HAYOT DARSI | HAYOT FALSAFASI

Imom Termiziy Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Hikmat moʻmin kishining izlagan narsasidir. Qayerda topmasin, kimda topmasin albatta oladi”.

Abu Huraryra raziyallohu anhu shayton bilan yuzma-yuz kelganlarida shayton: “Agar meni qoʻyib yuborsang, bir narsa oʻrgataman”, deydi. Abu Hurayraning qoʻllaridan qutilish evaziga “Agar Oyatal kursini oʻqisang, senga jin, shayton yaqinlashmaydi”, deya maʼlum qiladi. Abu Hurayra raziyallohu anhu boʻlib oʻtgan voqeani aytib berganlarida Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Oʻzi yolgʻonchi boʻlsa ham senga haq gapni aytibdi”, dedilar.

Ushbu hayotiy hikoyadan kelib chiqqan holatda suhbatimizning asosini qaysidir bir oyat va yoki hadislar ustiga emas, balki hayotda koʻp yutuqlarga erishgan zamondoshimiz Elon Musk bilan tanishamiz. Elon Muskning hayotiy tajribalari bilan boʻlishar ekanmiz, eng muhim besh asosiy nuqtaga toʻxtalib oʻtamiz.

Birinchi nuqta: Toʻxtagan oʻladi! Toʻxtagan odam yoʻq boʻlib ketishga mahkumdir. Toʻxtagan odam rivojlanishdan toʻxtab qolishi bilan bir qatorda qoʻlga kiritgan yutuqlarini ham boy berib qoʻyishi mumkin.

Elon Musk oʻnlarcha shirkatlarni qurgan va eng soʻngi tashkil etgan shirkatini 1,5 milyard AQSh dollariga sotgan. U 31 yoshida juda koʻp sarmoya toʻplashga, juda koʻp ishlarni amalga oshirishga, oʻqib-oʻrganishga ulgurgan inson.

Agar sizda hozir katta miqdordagi pul boʻlganida nima qilgan boʻlar edingiz? Albatta, bizning orzu-havaslarimizning cheki, chegarasi yoʻq. Uy olardim, avtomobil sotib olar edim, dunyo boʻylab sayohatga chiqar edim… xullas, rohat-farogʻatda yashash uchun bel bogʻlagan boʻlar edik. Elon Musk esa bunday qilmadi. Hamisha qoʻlga kiritgan sarmoyasini kelajak uchun, yangi loyihalari uchun sarfladi. Sarmoyasi yetti avlodiga yetadigan darajada boy inson edi.

Koʻpchiligimiz nafaqaga chiqqanimizdan soʻng choʻkib qolamiz. Hamisha ishlab turgan inson hech nima qilmasdan bekorchi boʻlib qolsa tushkunlikka tushib qolishi tabiiy holdir. Bunday holatdagi inson oʻzini keraksiz hisoblaydi. Hech narsaga harakat qilmay qoʻyadi. Yuqorida aytganimiz kabi bunday insonlar yoʻq boʻlib ketishga mahkum boʻlib qoladilar. Hayotda qolish uchun esa doimiy harakat lozim. Harakat va mehnatning davomiyligi insonni ushbu hayotda yashab qolishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Elon Muskning kelajakka qilgan sarmoyasi va mehnatda davom etishi bizga dars vazifasini bajaradi. Demak, bu hayotda toʻxtash yoʻq. Doimo harakatda, oʻqish va izlanishda boʻlish kerak.

Elonning yutuqlarini misol keltir ekanmiz “U bir boyning bolasi boʻlsa kerak. Buning ustiga Amerikada istiqomat qilar ekan. Bu yutuqlarga erishishida ota-onasining ham moddiy koʻmagi katta boʻlgan boʻlsa kerak”, deya oʻylashingiz mumkin. Aslo unday emas. Elon Musk Afrikada tavallud topgan. Irqchilik, ochlik, suvsizlik, mashaqqatlar bilan qaynab yotgan muhitda hayotni tanidi. Ota-onasi Elonning bir nuqtaga tikilib turaverishi, gapirmasligidan xavotirga tushib, hatto farzandini gung-soqov boʻlsa kerak deb ham oʻylashgan edi.

Maktabda unchalik faol boʻlmagan, sinfdoshlari tomonidan kamsitilgan Elon uyda mustaqil kitob oʻqishni yaxshi koʻrar edi. Kunlik oʻn soatcha vaqtini kitob o‘qishga sarflar edi. 12 yoshida ilk bor kompyuter oʻyini dasturini loyihalashtiradi uni 500 dollarga sotadi. Uning birinchi muvaffaqiyati va ilk moddiy qozongani shu edi.

Ilk muvaffaqiyati uni keyingi marralar sari ilhomlantirdi. Avval Meksikaga, soʻngra Amerikaga bordi va oʻsha yerda tahsilini davom ettirdi. Oʻqidi, izlandi, mehnat qildi. 31 yoshiga kelganida esa dunyoning eng muvaffaqiyatli insonlari safiga qoʻshildi.

Elektr toki bilan harakat etadigan Tesla avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasini barpo etdi. Nasa bilan hamkorlikda ish olib boruvchi kosmik shirkatini tuzdi. Quyosh batareyalari ishlab chiqarishni boshladi. Bu borada oʻnlab shirkatlarga asos soldi.

Elon Muskdan oʻrganishimiz kerak boʻlgan ijobiy jihatlardan yana biri — televizor qarshisida soatlab oʻtirmaslik. Elon televizor tomosha qilishni kamaytirish kerakligini doimo tavsiya qiladi. Texnologiya rivojlangani sari vaqtimizni oʻgʻirlaydigan vositalar, bizni chalgʻitadigan turli xil ashyolar ham koʻpayib bormoqda. Avvallari urf boʻlgan kassetali magnitofonlar oʻrnini musiqa pleyerlari, kompyuter, noutbuk, qoʻl telefonlari egalladi. Kitob oʻqish oʻrniga esa internet kirib keldi.

Elonning onasi umuman televizor tomosha qilishga ruxsat bermas ekan. U  vaqtini oʻz ustida ishlash va oʻqishga ajratar ekan. Agar tartibda, tarbiyada sobit boʻlmas ekansiz, farzandlaringizning savollariga javob berishdan qochar ekansiz, bu vazifani televizor oʻz qoʻliga olishi mumkin.

Elon Muskdan olishimiz kerak boʻlgan navbatdagi oʻrnak — “Qayerda boʻlishingiz muhim emas, qayerda boʻlishni istashingiz muhimidir”. Ayni paytda qayerda istiqomat qilayotganingizdan qatʼiy nazar boʻlishni istagan manzilingiz hayotingizni belgilab beradi.

Elonning hayotidan oladigan darsimizning navbatdagisi — mehnatkashlik.

Qahramonimiz bugungi kunda dunyoning eng boy odamlaridan biri boʻlishiga qaramasdan haftasiga 70-100 soat ishlashini taʼkidlaydi. Bu kuniga 13-14 soatga to‘g‘i keladi. Endi bir oʻylab koʻring, biz agar qoʻlimizda shuncha sarmoya, shuncha imkoniyat boʻlganida kuniga necha soat ishlab necha soat dam olgan boʻlar edik? Bu savolning javobi ham oʻzimizga ayon.

Dangasalik barcha musibatlarning avvalida keladigan eng katta muammolarimizdan biridir. Yuqorida sanab oʻtganlarimiz — Elon Muskning hayotidan oʻrganishimiz kerak boʻlgan narsalar, tajribalar, albatta bu dunyo hayoti uchun tatbiq qilishimiz uchun kerak boʻlgan narsalardir.

Hikmat, tajriba har joyda bordir. U moʻmin kishida yoki boshqa din vakili boʻlsin, olinaveradi. Oʻrnat olishimiz kerak boʻlgan, dars chiqarishimiz mumkin boʻlgan insonlar, holatlar voqealar joy, zamon, inson, millat, din tanlamaydi.

Tasavvur qiling, Elon Musk kabi mehnatkash inson musulmon boʻlganida uning dindoshlarimizga tekkan foydasi bundan ham bisyor boʻlar edi. Bir insonning oʻz hayotini, boshqalarning yashash tarzini oʻzgartirib yuborishi, yordam berishi uchun harakat qilayotganini koʻrib turib, biz musulmonlar Alloh uchun, oxiratimiz uchun nima qilyapmiz? Nega oxiratimiz, oqibatimizdan bunchalar koʻnglimiz toʻq? Nega bunchalar yalqovmiz?” degan savollar tugʻilaveradi.

Aziz Sanjar ismli bir musulmon turk olimi 2015 yilda Nobel mukofotini qoʻlga kiritdi. Buning natijasida “islom” va “ilm” soʻzlari internetda qidirilgan  soʻzlar ichida rekord darajaga koʻtarildi.

Islomda ilm olishga, oʻrganishga boʻlgan eʼtibor, ilmga qilingan daʼvat hamisha yuqori boʻlgan. Yaqin tarixga nazar soladigan boʻlsak, oʻrta asrlarda butun Yevropa va yoki gʻarb mamlakatlari jaholatga botib yotgan bir paytda musulmonlar orasida ilm-maʼrifatda minglab tengsiz zakovat sohiblari yetishib chiqqan. Bu Islomning insonlar hayotiga koʻrsatgan eng goʻzal taʼsirlaridan biri edi, albatta.

Ota-onalarning farzandlarga koʻrsatadigan eʼtibori qanchalik koʻpaygani sari ilmli, muvaffaqiyatli avlodlar ham shunchalik koʻpayaveradi, inshaAlloh!

Muallif: TOHIR ABDULG’ANI ABDULLOH

IZOH QOLDIRING

Your email address will not be published. Required fields are marked *