqirdilar.

Demak, tavba qilish faqatgina gunohkorning ishi emas ekan. Va yoki hammamiz ham xatolardan, gunohlardan mutlaqo holi emas ekanmiz. Inson borki goho bilib, goho bilmaganidan xatolarga yo‘l qo‘yadi. Gunoh qilib qo‘yadi. Tavba dinimizning eng yuqori martabalaridan ekan. Tavba faqatgina gunohkorlar uchun emasdir.

Alloh azza va jalla o‘zining kalomida marhamat qilib shunday deydi: “Ey mo‘minlar! Barchalaringiz jam bo‘lib Allohga tavba qilinglar. Shoyadki najot topsalaringiz.”

Navbatdagi oyati kalimada Alloh taolo yana marhamat qiladiki, “Ayting ey Muhammad! O‘z nafsiga zulm qilgan, hayotini isrof qilgan bandalarim mendan umidlarini uzmasin. Allohning rahmatidan umidsiz bo‘lmasin. Chunki albatta Alloh gunohlarning barchasini kechirguvchi zotdir. U zot kechirimli, mag‘firatli va mehribondir!

Inson o‘z amaliga, imkoniyatiga, ozroq qilgan yaxshiliklariga, ibodatlariga ortiqcha baho berib yuborgani boisdan musibatlarning eng kattasiga duchor bo‘lar ekan.

Bir joyda biror gunohkor inson haqida gap ketar ekan, eng avvalo o‘sha odam men bo‘lsamchi, degan nuqtaiy nazardan boqmoqlik lozimdir. Inson hamisha o‘zini gunohkor his qilishi kerak. Sababiki, biz hatto o‘zimiz ham bilmaymiz, qayerda xato qilib qo‘ydik, qayerda gunohga yo‘l ochdik… Toki jannatning darvozasidan kirgunimizga qadar xotirjam bo‘lishimiz o‘rinsizdir.

Rasulalloh sallolohu alayhi vasallam aytadilarki, “Bir inson gunoh qilsa va ushbu gunohni qilib bo‘lganidan keyin o‘ziga kelib, aqlini to‘plab men nima qilib qo‘ydim, Allohim o‘zing kechirgin, astag‘firulloh, o‘zingga istig‘for aytaman deya tavba qiladi. Alloh azza va jalla esa bandam menga tavba qildi, qilgan gunohidan pushaymon bo‘ldi deya uning gunohlarini kechirar ekan. Ikkinchi marta yana gunoh ish qilsa va yana nadomat qilib, Allohga tavba qilsa, Alloh azza va jalla bandam gunoh qildi va gunohlarni kechirguvchi robbisi bor ekanligini esladi deya yana bandasini avf etar ekan.  Ojiz banda yana ham gunoh qilshi mumkin ekan. Uchinchi marotaba ham gunoh qilsa va yana qilgan ishidan pushaymonlik tuysa, insofga kelib yana Allohga tavba qilsa – Alloh yana bandasining chin yurakdan qilgan tavbasini qabul qiladi”.

Alloh taolo bandalarning qalbdan qilgan tavbasini qabul qilar, gunohlarni kechirib yuborar ekan. Albatta hammamiz ham ojiz bandalarmiz. Tavba qilib ham yana ojizligimiz tutib, xato qilib qo‘yishimiz mumkin. Biror bir xatoni qilgach, bo‘ldi Alloh kechirmaydi deya noumid bo‘lmasligimiz kerak ekan. Allohning shavqatiga hamisha umidda bo‘lishimiz, unga chin dildan istig‘for aytib shayton vasvasasidan saqla deya duo qilishimiz kerak.

Nafsimiz bizni gunohlarga boshlaydi. Nafsning jilovini esa shaytonga berib qo‘ymasligimiz kerak. Alloh azza va jalla albatta bandalariga eng mehribon zotdir. Kechirguvchidir. Lekin Alloh kechirar ekan degan ishonchda ham qatiy bo‘lib qolmaslik kerak. Qancha gunoh qilsam ham bo‘ldi, tavba qilaman, deya gunohlarda davomiy bo‘lish ham mutlaqo noto‘g‘ridir. Alloh hamamizning hatto hayollarimizdan ham xabardordir. Alloh biz bilmagan narsalarni bilguvchidir. Allohga fitna qila olmaymiz. Allohni alday olmaymiz.

Barcha gunohlardan forig‘ bo‘lgan Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vasallam ham hattoki kuniga 100 marotabadan ko‘proq Allohga tavba qilib, istig‘for  aytgan bo‘lsalar, biz qanday qilib xotirjam bo‘la olamiz?

Ulamolarimiz aytadilarki, “Istig‘for bilan katta gunoh qolmaydi. Eng katta gunohlar ham faqat istig‘for bilan maydalashib, yo‘q bo‘lib ketadilar. Yana shunday kishilar borki, gunohlari juda kichkina bo‘lishiga qaramasdan tavbasi yo‘q. Bu tavbasiz holatda kichkina, sag‘ira gunohlar kabira gunohlarga aylanib ketadi”.

Negaki tavba, istig‘for qalblarni gunohlardan yuvib turadi. Suv tanamizni tozalagani kabi tavba ham yuraklarimizni tozalaydi. Shu sababli gunohlarimizning katta-kichikligiga emas, balki tavba qilib-qilmayotganligimizga e`tibor berishimiz kerak bo‘ldi.

Alloh azza va jalla siz-u bizdan tavbani istadi. Aytayotgan istig‘forlarimizdan xursand bo‘lishining xabarini berdi.

Rasulalloh sallollohu alayhi vasallam yana bir hadislarida shunday deydilar: “Bir odam  tuyaga minib uzoq safarga otlanibdi. Tuya ustiga esa butun oziq-ovqatini yuklab olgan ekan. Uzoq yo‘l yurganidan so‘ng charchab, bir saksavulning ostida ozroq mizg‘ib olmoqchi bo‘libdi. Uyg‘onib qarasaki, tuya yo‘q. U kishining tuyasi ipini uzib ketib qolibdi. Sahroning o‘rtasida tuyasidan ajralgan odam taloshlanib tuyasini har tarafdan qidiribdi. Oxiri charchab, chanqab, holdan toyib, yiqilibdi.

Suvini ham, barcha yeguliklarini ham tuyasiga yuklangan ekan. Sahroni esa oyoqda bosib o‘tib bo‘lmaydi. U hayotdan umidini uzdi va bir joyga uzanib o‘limini kuta boshladi.  Shunchalik holsizlangan ediki, bir o‘zidan ketib, bir xushiga kelar edi.  Chanqoq, ochlik, issiq tamoman u odamni mahf etgan edi. Mana shunday bir mahalda ko‘zini ochib qarasa tuyasi yonida turibdi. Tuyasining yuganidan mahkam ushlab olgan odam benihoya xursandchiligidan, “Allohim! Men sening robbingman, sen meni qulimsan” deb yubordi. Shu odamning tuyasini topganidagi xursandchiligini tasavvur qilyapsizmi? Alloh azza va jalla bandasining tavbasidan, tuyasini topib olgan odamning xursandchiligidan ming chandoq ko‘proq xursand bo‘ladi, dedilar.

Qarang, qanchalik mexribon robbimiz bor! Qanchalar ulug‘ dinimiz bor! Qanchalar nurafshon yo‘limiz bor. Tavba qilishga hech qachon kech emas ekan. To‘g‘ri yo‘lga o‘tishga, yaxshiliklar qilishimizga kech emas ekan. Hayotimizni tuzatish, hayotimizga go‘zal ma`no berish, hayotimizdagi tushunchalarni to‘g‘irlashga aslo kech emas ekan. Toki tavbaning qabul qilinmaydigan vaqtga qadar qilingan jamiyki tavbalarimiz Allohning huzurida inshaAlloh qabul bo‘lar ekan.

Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmagan, ibodatlarida va yaxshi amallarida sobit bandalaridan qilsin. Alloh to‘g‘irlayman desa, yaxshilkka hidoyat qilaman desa unga bundan osoni bormi? Hammamiz ham ojiz va xatoga moyil bandalarmiz. Gunohlarimizga tavba qilish hammamizga ham yarashadigan amallardandir. Tavbada, istig‘forda kechikmaydigan bandalaridan bo‘lishni barchamizga mexribon Robbimning o‘zi nasib qilsin.

Assalamu alaykum va Rohmatullohu va Borakatuh!

Muallif: Tohir Abdulgʻani Abdulloh

  1. S: Tavba masalasida insonlar orasida eng ko‘p tarqalgan xato mana shu –

kim tavba qiladi? Gunoh qilgan, o‘g‘ri-muttaxam, noshud  bir inson. Bu ham bo‘lsa qachonki, o‘sha yomon inson, o‘z yomonliklarini tark qilyotganidagina tavba qilishi ekrak degan bir tushuncha bor.

Hattoki, ba`zi bir insonlarga namoz o‘qish kerakligi, ibodat qilish vojibligini aytganimizda ular ham xuddi shu javobni berganlariga guvoh bo‘lganmizki, “Namozni gunohkorlar o‘qisin!” “Mening gunohim yo‘q”, kabi.

Aslida tavba ham bir ibodatdir. Ibodatning turlari ko‘p. Masalan, namoz o‘qishlik, tavba, ro‘za, haj, sadaqa, salom berishlik, yaxshi niyyat qilmoqlik, istig‘for aytish kabi.

Ibodatdan maqsad esa bo‘yinsunushdir. Yuqorida aytgan ibodat amallarining barchasi bilan biz Allohga bo‘yinsunishimizni, uning talabiga rioya qilishimizni bildirar ekan.

Allohning farzlarini bajo ketirmagan insonning –  Allohni tan olishiga shubxa bor.

Allohning buyruqlarini yeriga keltirish har bir musulmonning vojib amallaridir.

Mening gunohim yo‘q deb o‘ylashning o‘ziyoq katta gunohlarga qo‘yilgan qadamdir. Biz qayerda, qanday gunoh qilib qo‘yganimizni ko‘pchilik holatlarda hattoki, payqamay qolishimiz ham mumkin ekan. Alloh taolo qilgan amallarimiz bilan mag‘rurlanishdan hammamizni o‘zi asrasin.

  • MP3 VERSİYESİ

Muallif: Tohir ABDULG’ANI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *