QORAYGAN QALBLAR

 

Inson yashayotgan hayotini maʼno jihatidan chuqurroq anglab yetishi uchun nimalarga eʼtibor berishi kerak? Bizga berilgan umr bekor oʻtib ketmasligi uchun nimalar qilishi kerak bo‘ladi?

Bugun hamma havas qiladigan bir shaxs misolida suhbatlashamiz. Inson goʻzalligi ikki xil boʻladi. Biri ichki olami olami boʻlsa, ikkinchisi tashqi goʻzalligi – suratidir.

Alloh azza va jalla tashqi goʻzalligimizga emas, balki ichimizning, qalbimizning goʻzalligiga qaraydi.Rasululloh sallolohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki: “Alloh taolo tashqi ko‘rinishingizga qaramaydi, balki qalblaringizga va amallaringizga qaraydi”.

Insonning tashqi qiyofasi juda ham jozibador va chiroyli boʻlishi, ammo mana shu goʻzallik orqasida dunyoning eng razil, eng badfeʼl insoni yashiringan boʻlishi ham mumkin. Alloh taolo goʻzal chehra, goʻzal qosh-u koʻz bergan boʻlsa, albatta, bu buyuk neʼmat. Lekin eng asosiysi qalblarimizning goʻzalligiga eʼtibor qaratishimizdir.

Islomda amallar ikki turga boʻlinadi. Birinchisi qalb amallari, ikkinchisi esa badan amallaridir. Shunday amallar borki, biz bu amallarni ham jism, ham qalblarimiz bilan amalga oshiramiz. Masalan, namoz oʻqish, roʻza tutish, haj safariga borishda ushbu amallarni eng avvalo jismimiz bilan amalga oshiramiz. Namoz oʻqir ekanmiz, rukn, sajda qilish kabi amallarni bajarar ekanmiz, jismimizning ibodatda qanday turishi muhim ahamiyatga ega. Xuddi shunday roʻza tutishimizda, Haj safarini amalga oshirishimizda ham jismimiz vositasida amalga oshirishimiz lozim boʻlgan amallarni bajaramiz.

Ushbu amallarimizning mukammal va toʻkis boʻlishi uchun ibodatlarni qalbimizdan bajarmogʻimiz kerak boʻladi. Xususan, Alloh azza va jallaning oldida, Uning roziligi uchun qilayotgan ibodatlarimizni nafaqat jismimiz, balki ruhimiz, qalbimiz bilan amalga oshirishimiz lozimdir.Tasavvur qiling, bir inson sahardan kechgacha och yursa-yu, lekin roʻzaning niyatini qilmagan boʻlsa, uning bu ochligi roʻza yeriga oʻtadimi? Albatta, yoʻq! Niyat qilingani, niyatning muhimligi ahamiyatlidir.

Ayni paytda oʻqiyotgan namozimizda ham, amalga oshirayotgan haj ibodatimizda, hattoki berayotgan sadaqa va ehsonlarimizda ham niyat qilinishi muhimdir. Biz bu amallarni amalga oshirsag-u, lekin qalbimizni poklab, chin yurakdan yolgʻiz Allohning roziligi uchun niyat qilmas ekanmiz, amallarimiz nuqsonli bo‘lib qolaveraradi.

Islomda qalb bilan bogʻliq amallar qanchalik muhim boʻlsa, badan bilan bogʻliq amallar ham shunchalik muhimdir. Yoki aksincha, biror bir amalni jismimiz yordamida amalga oshirar ekanmiz, unga qalban yondashishimiz ham muhim.

Baʼzi insonlarda mana shu amallarning ikkisidan biri topilmay qoladi. Masalan, bir inson namoz oʻqiyapti, lekin hayoli, fikri Allohda emas, koʻchada, ishlarida, yoki boshqalarda boʻlsa, ibodati faqatginaamalning jism bilan bogʻliq qismi bilan chegaralanib qoladi.Yoki baʼzi bir insonlarning ruhlari, niyatlari, qalblari ibodat amallariga berilib ketib, tanalarining ushbu amallarni toʻliq bajarmayotganinikoʻrasiz. Yoki roʻza vaqtida yeb-ichib yurgan, yoki namozini oʻqimayotgan insonlarni koʻramiz. Sababini soʻraganimizda, “Mening qalbimda bor. Roʻza tutmasam ham, namoz oʻqimasam ham qalbimda bor, Allohga sigʻinaman”, deya javob beradi.

Toʻgʻri, insonlarning qalblarida iymon, ishonch, Allohga muhabbat boʻlishi mumkin. Agar rostdan ham mana shu muhabbat boʻlsa, ibodatga, yoki roʻza tutishga shoshilmasligi mumkinmi?U qanday muhabbatki, insonni harakatga keltirmasa?

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan Noʻmon ibn Bashir razyallohu anhu rivoyat qilgan hadisu sharifning oxirida (biroz uzun hadis) Paygʻambarimiz sallolohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Ogoh boʻlinglar, har bir jasadda bir parcha et bor. Agar mana shu et sogʻlom va solih boʻladigan boʻlsa, butun tana solih boʻladi, salomat boʻldi. Agarda mana shu bir parcha et fasodga uchragan boʻlsa, butun tana ayniydi. Ogoh boʻlinglar bu qalbdir”, dedilar.

Jismimizning sultoni — bu qalblarimizdir. Qalbimizning ahvoli qanday boʻlsa, jismimiz ham shunday boʻladi.Ushbu hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam insonning qalbi qanchalik muhim ekaniga ishora qilyaptilar.

Yuqorida keltirib oʻtganimiz, baʼzi bir insonlarning aytayotgan gap-soʻzlarining yolgʻon ekani oʻrtaga chiqib qoladi. Chindan ham qalbda boʻlganida edi, hadisi harifda keltirilgani kabi bu yaxshilik – jismda namoyon boʻlgan boʻlar edi. Qalbdagi narsa hech qachon sir boʻlib, qolib ketmaydi.

Oʻz navbatida bu qalbimiz juda ham koʻp kasalliklarga va nopokliklarga giriftor boʻlish tahlikasi, xatari borligi maʼlum. Qalbimiz hasadgoʻylik, adovat, gʻashlik, gʻiybat bilan bilan toʻlib-toshadigan boʻlsa, Alloh saqlasin, bu qalb eng yomon qalb sanaladi.Agar yuraklarimiz iymon, taqvo, yaxshilik, mehr-muhabbat, goʻzalliklar bilan yoʻgʻrilar ekan, bunday qalb eng goʻzal qalb, bu qalb sohibi esa eng goʻzal inson boʻladi.

Xuzayfa ibn Yamaniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xuddi mana shu holatni bayon qiladilar: “Fitnalar qalblarga birma-bir namoyish qilinadi. Namoyish qilinar ekan, bu qalblardan qaysi biri bu fitnani oʻziga qabul qiladigan boʻlsa, ana oʻsha qalbning ustiga bir qora nuqta tushadi. Qaysiki qalb bu fitnani koʻrib, Allohdan panoh soʻrab, oʻziga qochadigan boʻlsa, ushbu qalbga esa bir oq nuqta qoʻyilar ekan”.

Ushbu hadisi sharif namoyon boʻlgan zamonlarda insonlarning qalblariga ne chogʻlik fitnalar, yomonliklar kelib ogʻritgan, buni bilmaymiz. Ammo bugungi kunimizda qalbga ozor beradigan, qalbi qotiradigan turli fitnalarning urchigan holatiga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Fitnalarga dosh berib, yolgʻiz Allohga iltijo qilgan, Undan panoh soʻragan insonning qalbiga oqlik yogʻilaverib bamisoli bebaho gavharga aylanadi. Ikkinchi xil qalb egalari har turli yomonliklarni oʻzida mujassam qilaverganidan teskari toʻnkarilgan qozonga oʻxshab qoladi. Unga qanchalik xayrni, mehr-muhabbatni, ezgulikni baxshida qilsangiz ham befoyda. Toʻnkarilgan idishda suv turmaganidek, bunday qalblar ham yaxshilikka, muhabbatga yaroqsiz boʻlib qoladilar.

Inson qalbiga iymon kirishi bilan porlab turgan gavharga aylanadi. Qalbimizdagi bu iymon nurini toʻsmaydigan amallar qilishimiz kerak. Ushbu nurni toʻsib qoʻyadigan amallardan esa qochishimiz, saqlanishimiz kerak boʻladi.Xalq tilida fonus, yogʻchiroqlarni hammamiz bilamiz. Xullas, oʻsha chiroq yongani sari uning shishasi qorayadi. Agar vaqti-vaqti bilan artib, tozalab turilmasa, umuman yoritmay qoʻyishi mumkin.Qalblarimiz ham atrofda roʻy berayotgan turli fikrlar, qarashlar, munosabatlar, tuygʻular taʼsirida azoblanadi, ogʻrinadi, kirlanishi ham mumkin.Biz ham qalblarimizni xuddi chiroqning shishasini artib tozalaganimiz singari tozalab turishimiz kerak.

Qalblar esa halovatdan, ibodatdan, yaxshilikdan, saxovatdan poklanadi. Biz qanchalik saxovatli, ibodatda sobit, tillarimiz va shuurimiz salovatda doim boʻlsa, qalblarimiz ham shunchalik pokiza, goʻzal saqlanib qolaveradi. Dunyoning ishlari, tashvishlari, bu dunyoga tegishli boʻlgan, boʻlgan-boʻlmagan narsalar ozor bera olmaydi. Yuqorida aytib oʻtgan amallarni bajarganimiz sari qalblarimizni hech narsa ogʻrita olmaydi, kir qilib, qotira olmaydi.Agar shunday qilmasak, qalbimizda iymon nuri boʻlsa ham atrofga, oʻzimizga foyda bermaydigan, qoraygan chiroqdek boʻlib qoladi.

Qalbimizni qalb kasalliklaridan saqlashimiz, bu kasalliklariga olib keladigan vositalardan, holatlardan uzoq tutishimiz, himoya qilishimiz va hamisha ibodatlarimiz, yaxshiliklarimiz bilan yuvib tozalab turishimiz zarur.

Deylik egningizda oq rangli libosingiz bor. Ammo ushbu libosingiz qaysidir ehtiyotsizlik oqibatida kirlanib qoldi, kichik bir dogʻ tushdi. Siz mana shu libos bilan insonlarning oldida tugul, oʻzingiz yolgʻiz boʻlsangiz ham ko‘nglingiz behuzur bo‘ladi. Oppoq libosdagi dogʻ oʻzingizdan-oʻzingizni xijolatga qoʻyaveradi.

Toki libosingizni yuvib, tozalab, dazmollab boshqatdan kiymaguningizga qadar halovatingiz boʻlmaydi. Endi qalbimizga tushgan zarracha dogʻdan ham xuddi ana shu tarzda huzurimiz buziladimi? Bilib-bilmay gʻiybat qilib qoʻysak, kimningdir yaxshi natijalarini koʻra olmasak, hasadimiz kelib qolsa ham oʻzimizni, qalbimizni ana shu kiyimimizni yuvganimiz, tozalab kiyganimiz kabi munosabat qilamizmi? Yuraklarimizni tozalamasa-da, ulugʻ Rabbimizning yonlariga qanday chiqamiz? Ibodatlarimizda U zot bilan qanday yuzlasha olamiz?

Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, hayotimizning qanchalik mazmunli boʻlishi har birimizning qalbimizga bogʻliq ekan.Qalblarimiz qanchalik pokiza, qanchalik pok, qanchalik yaxshilikka toʻla boʻlsa, hayotimiz ham oʻz-oʻzidan ezguliklar bilan toʻlib boraverar ekan.

Alloh taolo hammamizni oʻzining hidoyatidan, toʻgʻri yoʻlidan adashtirmasin.Qalblarimizni mehribon Allohning oʻzi isloh qilsin.

  • MP3 VERSIYASI
Muallif: TOHIR ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *