https://www.youtube.com/watch?v=uel6TUETU10

OMAD SIRI | HAYOT FALSAFASI

Bismillaxir rohmanir rohim!

Alloh taolo Mulk surasida Alloh azza va jalla shunday bir zotki, oʻlimni va hayotni yaratdi. Toki sizlarni ibtilo, imtihon qilish uchun. Ibtilo va imtihon nima uchun? Sizlarning qay birlaringiz chiroyli va yaxshiroq amallar bajarasizlar deya.”

Aslida Robbimiz hammamizning holimizdan xabardor. Nimalarni qila olishimiz va nimalarni bajara olmasligimiz Allohga ayon. Bandalarining amallarini isboti bilan koʻrishni iroda qildi.

Demak inson bu hayotda imtihon, sinov qilinar ekan. Lekin biz mana shu hayotda sinov dunyosida yashayotganligimizni hamma vaqt ham hayolimizda tutamizmi?

Inson bir yerda tugʻiladi, oʻsadi va hayot kechiradi. Mana shu yashash jarayonida inson zaiflikdan kuchga, quvvatga toʻlib boradi. Maʼlum bir choʻqqiga erishgach yana orqaga, qarish jarayoniga, yaʼni, yana zaiflasha boradi. Bir soʻz bilan aytganda zaiflikdan-zaiflik sari harakat etadi. Mana shu jarayon umr, bizga berilgan imtihon sanaladi.

Biz kishi imtihon xonasiga kiritildi. Qoʻliga qogʻoz va qalam hamda maʼlum bir muddat berildi. Aytaylik ikki soat. U kishi mana shu ikki soat oʻzi uchun juda ham muhim bir vaqt ekanligini bila turib boshqa bir yumush bilan mashgʻul boʻla oladimi? Albatta yoʻq. Chunki vaqt qisqa, savollar koʻp. Mana shu savollarga bergan javoblarga koʻra natija boʻldi.

Aksarimiz umrimizning bir qismida oʻqiymiz, oʻrganamiz. Soʻng esa oʻzimizga maʼlum shart-sharoit, odatiy takrorlanib turuvchi bir ish jarayoni quramiz. Har kuni bajaradigan yumushimiz, ishdan uyga qaytish, oila aʼzolari bilan vaqt kechirish, dam olib hordiq chiqarish kabi. Bu hayot tarzimiz odatiy holatdan iborat boʻlib qoladi.

Ammo inson bunday odatlardan qutilishi kerak. Odatga aylanib qolgan harakatlardan chiqishi kerak. Biz odatlanib qolganimiz-rohatimizga rozi boʻlib yana davom etib ketadigan boʻlsa hech qanday oʻzgarish sodir boʻlmaydi. Agar biz odatlarimizdan tashqariga chiqa olsak, oʻsishimiz, yanada rivojlanishimiz mumkin.

Agar bir oʻquvchi faqatgina ustozi vazifa qilib bergan topshiriqlarni bajarsa u odatdagi amallarni bajaryapti. Agar u ustozi aytganlaridan tashqari, oʻzi ham mustaqil ravishda izlansa, oʻrgansa, demak bu holatda u yanada koʻproq va yanada mukammalroq bilimga, koʻnikmaga ega boʻldi.

Bir odam ishxonasida har kuni bajariladigan ishlardan tashqari birorta ham qoʻshimcha nimadir bajarmas ekan, robotga oʻxshab faqatgina boshligʻI buyurgan ishlarni, vazifa etib yuklangan ishlarni bajarar ekan u inson ham, u inson ish faoliyati olib borayotgan ishxona ham yuksalmaydi, rivojlanmaydi.

Inson bu dunyoda yashar ekan soʻzimiz avvalida keltirganimiz, Mulk surasida aytilgan Allohning soʻzlarini esdan chiqarmasligi zarur. Alloh sizni, bizni bu dunyoga imtihon uchun yubordi. Va bizlarni qay birimizning goʻzalroq amallarni bajarishimizni koʻrmoqlik istagida ekanligida ekanligini aytdi.

Demak biz eng avvalo oʻzimizni koʻrsatishimiz kerak. Eng avvalo Alloh azza va jallaga va atrofimizda bizni tanigan bilgan barcha-barcha insonlarga. Inson oʻzini koʻrsatishi kerak. Ichidagi qudratini, toqatini, sabrini, qanoatini yaxshiligini, saxovatini, mehr-muhabbatini.

Siz koʻringaningiz kabi siz emassiz. Aslida sizning ichingizda juda ham katta kuch, energiya mavjud. Siz ushbu kuchni, imkoniyatni qanchadan qancha yaxshiliklarga, oʻzingizda koʻrishni istagan yaxshi xususiyatlarga, hayotingizda boʻlishi kerak boʻlgan yaxshi shart va sharoitlarga sarflashingiz mumkin.

Aslida siz juda ham katta imkoniyatlarga, iqtidorga ega insonsiz. Faqat siz oʻz ichingizdagi mana shu imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga harakat qilishingiz kerak.

Siz hayotda kim boʻlishingizdan qatʼiy nazar, oʻquvchimisiz, oʻqituvchimisiz, ishchimisiz, uy bekasimisiz kim boʻlishingizning umuman ahamiyati yoʻq. Odatlanib qolgan, oʻrganib qolgan harakatlardan tashqarida ham qanchalik kuchingiz, energiyangiz, imkoniyatlaringiz bor.

Mening boʻlganim shu desangiz, bu toʻxtam aslida nafsingizga juda ham yoqib tushadi. Inson hamisha ham ortiqcha harakat, ortiqcha mehnat qilmaslikni, aksincha koʻproq dam olishni, koʻproq tanning rohatini oʻylaydi. Yoʻlingizdan bir daryo chiqsa agar, bu daryoga shoʻngʻib, u yoqqa oʻtishdan, sovuq suvga kirishdan koʻra yoʻlidan qaytib ketishni, yoki aylanib oʻtishni afzal koʻradi inson.

Hayotimizning barcha jabhalariga ham mos kela oladigan bir misol aytamiz. Tijoratchi tijorat qilish maqsadida bir qishloqqa boribdi. Va besh olti kun shu qishloqda qolishga majbur boʻlibdi. Har kuni qishloq markazidagi choyxonaga kelib tamaddi qilar ekan, choyxona hovlisining bir burchagiga bogʻlab qoʻyilgan itga eʼtibor qilibdi. Chunki bu it har yotganida gʻalati ovoz chiqarar ekan. Shunda odam, choyxonachini yoniga chaqirib itning nega bunday gʻalati ovoz chiqarishini soʻrabdi. Choyxonachi “Bu itning yotadigan inida kichik bir mixning ozroq chiqib turgan uchi bor. It har yotganida ozroq botadi. Mana shuning uchun it har yotganida ogʻriqda gʻingshinib ovoz chiqaradi. Ammo bu it boshqa joyga borib yotmaydi. Sababi iniga oʻrganib qolgan.” deya javob beribdi.

Nega joyini tark qilmaydi bu it? Tark qiladi! Qachonki, mix yanada yaxshiroq botsa. Har kuni oz-moz botib, salgina ogʻritib oxir oqibat it ham bunga koʻnikib qolgan.

Aslini oʻylab qarasak koʻpchiligimiz akvariumdagi baliq, yoki qafasdagi qush misoli atrofimizni oʻrab turgan qobiqlarimiz ichida yashaymiz.

Nega biz odatlarimizni tark etishga harakat qilmaymiz. Biz tark etilishi kerak boʻlgan odatlarimiz deganda – faqat yomon odatlarimizni, ishyoqmaslik, koʻnikuvchanlik, tanballik va shunga oʻxshash bizlarni rivojlanishdan qoldiradigan odatlarimizni nazarda tutmoqdaman.

Insonning koʻnikib qolgan va shu bilan birga rivojlanishdan toʻxtatib qoʻyayotgan odatlaridan qutilishi kerakligini isbotlovchi toʻrtta sabab keltiramiz.

Birinchisi – kemalar portda tursa albatta dengiz yoki okeanda suzib yurganidan xavfsizroq saqlanadi. Ammo kemalar faqatgina portda turishi uchun emas, aksincha dengizlarda, okeanlarda suzib maʼlum manziliga yetishi, maʼlum vazifani bajarishi uchun ixtiro qilingan va shuning uchun kerak boʻladi. Xuddi shunday insonlar ham. Yuqorida keltirganimiz oyatda aytilganidek bu hayot bizga bir imtihondir.

Ikkinchisi – odatlardan tashqariga chiqilganida albatta eng avvalo rohatingiz bir oz buzilishi, maʼlum bir harakatlar, toʻlovlar qilishingiz, badal berishingiz kerak boʻladi. Ammo bir umr odatdagidek yashab, oxiratda toʻlanadigan toʻlovdan, odatlarni tark qilib, harakatga kechib, biroz jonni koyitib toʻlaydigan toʻlov yaxshiroqdir. Afzalroqdir.

Uchinchisi – xalqimizda Jon kuydirmasang jonona qayda, toqqa chiqmasang doʻlana qayda degan maqol bor. Xuddi mana shu maqol mazmuniga monand, jononaga – haqiqatga, Allohga, Alloh azza va jallaning ikki dunyomiz uchun berib qoʻygan nasibalariga yetishimiz uchun harakat, izlanish, mehnat, ilm olish, yangi manzillar sari, yangi marralar sari qadam qoʻyishimiz kerak boʻladi.

Toʻrtinchisi shuki, odatiy hayotidan tashqariga chiqa olgan odam – bu dunyoda rivojlanish uchun yashaydi. Oxiratdagi martabasini yuksalishi uchun yashaydi. Odatidan chiqmagan odam esa bu dunyoda faqatgina qarimoqlik uchun yashar ekan. Oʻttiz yoki qirq yil mobaynida ayni harakat, ayni ish, odatga aylangan yumushlar, qolipga, standartga solingan turmush tarzi bilan umr kechirayotgan insonlar bir amallab oʻlishga, qabrga kirib olishga intilayotgan insonlardir. Buning ustiga uning bajarayotgan amallar nosharʼiy boʻladigan boʻlsa.

Bu hayotda kim boʻlishimizdan qatʼiy nazar, oddiy dehqonmi, choʻponmi, shifokormi, muhandismi buning farqi yoq. Amallarimiz faqatgina hayit namozini oʻqish, Qurʼonni faqat janozada yoki nikohda oʻqish kabi tor nuqtai nazar, tor amallar bajaradigan va bunga odatlanib qolgan boʻlsak, bunday insonlar u dunyosi uchun hech bir harakat, sarmoya qilmagan va oʻsha portdan qoʻzgʻalmay turib zanglab chirigan kemaga qiyoslanadi.

Alloh taoloni faqat maʼlum bir marosimlarda va yoki boshimizda tushgan kulfatda emas har nafasda eslash, unga duo qilish, unga tavakkal qilish, uning bergan nasibalaridan foydalanish, imtihonidan goʻzal oʻtish biz aytayotgan qobiqdan tashqariga chiqqan insonlarga xos harakatdir. Ayniqsa oxiratimiz uchun lozim boʻadigan amallarimizni oqsatmasligimiz zarur.

Maktabdan, ota-onamiz, yaqin birodarlarimizdan koʻrganimiz, eshitganimiz,oʻrganganlarimiz bilan chegaralanib qolmasligimiz zarur.Ilmning oxiri yoʻq. Ilmning, ezgulikning, oʻqib-oʻrganishning erta-kechi, qolipi, chegarasi yoʻq. har yoshda, hamma joyda oʻrganish mumkin.

“Menga shu ham boʻlaveradi.” “Boʻldi-da shuncha bilganim.” “Shu amallar ham menga yetadi” deb emas, amallarni, ilmni imkon qadar mukammal va chuqurroq oʻrganmoq, amal qilmoq kerak. Xullas, oʻzingiz oʻrganib qolgan, oson hayot, jonning qiynogʻisiz hayot tarzingizni oʻzgartirishingiz bilan bu dunyoda ham u dunyoning ham vaʼda qilingan saodatiga yetishishingiz mumkin. Harakatda – barakat bor. Siz ham boshqalar kabi Qurʼonni yod olishingiz mumkin. Siz ham boshqalar kabi koʻplab tillarda soʻzlasha olishingiz mumkin. Siz ham koʻrmagan joylaringizni koʻrishingiz, bilmagan narsalaringizni oʻrganishingiz mumkin. Va siz ham dunyoning eng boy, eng bilimli, eng ziyoli insonlaridan biriga aylanishingiz mumkin. Buning uchun sizga sizdan boshqa hech kim xalal bermaydi. Siz faqatgina oʻzingiz – oʻzingizga eng katta gʻoya va mana oʻsha odatlangan hayotdan chiqmasligingiz hamma imkonlaringizni chegaralab turgan boʻlishi mumkin.

Alloh hammamizga ikki dunyomiz saodatini nasib etsin. Oʻzi bergan mana shu imtihondan oʻzi muvofaqiyat bilan oʻtishimizga, goʻzal natijalarga sazovor boʻlishimizda madadkor boʻlsin.

Assalamu alaykum va Rohmatullohu va Borakatuh!

Muallif: Tohir Abdulgʻani Abdulloh

P.S  Bu dunyo yemiruvchi dunyo.Koʻz nurimizni, kuch-qudratimizni, qulogʻimizning eshitish qobiliyatini, tish-tirnogʻimizni hamma-hammasini borgan sari tugatib, yemirib boradi. Tuz, tasavvur qiling yemiruvchi modda. Tuzning ichiga eng qattiq material – poʻlatmi, temirmi solib qoʻysangiz agar vaqt oʻtishi bilan ushbu qattiq jismdan asar ham qolmaydi. Yemirilib, zanglab tamom boʻladi. Mutlaqo tuzga aylanib ketishi ham mumkin boʻladi.

Bu dunyoda insonlar ham oʻzini himoya qilmasa, bu dunyoga qorishib, shu dunyoning bir axlati, chiqindisidan hech ham farqi boʻlmaydigan holatga yetib keladi.

Muallif: TOHIR ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *