PO`LAT O`TDA TOBLANADI

Inson bu hayotga imtihon qilinishi uchun kelganini bilsa, juda koʻp muammolarini hal qilgan boʻladi. Biz bu dunyoga imtihon qilinish uchun, sinalish uchun kelganmiz.

Poʻlat oʻtda toʻplanadi, deydilar. Masalan, sir bir qancha poʻlatni olib, undan qandaydir asbobni yasamoqchisiz. Buning uchun eng avvalo uni tuproqdan ajratib olish kerak boʻladi. Tuproqdan ajratish uchun esa, uni yaxshilab oʻtda qizdiradirish, eritish, eriganidan soʻng ham yana qizdirish kerak bo‘ladi. Unga maʼlum shakl berish uchun tinimsiz ravishda olovdan suvga, suvdan yana olovga solib yaxshilab tuyiladi, uriladi. Ana shundan soʻnggina pichoqmi, qilichmi, nima boʻlishidan qatʼiy nazar biror ishga yaraydigan mustahkam asbob oʻrtaga chiqadi.

Insonlar ham xuddi shunday aslida. Hayot sinovlarida toblangan sari unsuri toza boʻlgan insonlar oʻrtaga chiqadi. Hech birimiz onamizdan avliyo boʻlib tugʻilmaganmiz. Hayot davomida oʻta qimmatbaho boʻlgan hidoyat izlanib topilishi kerakligini oxir-oqibatda anglab yetamiz. Hidoyat ota-onamizdan meros olinadigan narsa emas. Balki otasi paygʻambar boʻlib turib ham hidoyatdan benasib qolganlar borligini yoki ota-onalari mutlaqo Allohni tanimaydigan, Ozarga oʻxshagan insonlar boʻla turib ularning farzandlari iymonda, islomda mustahkam boʻlishlari – bularning barchasi Allohning nasib etgan hidoyatidandir.

Hidoyatga erishish uchun ham inson mehnat qilishi lozim boʻladi. Buning uchun hayotimiz falsafasini, maʼnosini, mazmunini toʻgʻri anglab, yoʻllarimizni shunga koʻra chizib olmoqligimiz zarur boʻladi. Mening boʻlganim shu, deya yashab oʻtib ketaverish toʻgʻri boʻlmaydi. Biz oʻtgan suhbatlarimizda misol keltirgan baʼzi insonlarning hayot hikoyalarini misol keltirganimizda, ularning hayot hikoyalarida yillar oʻtib, yoshi ulgʻayib qolgan bir pallada hidoyatga kelganliklari haqida aytib oʻtdik.

Bugun ham bir ulugʻ inson Anas ibn Molik raziyallohu anhudan hadislar eshitgan va oʻzidan keyingi eng ulugʻlar, hattoki Said ibn Jubayr – tobeʼinlarning eng ulugʻi deb nom olgan zotlarga ustozlik qilgan zotning hayotlarini ibrat qilib aytib oʻtmoqchimiz. Bu inson Molik ibn Dinor.

Abu Yahyo kunyasi bilan mashhur boʻlgan, Basrada tugʻilgan va 125 hijriy yilda vafot qilgan tobeinlardan. Bu kishi oʻz tarjimayi holini shunday bayon qiladi: “Basradagi bozorda bir shurtiy (huquq tartibotni saqlaydigan shaxs) edim. Lekin Allohdan, dindan, diyonatdan uzoq edim. Amalimdan foydalanib, odamlarga koʻp zulm qilar hamda mol-dunyo toʻplashga urinar edim. Boʻlgan-boʻlmagan joyda tasarruf yuritar edim. Yoshim oʻttizdan oshib, qirqqa yaqinlashgan paytlar edi. Kunlarning birida har zamondagi kabi bozorga – ishimga bordim. Qarasam, hamma yoq sokin, bozorda tinchlik hukmron edi. Juda ham zerikib ketdim. Atrofni kuzatib bozor oralab yursam, ikki kishining talashib-tortishib turganini koʻrdim. Ularning biri baquvvat, ikkinchisi zaif va kuchsiz ekan. Kuchli boʻlgan odam ojiz odamning qoʻlidagi narsasini tortib olib zoʻravonlik qilar edi.Yaqinroq borib voqeani oʻrganmoqchi boʻldim. Ozgʻin odam baquvvat odamga qarab: “Xudodan qoʻrqmaysanmi? Men bu halvoni qizlarimga olgan edim. Ojizalarim uyda meni kutib o‘turibdi. Qaytib ber halvoni. Farzandlarimga nima deyman. Meni qoʻy, qizlarimning ogʻrinishidan, seni badduo qilishlaridan qoʻrqmaysanmi? Rasululloh sallolohu alayhi vasallam aytgan gaplarini bilmaysanmi? Nahotki, u zotning, kim qiz farzandlarini ogʻritmasdan, yaxshi tarbiyal qilib voyaga yetkazsa, Alloh unga doʻzaxni harom qilishi haqidagi hadislarini eshitmagan boʻlsang?” deya nola qilar edi. Zolim inson esa: “Sen oʻzing kimsanu, sening qizlaring kim boʻlar edi?” deya masxara qilar edi. Ushbu holatning guvohi boʻlganimdan ichimda nimalardir sodir boʻldi. Zolim kishiga nafratim kelib, orqasidan bordim va haligi zolimning yelkasidan tutdim. Unga tanbeh berib, mazlumning haqqini olib berdim. Zolimga bu qilmishi uchun jarima soldim hamda jarimadan tushgan pulni ham mazlum kishining qizlariga olib borishini aytdim. Qizlari mening haqqimga duo qilishlarini tayinladim. Ichimda esa insoniylik xislatlari joʻsh urib, qalbim yumshab, mening ham oila qurib, farzandli boʻlish istagi paydo boʻlgan edi. Oradan koʻp vaqt oʻtmasdan uylandim va Alloh menga qiz farzand ato etti. Qizimning ismini Fotima deb qoʻydim. Lekin men oʻsha-oʻsha hayotimni yashashda davom etar edim. Bu orada qizim Fotima ham kundan-kunga katta boʻlib borar edi. Qizim ulgʻaygani sari unga boʻlgan muhabbatim ham tobora koʻpayib borar edi. Qizim bir moʻjizaning oʻzi edi. Agar men aroq ichsam, u kelib, aroqni toʻkib tashlar, biror yomonlik qilganimda, “shu ishni qilmagin”, deganday qovogʻini solib olar edi. Qizim besh yoshida vafot etdi. Bu ayriliqdan soʻng men yanada razillik botqogʻiga botib borar edim. Ramazon kunlaring biri edi. Men nihoyat darajada mast boʻlib, holsizlanib uxlab qolibman. Tushimda qiyomat boʻlibdi. Mashxargoh emish, har kim birma-bir ismi bilan chaqirilib, qilgan qilmishlari, yashagan hayoti hisob qilinayotgan emish. Shunda: “Molik Ibn Dinor, tur oʻrningdan. Robbinga hisob berish uchun kelgin”, dedilar. Qoʻrquvda oʻrnimdan turaman, desam, oldimdan bir katta ajdahodek ilon chiqdi. Ilon menga hamla qilmoqchi boʻlganida qocha boshladim. Ilon esa orqamdan quvib kelar edi. Yo‘limdan olovli toʻsiqlar chiqar, men yana orqaga yugurishga majbur boʻlar edim. Oldimdan bir inson chiqdi. Men unga yordam berishini soʻrab murojaat qildim. U odam esa: “Men senga yordam bera olmayman, juda ham ojizman, bu yoqqa qarab qochgin”, deb menga boshqa bir yoʻlni koʻrsatar edi. Ilon esa hamon orqamdan quvib kelar edi. Men qochib yurib, bir tepalikka borib qoldim. U yerdan bolalarning ovozlari kelib turar edi. Ular: “Fotima, qara sening otang!” deyishayotgan edi. Demak, mening qizim shu yerda ekan, deya ichimda bir umid paydo boʻldi. Qizim keldi va meni qoʻlimdan tortdi. Qoʻli bilan ishora qilishi bilanoq boyagi ilon orqasiga qaytib ketdi. Men esa qizimni hayotligidagi kabi quchogʻimga oldim va boshini silay boshladim. Shu orada qizim: “Otajon, tavba qilish vaqti kelmadimi, Allohga qaytish vaqti kelmadimi?” deya Allohning kalomini o‘qidi: Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haq (Qur’on)ga moyil bo‘lish (vaqti) kelmadimi?!” (Hadid, 16).

Qizim menga nasihat qila ketdi: “Qarang, mana shu ajdarho siz amal qilgan yomonliklar, yomon ishlaringiz. Mana bu bechorahol kishi esa qilgan yaxshi amallaringizdir. Yaxshi amallaringiz shu qadar gʻarib, shu qadar ozki, sizga yordam beradigan holi yoʻq. Yovuzliklar esa koʻpligidan ajdarhoday boʻlib ketgan”, dedi.

Keyin men choʻchib uygʻonib ketdim. Koʻrgan tushim oddiy bir tush emasligi aniq edi. Bu paytda bomdod namoziga azon aytilayotgan edi. Men ham tezda yuvinib, masjidga bordim. Namoz boshlanib, Fotiha surasidan soʻng imom zam sura oʻqidi. “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haq (Qur’on)ga moyil bo‘lish (vaqti) kelmadimi?!” (Hadid, 16).

Xuddi tushimda koʻrganim, qizim oʻqigan sura edi bu. Shu kundan etiboran Molik ibn Dinor tavba yoʻliga oʻtdilar. Shu kundan etiborat hayot tarzini, dunyoqarashini, yashash holatini oʻzgartirdilar.

Ushbu hikoyadan chiqaradigan xulosamiz shuki, inson toki tirik ekan, hayotini oʻzgartirishi hech qachon kech emas. Haqni tanigan kunimizdan Allohga itoat qilishni boshlashimiz kerak.

Bir sahih hadisda “Amallarning eʼtibori yakuniga koʻra boʻladi”, deyiladi. Agar bir inson hayoti davomida yaxshi amallar qilsa-yu, umrining oxirida yoʻldan oza, adashib ketsa, bundan yomonrogʻi yoʻq boʻlsa kerak. Aksincha, boshqa bir inson umri davomida xato ishlar, gunohlar qilgan boʻlsa ham, hayotining so‘ngida insofga, iymonga kelsa, bundan ham goʻzalrogʻi yoʻqdir. Alloh barchalarimizning avvalimizni ham, oxirimizni ham iymonda sobit qilsin, toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin. Hidoyatga boshlanganalardan va boshlovchilardan qilsin. Molik ibn Dinor va boshqa oʻtgan salaflarimizni Alloh oʻzining rahmatiga olsin.

 

  • MP3 VERSİYESİ

Muallif: Tohir ABDULG’ANI

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *